Jinoyat ishlari bo‘yicha Yuqori Chirchiq tuman sudi 23-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroga nisbatan hukm chiqardi, deya xabar berdi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Sud ushbu erkakni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish, ya’ni … shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi) bo‘yicha aybdor deb topib, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Mahkumning ismi va familiyasi ko‘rsatilmagan, faqat uning bosh harflari — I. X., shuningdek, 1985-yilda tug‘ilgan, payvandchi bo‘lib ishlagani aytilgan.

“Ozodlik” radiosi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, gap Ildar Xayrulin haqida ketmoqda. Nashrning tergov hujjatlariga tayanib ma’lum qilishicha, Xayrulin 2014−2015-yillarda Ukrainada o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR tomonida jang qilgan.

Dalil sifatida tergov, xususan, Xayrulinning Ukrainaning “Mirotvorets” saytidagi profilini keltirdi.

Bundan tashqari, tergovchilar Xayrulinning telefonida uning aybini tasdiqlovchi skrinshotlar topilganini da’vo qilmoqda.

Mahkumning yaqinlari nashr bilan suhbatda bu ish bo‘yicha tergov va sud jarayonini “asossiz” deb atab, hukm ustidan shikoyat qilish niyatida ekanliklarini aytishgan. Ular Xayrulinning Ukrainadagi urushda qatnashmaganini, u yerga bormagani va ayblov e’lon qilingan paytda Rossiyada bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Mahkumning katta akasi Lenur Davletshinning aytishicha, Xayrulin “Mirotvorets” saytiga joylashtirilgan suratni Tatariston hududida olgan va suratdagi qurol o‘qotar emas, balki pnevmatik quroldir.

“Bu suratning „Mirotvorets“ saytiga qanday tushib qolganini bilmayman. Tergovda ushbu fotosurat, bir nechta SMS xabarlar va yana ikkita guvohning ko‘rsatmalari bor. Ildar bu guvohlar bilan gaplashmaganini aytdi. Guvohlardan biri mast holda akam bilan gaplashganini tan oldi. Ikkinchisi esa uning ko‘rsatmasidan butunlay voz kechdi”, — deya uning so‘zlarini keltiradi “Ozodlik”.

Oliy sud xabariga ko‘ra, mahkum birinchi instansiya sudi qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bergan.

Mirotvorets” sayti, ma’murlarining fikriga ko‘ra, Ukraina xavfsizligiga tahdid soladigan odamlar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi. Rossiya istilosi boshlangandan so‘ng, saytda rus harbiylari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqidagi ma’lumotlar ham paydo bo‘ldi.

Loyiha, shu jumladan BMT tomonidan, sayt ma’lumotlar bazasiga kiritilgan odamlarning shaxsiy ma’lumotlarini jamoatchilikka e’lon qilgani uchun tanqid qilingan. 2019-yil dekabr oyida “Mirotvorets” o‘z bazasiga erkin kirishni yopishga va’da berdi. Ukraina rasmiylari, jumladan, prezident Vladimir Zelenskiy saytni yopishga majburlash vakolatiga ega emasligi, chunki u qonunni buzmaganin bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi vatandoshlarni qurolli kuchlar safiga qo‘shilmaslik va jangovar harakatlarda qatnashmaslikka chaqirgan hamda buning uchun jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirgan edi.