Rossiyaning Ozon marketpleysi O‘zbekistonda sotuvlarni boshladi, buyurtmalarni mamlakatning istalgan hududidan berish mumkin, deya xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

Birinchi bosqichda O‘zbekistondagi xaridorlar buyurtmalarni hamkor yetkazib berish punktlari orqali, shuningdek, “O‘zbekiston pochtasi”ning 1660 ta bo‘linmasida qabul qilishi mumkin, deyiladi xabarda. O‘rtacha yetkazib berish muddati 12 kunni tashkil etadi.

2024-yilda Ozon mamlakatda o‘zining logistika infratuzilmasini, jumladan, ombor majmualari va yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya, shuningdek, buyurtmalarni qabul qilish va topshirish uchun brendlangan punktlarning franshiza tarmog‘ini faol rivojlantirishni rejalashtirmoqda. “Ushbu investitsiyalar buyurtmalarni yetkazib berish muddatini sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston — Markaziy Osiyodagi eng yirik iqtisodiyotlardan biri va elektron tijoratni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega davlat. Biz allaqachon respublika aholisiga 100 mln dan ortiq turdagi mahsulotlarni taklif qilyapmiz va ularga qulay onlayn xaridlar uchun yangi imkoniyatlar taqdim etish maqsadida infratuzilmani rivojlantirishni davom ettiramiz. Bizning O‘zbekistondagi asosiy ustuvor vazifamiz tovarlarni mijozlargacha yetkazib berish muddatini qisqartirish va eng yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatilishi ta’minlash bo‘ladi”, — deya izoh berdi Ozon kompaniyasining MDHdagi operatsiyalar va rivojlanish bo‘yicha direktori Aleksey Sapon.

Ozon mutaxassislari, shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida mahalliy tadbirkorlar uchun o‘qitish tadbirlarini ham o‘tkazadi. Kompaniya elektron tijoratni tartibga solish, shuningdek, O‘zbekistonda transchegaraviy savdo mexanizmlarini takomillashtirish ishlarida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Ozon MDHdagi biznesini 2021-yildan beri rivojlantirmoqda, kompaniya Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda o‘zining logistika infratuzilmasiga ega. Marketpleysda kitoblar va kiyim-kechaklardan tortib oziq-ovqat yoki sog‘liqni saqlash mahsulotlarigacha bo‘lgan 20 dan ortiq mahsulot toifalari mavjud.