O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston hududi orqali “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri bo‘yicha gaz yetkazib berish yo‘lga qo‘yilganiga munosabat bildirdi.

“Albatta, bu tarixiy sana… Chunki shu vaqtgacha biz hozir turgan joyimizdan Rossiyaga gaz yetkazib berilgan. Bunday qisqa vaqt ichida birinchi marta gaz o‘lchash qurilmasi [Qoraqalpog‘istondagi „Beynov“ stansiyasi] qurilib, noldan foydalanishga topshirildi. Bugundan (7-oktabr — tahr.) Rossiyadan gaz qabul qilishni boshladik”, — dedi u (“O‘zbekiston 24” telekanali iqtibosi).

7-oktabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni boshladi. Shavkat Mirziyoyev mazkur gaz transport yo‘lagining ishga tushirilishi strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. “Birinchidan, bu mamlakatimiz va butun mintaqamizning energetik xavfsizligi, „moviy yoqilg‘i“ bilan ishonchli va kafolatli ta’minlanishida muhim omil bo‘lmoqda. Ikkinchidan, bu iqtisodiyot tarmoqlari va aholini uglerod bilan uzluksiz ta’minlash uchun qo‘shimcha gaz hajmidir”, — dedi u.

Uzoq muddatli hamkorlik doirasida Rossiyadan tabiiy gaz yetkazib berish O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi, aholi va energiya resurslariga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda kuz-qish mavsumida gaz defitsitining bir qismini ta’minlab beradi, deya qayd etdi energetika vaziri.

“Prezidentimizning [Rossiyaga] rasmiy tashrifi doirasida biz va „Gazprom“ gaz yetkazib berish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha muzokaralarni boshladik”, — dedi Energetika vazirligi rahbari.

Iyun oyida O‘zbekiston hukumati va “Gazprom” o‘rtasida Rossiya gazini mamlakatga yetkazib berish bo‘yicha kelishuv, shuningdek, yoqilg‘i qabul qilish va tashish uchun gaz tashish tizimini tayyorlash bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangandi. Keyinroq O‘zbekiston Energetika vazirligi kelishuv ikki yilga tuzilgani, yetkazib berish hajmi kuniga 9 million kub metrni, yillik hajmi deyarli 2,8 milliard kub metrni tashkil etishini ma’lum qilgan.

Jo‘rabek Mirzamahmudov sentabr oyida “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida Rossiya va Turkmanistondan yetkazib beriladigan gazning butun hajmi ichki bozorga jo‘natilishini ta’kidlagandi. Avvalroq “TASS” Rossiya energetikani rivojlantirish markazi hisobotiga tayanib, “Gazprom” Xitoyga Markaziy Osiyo orqali gaz yetkazib berish hajmini yiliga 20 milliard kub metrgacha oshirishi imumkinligini xabar qilgandi.