AQSh hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya bilan urushda 70 ming Ukraina askari halok bo‘lgan, yana 120 ming nafari yaralangan. Bu haqda “Meduza” Britaniyaning The Economist nashriga tayanib xabar bermoqda.

AQSh rasmiylari Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya bilan urushda yo‘qotishlarini taxminan 190 ming askarga baholamoqda. Nashr bu ma’lumotlar manbasiga aniqlik kiritmagan. Ukraina Qurolli kuchlarining yo‘qotishlari xususida ushbu mamlakat mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan maqolada so‘z borgan.

Ukrainada 4,8 millionga yaqin odam Rossiya hujumi boshlanishidan ko‘p o‘tmay ishsiz qolgan. 2023-yil oktabr oyida mamlakatdagi ishsizlik darajasi 2022-yil bahoridagi 30 foizdan 18,4 foizgacha tushdi, biroq urushdan oldingi darajadan sezilarli yuqoriligicha qolmoqda, deb yozadi The Economist.

“Bir tadqiqotga ko‘ra, ukrainalik ishchilarning 17 foizi urush boshlanganidan so‘ng o‘z kasbini o‘zgartirgan. Yuz minglab odamlar armiyaga chaqirilgan”, — deyiladi maqolada. Shuningdek, ishlab chiqarish, qurilish va tog‘-kon sanoatida ko‘proq xotin-qizlarning mehnatga kirib kelayotgani qayd etilgan.

Avgust oyida Amerikaning The New York Times gazetasi bir yarim yil davomida Rossiya va Ukraina qo‘shinlarining umumiy yo‘qotishlari 500 ming kishiga yaqinlashganini xabar qilgandi. O‘shanda Rossiya urushda 300 mingga yaqin askar yo‘qotgani, jumladan, ulardan 120 ming nafari halok bo‘lgani va 180 ming nafari yaralangani aytilgan. Ukraina armiyasida esa halok bo‘lganlar 70 ming kishini, yaradorlar 120 ming harbiyni tashkil etgani ko‘rsatilgan.

Ammo Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Aleksey Danilov bu baholash haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, raqamlar bo‘rttirib ko‘rsatilganini bildirgan. “Yo‘qotishlar haqida gap ketganda, bu haqiqat emas. Bizning bunday [ko‘p sonli] armiyamiz yo‘q”, — degan Danilov.

Iyul oyida “Meduza” va “Mediazona” Ukrainadagi urushning bir yarim yil davomida Rossiya armiyasining yo‘qotishlari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotini e’lon qilgandi. Statistik ma’lumotlarga asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022-yil 24-fevraldan 2023-yil may oyining oxirigacha Ukrainada 47 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgan.