24-oktabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori, AQSh Milliy xavfsizlik kengashi a’zosi Samanta Pauer Yaqin Sharqdagi mojaro, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqidagi savollarga javob berdi.

“Gazeta.uz” muxbirining Yaqin Sharqda yangi keskinlashuv fonida qanday qilib tinchlikka erishish mumkinligi haqidagi savoliga javob berar ekan, u shunday dedi:

“Biz HAMAS tomonidan sodir etilgan dahshatli qotilliklarni keskin qoralaymiz. Prezident Bayden bu mintaqaga qilgan tashrifida ta’kidlaganidek, Qo‘shma Shtatlar Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, prezident Bayden xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilish va tinch aholini himoya qilishni ta’minlashning muhimligini ta’kidladi”.

Samanta Pauer hukumatning rivojlanish agentligi — USAID rahbari sifatida asosiy e’tiborini insonparvarlik yordamini ko‘rsatishga qaratayotganini qayd etdi. USAID BMT, Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi, Misr Qizil yarim oy jamiyati va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda G‘azoga gumanitar yordam yetkazmoqda.

“Bunga erishish prezident Baydenning bosh vazir Netanyaxu va Misr prezidenti Sisi bilan ishtirok etgan juda uzoq muzokaralarni talab qildi. Bu yuk mashinalari hozirda harakatlanmoqda va harakatini davom ettirishi kerak. Va, umid qilamizki, G‘azoga jo‘natilgan yuk miqdori ortadi. Bundan tashqari, og‘ir jarohat olgan va tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganlarga bular yetib borishi juda muhimdir”, — dedi u.

USAID administratori, shuningdek, AQShning konflikt bo‘layotgan mintaqada tinchlik o‘rnatishga sodiqligini eslatdi.

“Falastin va Isroil xalqlari o‘rtasida mustahkam tinchlik o‘rnatish masalasi uzoq vaqtdan beri davom etmoqda. Albatta, bugungi kunda tinchlik masalasi so‘nggi kunlardagi voqealar — HAMASning shafqatsiz terroristik hujumi, G‘azodagi urush va gumanitar ehtiyojlar nuqtai nazaridan uzoqroq ko‘rinadi. Ammo mintaqadagi barcha xalqlarning xavfsizligi va qadr-qimmatini himoya qilish juda muhimdir. Prezident Bayden ham, davlat kotibi Blinken ham tomonlarning tinchlikka erishishga va uzoq vaqtdan beri erishilmayotgan „Ikki xalq uchun ikki davlat“ rejasini amalga oshirish ustida ishlashidan manfaatdor”, — dedi USAID rahbari.

Qalampir.uz nashri jurnalisti G‘arb davlatlari Rossiya bilan munosabatlari tufayli Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan sanksiyalar joriy etgani kabi AQSh O‘zbekistondan Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroda tomonlardan birini tanlashni talab qilish-qilmasligini so‘radi. Savolga javob berarkan, Samanta Pauer AQShning har ikkala mojaro bo‘yicha pozitsiyasini eslatib o‘tdi.

uкраина, россия, фаластин, исроил, саманта паuэр, ақш, ғазо сектори

“AQShning Yaqin Sharqdagi pozitsiyasi shundan iboratki, Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega, chunki bunday masshtabdagi va vayronagarchilikka olib kelgan hujumga uchragan har qanday davlat buni amalga oshirish huquqiga ega emas, balki bunga majburdir. Ammo prezident [Bayden] aytganidek, bu kurash qanday olib borilishi katta ahamiyatga ega va Falastin xalqi, oddiy aholi HAMASning shafqatsizligi uchun tovon to‘lamasligi kerak. Axir Falastin xalqi, shu jumladan, G‘azo aholisi, ularning aksariyati tirik qalqon yoki HAMAS terrorchilari tufayli xavf ostida, ko‘p hollarda o‘zlari HAMASning shafqatsizligi qurboniga aylanmoqda”, — dedi Samanta Pauer.

U, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralashga chaqirish xalqaro huquq tomonidan belgilanishini ta’kidladi.

“BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi qo‘shni davlatga bostirib kirib, Ukraina shaharlarini vayron qilmoqda, minglab ukrainalik bolalarni o‘g‘irlab, ularni ota-onasidan ayirib, Rossiyaga olib ketmoqda. Shuningdek, rus bosqinchilari qo‘lidagi odamlar muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonlik va qiynoqqa solinmoqda. Yuqorida aytib o‘tganlarimdan kelib chiqsak, AQSh davlatlarni bunday shafqatsizlik va xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishini qoralashi va mamlakatlarni Rossiya Federatsiyasi tomonida bo‘lmaslikka chaqirishi, ommaviy tarzda yoki yopiq eshiklar ortida bunday harakatlardan chuqur tashvish va xavotir bildirishga undashiga hayron bo‘lmaslik kerak, deb o‘ylayman”, — dedi u.

Shu bilan birga, USAID rahbari barcha mustaqil davlatlar bu borada o‘z qarorlarini qabul qilish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

“Har bir suveren davlat o‘z geografiyasi, tarixi, qadriyatlari va o‘z manfaatlarini qanday muvozanatda ushlashi bo‘yicha o‘zi qaror qabul qiladi. Biz hammamiz boshqa davlatlar bizga hujum qila olmasligidan manfaatdormiz. Albatta, har bir suveren mamlakat va har bir suveren xalq ushbu tamoyillar to‘plamini qanday muvozanatda ushlashi bo‘yicha o‘zi qaror qabul qilishi kerak. Ammo AQSh hech qachon og‘ishmaydi, savolda aytilgani kabi „talab qilmaydi“, balki suverenitet, hududiy yaxlitlik va xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga rioya qilishni yoqlaydi. Biz Yaqin Sharqda shunday qilyapmiz va bu tamoyillarni buzayotgan Rossiyaga nisbatan shuni talab qilmoqdamiz”, — dedi u.

Avvalroq “Gazeta.uz” Samanta Pauer Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini “yangi umidlar va imkoniyatlar dunyosi” deb atagani haqida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u AQSh prezidentining “ushbu muhim mintaqa mamlakatlari va xalqlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish” iltimosi bilan kelgan. USAID rahbari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlariga savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va dezinformatsiyaga qarshi kurashish uchun 14,3 million dollar ajratilishini ma’lum qilgan.