Rossiyaning Irkutsk viloyatiga jo‘natilgan atirgul partiyasida karantin ostidagi hasharot aniqlandi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati.

Irkutskka Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yetishtirilgan 3150 dona atirgul jo‘natilgan. Dastlabki fitosanitar nazorat davomida o‘simlik tamaki oqqanoti hasharoti bilan zararlanganligi aniqlangan.

Agentlik bu haqda tadbirkorlik subyektini ogohlantirgan, tamaki oqqanoti zararli karantin osti hasharoti hisoblanishi, qarshi kurash choralari haqida ko‘rsatma va tavsiyalar berilgan. Shu sababdi unga fitosanitar ruxsatnoma berilishi rad etilgan.

“Ogohlantirishga qaramay tadbirkorning kafolat xati asosida gullar partiyasi eksport uchun yuklatilgan. Tabiiyki, zararlangan o‘simlikni mamlakat hududiga olib kirishga „Rosselxoznadxor“ tomonidan ruxsat etilmagan. Atirgullar tadbirkorning roziligi bilan yoqish yo‘li orqali yo‘q qilingan”, — deyiladi xabarda.

Agentlikning qayd etishicha, gullardagi hasharotlarni fumigatsiya, ya’ni zararsizlantirish orqali yo‘q qilib bo‘lmaydi. Sababi bunday holatda mahsulot tovar sifatida jozibadorligini yo‘qotadi.

Ushbu partiya bilan bir kunda boshqa tadbirkorlik subyekti tomonidan 9000 dan ortiq gul ekspertiza xulosasi asosida fitosanitar ruxsatnoma rasmiylashtirilib, eksport uchun yuklatilgan. Bu partiyadagi o‘simlik mahsulotiga e’tiroz bildirilmagan.

Ma’lumot uchun, tamaki oqqanoti Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyo, Avstraliya va Okeaniya davlatlarida uchraydi. Hasharotlar o‘simlik tanasidagi suyuqlikni so‘rib, uning kasallanishiga olib keladi.