Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Ukrainadagi urushda qatnashishdan bosh tortgan migrantlarni Rossiya fuqaroligidan mahrum qilishni taklif etdi. Bu haqda u 19-oktabr kuni Rossiya harbiy yetakchilari klubining harbiy-ilmiy konferensiyasida ma’lum qildi. Tadbir migrantlar o‘rtasidagi jinoyatchilikka bag‘ishlandi.

“Maxsus harbiy operatsiya davom etayotgan bir paytda (Rossiya hukumati Ukrainaga bostirib kirishni shunday ataydi — tahr.), menimcha, ularni [migrantlarni] maxsus harbiy operatsiyaga jalb qilish kerak. Agar sen Rossiya Federatsiyasi fuqarosi sifatida harbiy burchingni bajarishga tayyor bo‘lmasang, bunday shaxsni fuqarolikdan mahrum qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishingiz kerak”, — dedi Bastrikin.

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari birinchi marta Ukrainadagi urushga Rossiya pasportiga ega xorijliklarni jalb qilishga chaqirayotgani yo‘q. Joriy yilning yanvar oyida “Rossiyskaya gazeta”ga bergan intervyusida Bastrikin 2022-yilning birinchi yarmida Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning 60 mingdan ortiq voyaga yetgan fuqarolari Rossiya fuqaroligini qabul qilganini va shu bilan birga “mamlakatni himoya qilish konstitutsiyaviy burchi” ekanligini ta’kidlagan edi. “Shu munosabat bilan maxsus harbiy operatsiya vazifalarini amalga oshirishda qatnashish uchun fuqarolikka qabul qilingan fuqarolarni birinchi navbatda yuborish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir”, degan edi u.

Rossiyaning qator OAVlari 20-oktabr kuni Rossiya xavfsizlik kuchlari Moskva viloyatidagi masjidga kelganlarni qo‘lga olib, majburan Moskva viloyatidagi voyenkomatga olib ketilgani haqida xabar berdi. Voyenkomatda ularning hujjatlari olib qo‘yilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishga, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnomalar tuzishga majburlangan. “Portfel Genshtaba” Telegram kanaliga ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar “Rossiya pasportini olishga ulgurgan” migrantlardir.

2022-yil sentabr oyida Rossiyada Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan chet elliklar olti oylik jangovar harakatlarda qatnashgandan so‘ng tezlashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olishlari mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar qabul qilindi. 2023-yil may oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin fuqarolikka soddalashtirilgan qabul qilish shartlarini o‘zgartirdi. Unga ko‘ra, “maxsus operatsiya” davrida bir yil muddatga harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma tuzgan chet elliklar fuqarolikka da’vogarlik qilishlari mumkin bo‘ladi.

Avgust oyida “Mediazona” Rossiyaning bir qancha hududlarida yaqinda Rossiya fuqaroligini olgan xorijliklarga qarshi “reydlar” o‘tkazilganini ma’lum qildi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari voyenkomlar bilan birgalikda bozorlar va sabzavot omborlariga borib, chaqiruv qog‘ozlari tarqatgan, ayrim erkaklar voyenkomatlarga olib ketilib, harbiy ro‘yxatga olingan. Huquq himoyachisi Tatyana Kotlyarning xabar berishicha, Kaluga viloyatida migrantlar Ukrainadagi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolamaguncha Rossiya fuqaroligini olish uchun hujjatlar rad etilgan.

Avvalroq Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiyada 2024-yilgi prezidentlik saylovlari arafasida hukumat xorijliklarni yollash orqali mamlakat ichida mobilizatsiyadan qochishga urinayotgani yozgan edi. Vazirlik xulosasida aytilishicha, kamida joriy yilning may oyidan beri Rossiya tezkor fuqarolik va yuqori maoshlarni va’da qilib, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrantlarni faol ravishda llamoqda. “RFda kamida olti million markaziy osiyolik migrantlar istiqomat qiladi, ehtimol Kreml ularni potensial yollanganlar deb biladi”, — deyiladi hisobotda.