Shavkat Mirziyoyev eksportyorlar uchun eng maqbul yo‘nalishlarni ishlab chiqish va ularning transport xarajatlarini kamaytirish, eksport yuklarini Yevropaga olib o‘tish uchun qo‘shimcha ruxsatnomalar olish masalalarini hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
O‘zbekiston hukumati 15 iyuldan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan benzin va dizel yoqilg‘isini eksport qilishga vaqtinchalik cheklov o‘rnatdi.
O‘zbekiston yil boshidan beri Xitoyga $1 mlrddan ortiq qiymatdagi tovarlarni eksport qildi, keyingi o‘rinlarni Rossiya ($939,4 mln) va Turkiya ($741,4 mln) egalladi. Import ko‘rsatkichida ham Xitoy ($2,7 mlrd) va Rossiya ($2,3 mlrd) mamlakatning eng samarali hamkorlari qatorida qoldi.
Shavkat Mirziyoyev quritilgan meva eksporti uchun 27 xil tahlilning birortasi O‘zbekistonda yo‘qligini, tadbirkor esa ushbu muammodan mahsulotini Yevropaga olib borgach xabar topayotganini tanqid qildi. Mas’ullarga Yevropaga eksport qiluvchi tadbirkorlar sonini 579 tadan 2 mingtaga yetkazish vazifasi yuklatildi.
Ukrainadagi urush Rossiyaga kuchli bog‘langan iqtisodiyotlar uchun tashqi savdo xatarlarini keltirib chiqardi. Shunga qaramay, mart-aprel holatiga O‘zbekiston tashqi savdosi sog‘lom ko‘rsatkichlarda o‘sdi. «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, bu tendensiya kelgusi oylarda o‘zgarishi mumkin.
1 iyundan boshlab paxta, kungaboqar yog‘i va urug‘i hamda boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari va mevalarini eksport qilish vaqtincha taqiqlandi. Ushbu mahsulotlar ichki bozorda yetarli bo‘lgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi eksportni qayta tiklashi mumkin. Qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi ham vaqtincha to‘xtatildi.
Rossiya YeOIIga a’zo bo‘lmagan mamlakatlarga kungaboqar yog‘ini eksport qilish kvotalarini deyarli uchdan bir qismiga oshirishi mumkin. Mart oyida RF kungaboqar yog‘ining maksimal eksport hajmini 1,5 mln tonna, shrotni esa 700 ming tonna etib belgilagandi. O‘zbekistonda aprel oyida o‘simlik yog‘ining birjadagi narxi yil boshidan beri 28 foizga ko‘tarilgandi.
Prezident farmoni bilan 1 apreldan mahalliy korxonalarga Yevropa Ittifoqiga yuqori qo‘shilgan qiymat mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining 70 foizi, qo‘shni davlatlarga tashishda esa xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Qolaversa, bojxona omborida 6 oy turgan tovarlarga imtiyoz qo‘llashni taqiqlovchi tartib ham bekor bo‘ldi.
Jahonda sodir bo‘layotgan voqealar fonida ba’zi eksportchilar boshqa logistika koridorlaridan foydalanishga majbur bo‘lganligi sababli ularning transport-logistika xarajatlari oshdi, dedi ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov. Shundan kelib chiqib, Eksportni rag‘batlantirish agentligi transport xarajatlari uchun kompensatsiya miqdorini oshiradi, qolaversa, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan ham yuk tashish xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Qozog‘iston bilan shakar va bug‘doyni temir yo‘l orqali tashishni 30 foizgacha arzonlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
2022 yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 8,7 mlrd dollardan oshdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,01 mlrd dollar yoki deyarli 85 foizga ko‘proq. Eksport hajmi 4,1 mlrdga yetgan, bunda oltin eksportining ulushi 57,7 foizni tashkil etgan. Import hajmi esa 4,6 mlrd dollarni tashkil qilgan, avtomobillar importi 7,1 barobarga ko‘paygan.
1-martdan boshlab O‘zbekistondagi barcha yuridik shaxslarga sement, sement klinkeri va qurilish oynasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida cheklovlarsiz (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat berildi. Shuningdek, kompaniyalarga qurilish materiallarini eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizigacha kompensatsiya to‘lanadi.
2021 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 2020 yilga nisbatan 16%ga o‘sib, $42,1 mlrdni tashkil etdi. Eksport hajmi 10%ga oshib, $16,6 mlrdga yetgan bo‘lsa, import 20,4%ga o‘sib, $25,46 mlrdni tashkil etdi. Sanoat tovarlari eksporti oltin eksportidan o‘zib ketdi.
2021 yilda O‘zbekistonda 10 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 12 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi. 2022 yilda eksport hajmini 14 mlrd dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.
O‘zbekiston Markaziy banki noyabr oyida dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda ko‘proq — 21,5 tonna oltin sotdi.
O‘zbekiston COVID-19 pandemiyasi boshidan beri to‘xtatilgan Rossiyaga tabiiy gaz eksportini qayta tiklashni reja qilmayapti. Hozircha gaz Xitoyga yetkazib berilmoqda. Avvalroq, 2025 yilga borib tabiiy gaz eksporti to‘liq to‘xtatilishi ma’lum qilingandi.
O‘zbekistonning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda bir qancha ustuvor maqsadlar qatoridan — 5 yil ichida aholi jon boshiga YAIMni 1,6 baravarga oshirish, inflyatsiya darajasini 9,9 foizdan 5 foizgacha pasaytirish, davlat budjeti taqchilligi 3 foizdan oshib ketmasligini ta’minlash, davlat qarzini yiliga $4,5 mlrddan oshirmaslik, eksport hajmini $30 mlrdga yetkazish o‘rin olgan.
Qozog‘iston qozog‘istonlik iste’molchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatgani sababli O‘zbekistondan import qilinadigan tovarlarga cheklov qo‘ymoqchi emas. Shu bilan birga, Savdo vazirligi O‘zbekiston tomonining ayrim cheklovlari haqida ma’lum qildi.
O‘zbekiston yanvar-oktabr oylarida Xitoyga umumiy qiymati 601,3 mln dollarga teng 2,6 mln tonna gaz eksport qilgan. Bu O‘zbekiston 10 oy davomida eksport qilgan jami gaz narxi bilan deyarli teng.
Yanvar-oktabr holatiga O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 32,6 mlrd dollarni tashkil etib, o‘n oylik davrda 7,8 mlrd dollarlik passiv tashqi savdo balansi kuzatildi. Tashqi savdo aylanmasi hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 8,5 foizga oshganiga qaramay, 2019 yildagi ko‘rsatkichga (34,3 mlrd dollar) yetib kelganicha yo‘q.
O‘zbekiston 9 oy ichida xorijiy davlatlarga qiymati $242,5 mlnga teng bo‘lgan 25 ming 171 ta yengil avtomobillar eksport qildi. Eksportning deyarli 96% qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri kelmoqda.
Qo`shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro`yxatdan o`ting