Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga investitsiya va eksport hajmini oshirish bo‘yicha yig‘ilish hamda ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazdi, deb yozdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari bundan buyon har bir tarmoq korxonalari vakillari bilan ularni o‘ylantirayotgan masalalar yechimi bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilishini ta’kidladi. Tadbirga 100 dan ortiq eng faol eksportchi-tadbirkorlar va logistika korxonalari vakillari taklif etildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirilgan, oziq-ovqat sanoatida 86 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu mahsulotlardan 5 milliard dollarlik eksport qilish mumkin. Biroq 2023-yilda uning hajmi 2 milliard dollardan oshmagan, chunki iqtisodiy va agrosanoat majmualari rahbarlari, shuningdek, hokimlar ishni to‘g‘ri tashkil eta olmagan, eksportyorlar muammosini hal etmagan, dedi prezident.

O‘tgan yili O‘zbekiston Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Kolumbiya, Indoneziya kabi 10 dan ortiq yangi bozorga chiqqan, mahalliy mahsulotlar eksport qilinadigan mamlakatlar soni 85 taga yetgan.

eksport, inflyatsiya, qishloq xo‘jaligi, shavkat mirziyoyev, valyuta

Lekin eksportning 80 foizi 5 ta davlat bozorlariga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni qishloq xo‘jaligi eksportining asosiy qismi “narxlari kilogrammi 1 dollardan past bo‘lgan bozorlarga” ketadi.

O‘tgan yili 52 davlatga 126 ming tonna uzum eksport qilingan bo‘lsa, shundan 98 ming tonnasi (77,7 foizi) 12 davlatga kilogrammi 1 dollardan arzon narxda sotilgan, dedi Shavkat Mirziyoyev. Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda sabzavot va mevalar savdosi 1,76 million tonnaga (+1,1 foiz), qiymat jihatidan esa 1,18 milliard dollarga (+3,3 foiz) o‘sgan. Meva-sabzavot eksportining asosiy bozorlari Rossiya (37 foiz), Pokiston (16,7 foiz), Xitoy (12,3 foiz) va Qozog‘iston (10,3 foiz) bo‘lgan.

O‘zbekistonning eng xaridorgir mahsulotlari bo‘lgan gilos, shaftoli, xurmo, o‘rik, olcha, olxo‘ri, anjir, anor, bodom, loviya, mosh kabi mahsulotlarni eksport qilishda ham xuddi shunday holat kuzatilmoqda.

Prezident 1 million gektar g‘alladan bo‘shaydigan maydon, 508 ming gektar aholi tomorqasi, 260 ming gektar odamlarga bo‘lib berilgan yerlar imkoniyatidan to‘liq foydalanilmayotganini aytdi. Masalan, 16 ta tuman meva-sabzavot mahsulotlarini umuman eksport qilmagan. Yoki paxta ekilmagan 28 tumanda eksport ko‘rsatkichlari qoniqarsiz. Bu sohalarda mahsulot yetishtirish, saqlash, saralash va sotishda eksportyor va fermerlar o‘rtasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan, dedi davlat rahbari.

Prezident tuman hokimlari hamda qishloq xo‘jaligi va eksport masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga keskin e’tiroz bildirdi.

Joriy yilda hududiy dasturlar doirasida mamlakat bo‘ylab umumiy qiymati 833 million dollarlik 528 ta oziq-ovqat loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Biroq 14 ta tumanda bu borada loyiha mavjud emasligi tanqid qilindi.

Joriy yilda oziq-ovqat sanoatida kamida 100 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 1 milliard dollar eksport qilish rejalashtirilgan. Lekin oziq-ovqat yo‘nalishidagi ayrim korxonalar aylanmasi uchun mablag‘ ola olmagan, ayrimlari sifat bo‘yicha raqobatga bardosh berolmagan, tejamkor texnologiya o‘rnatmagani uchun tannarx baland bo‘lgan.

eksport, inflyatsiya, qishloq xo‘jaligi, shavkat mirziyoyev, valyuta

Shu kabi, oziq-ovqat yo‘nalishidagi 20 ta yirik korxona xomashyo yetishmasligi, mahsulotiga bozor topish va aylanma mablag‘ muammolari sababli quvvatlarining yarmini ham ishlatayotgani yo‘q.

“Bir haqiqatni aniq tushunib olish zarur. Inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini ta’minlash eksport bilan chambarchas bog‘liq. Qanchalik ko‘p mahsulot ishlab chiqarmaylik, eksport uchun kerakli shart-sharoitni yaratmasak, o‘zgarish bo‘lmaydi. Shuning uchun, qanday tashabbus bo‘lsa, barchasini eshitishga tayyorman”, — dedi prezident.

Davlat rahbari sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish yuzasidan ularning fikr va takliflarini tingladi.

Shavkat Mirziyoyev 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda eksport masalasini “hayot-mamotimiz” deb atagandi. “Agar valyuta balansi, investitsiya yoki konvertatsiyani davom ettiramiz desak, eksportni importga nisbatan barqaror ushlab turishimiz kerak”, — degandi u.

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2023-yilda o‘tgan yilga nisbatan 12 milliard dollarga yoki 23,8 foizga o‘sib, 62,57 milliard dollarni tashkil etgan. Yil davomida eksport 23,8 foizga — 24,4 mlrd dollargacha, import 24 foiga — 30,1 mlrd dollargacha oshgan. Tashqi savdo taqchilligi 13,7 mlrd dollardan ortiqni tashkil etgan, bu 2022-yilga nisbatan 24,3 foizga ko‘p (-11,03 mlrd dollar). Agar rekord darajadagi oltin eksporti va xizmatlar sohasidagi ijobiy saldo bo‘lmaganida, bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lardi.

1-mart holatiga ko‘ra, oltin-valyuta zaxiralari 32,2 milliard dollargacha qisqardi, bu o‘tgan yil sentabridan beri eng kam ko‘rsatkich. 2023-yilning 11 oyi davomida valyutani sotib olish va sotish o‘rtasidagi farq 11,4 milliard dollarga yetgan.