14-noyabr kuni O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston “yashil” energiyani uchinchi davlat iste’molchilariga eksport qilish loyihasini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bokuda elektr energiyasini ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha tegishli vazirlarning uch tomonlama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov, Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahbazov va Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunida mas’ullar qo‘shma bayonot imzoladi, unda qayta tiklanadigan energiya sohasidagi mamlakatlarning salohiyati va Yevropaga muqobil manbalardan olingan elektr energiyasini eksport qilish loyihasiga qo‘shilishga tayyorlik qayd etildi, deya xabar berdi Qozog‘iston Energetika vazirligi.

Tomonlar ushbu loyihani amalga oshirish kabel yo‘nalishi bo‘ylab joylashgan mamlakatlarning energetika sohasidagi hamkorligi va infratuzilmalarini rivojlantirish uchun muhimligini ta’kidladi.

“„Yashil“ elektr uzatish loyihasini ishlab chiqish iqtisodiyotimiz va energetika tizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi, shuningdek, milliy energetika sanoatini rivojlantirishga imkon beradi va biz ushbu tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarga hissa qo‘shishga tayyormiz”, — dedi Laziz Kudratov.

Ishtirokchilar qayta tiklanadigan energiya manbalari, yashil vodorod va yashil ammiakni ishlab chiqish va eksport qilish imkoniyatlari va tegishli infratuzilmani yaratish sohasida energiya almashinuvi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha texnik vazifani ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.

Ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnik topshiriqlar asosida dastlabki texnik-iqtisodiy asosni tayyorlash uchun tender e’lon qilinadi. Ishtirokchilar, shuningdek, loyihani amalga oshirish uchun qo‘shma korxona yaratish istiqbollarini o‘rganib chiqishga kelishib oldi.