18-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida eksport sohasidagi ishlar ahvoli tahlil qilinib, kompleks rahbariyati va hokimlarning 2024-yil uchun eksport rejasi yetarli emasligi qayd etildi.

Iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun, eksportni yiliga kamida 30 foizga oshirib borishimiz zarur
— dedi prezident.

2023-yilda 2 ta drayver tarmoq va 4 ta hududda 2022-yilga nisbatan eksport hajmlari kamaygani qayd etildi. Shuningdek, 10 ta tuman va shaharda eksport oldingi yil ko‘rsatkichining yarmiga ham yetmagani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan bosh vazir Abdulla Aripovga Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10 ta tuman va shahar (aynan qaysi hududlar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritilmadi) hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, meva-sabzavot eksporti uchun xorijiy davlatlarning fitosanitar ruxsatlari olinganiga qaramasdan, ulardan to‘liq foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Yaponiyaga 58 turdagi meva-sabzavotga fitosanitar ruxsat olingani bilan 52 turi bo‘yicha, Hindistonga 38 tadan 32 tasi, Pokistonga 22 tadan 18 tasi, AQShga 15 tadan 11 tasi bo‘yicha eksport bo‘lmagan.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va hokimlarning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘rtasida mahsulotlar eksportini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘qligi tanqid qilindi. Endilikda agentlik nafaqat fitosanitar ruxsat olish, balki qishloq xo‘jaligi eksportini tashkillashtirish uchun ham mas’ul bo‘ladi. Buning uchun karantin tizimi, ish uslubi va yondashuvlari to‘liq o‘zgaradi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Mazkur yig‘ilishda investitsiyalar sohasida chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, kompleks uchun mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, o‘z tizimidagi kamchilik va sustkashlik bo‘lgani uchun investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattorovni lavozimidan ozod etildi.