Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida investitsiya va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha yig‘ilish hamda ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazdi.

Davlat rahbari bundan buyon yig‘ilishlar har bir soha korxonalari vakillari bilan uchrashuv tarzida, ularni qiynayotgan masalalarga yechimlari bilan o‘tkazilishini ta’kidladi. Yig‘ilishga 100 dan ziyod eksportchi-tadbirkorlar va logistika korxonalari vakillari taklif qilindi.

Prezident Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSh va Qozog‘istondagi savdo uylarini tadbirkorlar boshqaruviga berish, shuningdek, Nagoya (Yaponiya), Mersin (Turkiya), Rotterdam (Gollandiya), Sindao (Xitoy), Klaypeda (Litva), Doha (Qatar) kabi yirik port shaharlarda savdo uyi ochish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Yaqinda Yuqori Chirchiqdagi Agroxizmatlar markazida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ilk xususiy laboratoriya ochildi. 2024-yil 8 million dollar investitsiya hisobiga Zangiota tumani, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida ham xuddi shunday zamonaviy laboratoriyalar ishga tushadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida Referens laboratoriya tashkil etilib, xususiy laboratoriyalar ishining xalqaro standartlarga mosligi ta’minlanadi. Bunga Jahon bankidan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan 12 mln dollar beriladi. Bundan buyon, xalqaro tan olingan reagentlar import bojidan ozod qilinadi, ularga majburiy ekologik sertifikat olish talab etilmaydi.

Mutasaddilarga boshqa laboratoriyalarni ham xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, meva-sabzavot sifatiga xorijiy davlatlarning milliy talablarini o‘rganib, eksportchilarga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezident xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytdi. Bunda tadbirkorlarning reytingi asosi qilib olinadi. Yuqori va o‘rta reytingga ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun ko‘rgazmalarda qatnashish xarajati 100 foiz oldindan to‘lanadi. Past reytinglilar ko‘rgazmada ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgandan keyin, xarajatining 50 foiz qismi qoplab beriladi.

Ko‘plab eksportchi korxonalarni qiynayotgan masala — aylanma mablag‘. Shu bois joriy yilda Biznesni rivojlantirish bankidan ushbu maqsadlar uchun 1,5 trillion so‘m resurs yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar evaziga eksportchi korxonaga fermer va tayyorlov ombori bilan tuzgan shartnoma summasining 50 foizigacha imtiyozli kredit beriladi. Kreditlar 18 foiz stavkada 6 oy imtiyozli davr bilan 1,5 yil muddatga ajratiladi.

Meva-sabzavot sanoat mahsulotlariga qaraganda tez buzilishi, sifatini yo‘qotishi sababli mahsulot turidan kelib chiqib, yo‘qotish miqdori 10 foizgacha belgilanadi. Ho‘l meva, sharbat, qandolat, murabbo, jem kabi bir xil haroratda yetkazish talab etiladigan mahsulotlar uchun sovutgichli yuk konteynerlari olib kelinadi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, tabiiy yo‘qotish va sifat buzilishini kamaytirish uchun qadoqlashga ham alohida e’tibor qaratish lozim. U bu yo‘nalishda zamonaviy korxona tashkil qilib, tajribali dizaynerlarni jalb etish muhimligini ta’kidladi.

Aholi tomorqalari va ekin yerlarida sarxil meva-sabzavotlar yetishtiriladi. Ularni naqd pulga sotib olib, eksportga tayyorlab beradigan ta’minotchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar kabi faoliyat yuritadi va aylanmasidan qat’i nazar, barcha soliqlardan ozod bo‘ladi.

komissiya, meva-sabzavot, oziq-ovqat, шавкат мирзиёев, eksport

2024-yil bu yo‘nalishda kamida 100 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 1 mlrd dollar eksport qilish, hududiy dasturlar doirasida 833 mln dollarlik 528 ta loyihani ishga tushirish reja qilingan. Bu sohadagi loyihalarga yo‘naltirish uchun banklarga 310 mln dollar mablag‘ taqsimlangan. Ushbu choralar orqali tayyor oziq-ovqat eksportini 200 mln dollarga olib chiqish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti bo‘yicha bosh vazir rahbarligida komissiya tuzilishi belgilandi.

Shuningdek, ekishdan boshlab, mahsulotni saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va sotish zanjirini to‘liq qamrab oladigan uch yillik dastur tayyorlanadi. Qishloq xo‘jaligi eksporti bilan shug‘ullanuvchi 2 ming 362 ta korxonaga ko‘maklashish, ularning safini kengaytirish choralari ko‘riladi. Eksportchilar bilan doimiy “muloqot maydoni” yaratilib, hududlarda mavjud mahsulotlar, tashqi bozordagi talab va narxlar to‘g‘risida ma’lumot almashib boriladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavot eksportning 80 foizi 5 ta davlat bozorlariga to‘g‘ri kelishini, bu qishloq xo‘jaligi eksportining asosiy qismi “narxlari kilogrammi 1 dollardan past bo‘lgan bozorlarga” ketishini aytgandi.

O‘tgan yili 52 davlatga 126 ming tonna uzum eksport qilingan bo‘lsa, shundan 98 ming tonnasi (77,7 foizi) 12 davlatga kilogrami 1 dollardan arzon narxda sotilgan. Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda sabzavot va mevalar savdosi 1,76 mln tonnaga (+1,1 foiz), qiymat jihatidan esa 1,18 mlrd dollarga (+3,3 foiz) oshdi. Meva-sabzavot eksportining asosiy bozorlari Rossiya (37 foiz), Pokiston (16,7 foiz), Xitoy (12,3 foiz) va Qozog‘iston (10,3 foiz) bo‘ldi.