“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati 2023-yilda Afg‘onistonga 91,2 mln dollarlik elektr energiyasi eksportini va 9,6 mln dollarlik elektr energiyasi tranzitini amalga oshirildi. Bu haqda kompaniya rasmiylari 29-mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berdi.

2023-yilda eksport ko‘rsatkichlari jami 100,8 mln dollarni tashkil etgan. Shuningdek, magistral elektr tarmoqlari orqali 71,9 mlrd kVt•soat elektr energiyasi uzatilgan.

Prezidentining 2022-yil 28-dekabrdagi qaroriga asosan aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan umumiy qiymati 1 mlrd 346 mln 360 ming dollarga teng bo‘lgan 17 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, 2023-yil davomida jami 165,74 mln dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Modernizatsiya dasturi doirasida 7 ta podstansiyada 1452,3 MVA, jumladan, Farg‘ona viloyatidagi “Sokin” PSda 200 MVA, Toshkent shahri “Yuksak” PSda 75 MVA, Surxondaryo viloyati “Sherobod” PSda 125 MVA, Qashqadaryo viloyati “Qarshi” PSda 202,3 MVA, Toshkent viloyati “Chirchiq” PSda 125 MVA, Andijon viloyati “Saroy” PSda 125 MVA, Navoiy viloyati “Tomdi” podstansiyasida 600 MVA qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvati yaratilgan.

Bundan tashqari, jami 309 ta kuch transformatori, 1716 ta 110−220−500 kV kuchlanishli o‘chirgichlar, 25 ta kompressor qurilmasi, 5900 km ziyod uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari mukammal va joriy ta’mirlangan, 11 ming 865 kilometr uzunlikdagi magistral elektr tarmoqlari davriy ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan.

Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 2023-yilda 10 ta loyiha investor kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinib, umumiy quvvati 1750 MVt yangi elektr stansiyalari qurilib ishga tushirilgan. Ushbu elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini energotizimga uzatish uchun 46 km uzunlikdagi magistral elektr tarmoqlari qurilib, foydalanishga topshirilgan.

Sarf-xarajatlarni qisqartirish yo‘nalishi bo‘yicha, 2023-yilda jami 348,6 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ iqtisod qilingan, jumladan, investitsiya loyihalarini optimallashtirish hisobiga 288 mlrd so‘m, nosohaviy faoliyatlarni optimallashtirish hisobiga 29,3 mlrd so‘m, xarid shartnomalarini optimallashtirish hisobiga 19,1 mlrd so‘m, “Energiyamaxsusavto” tashkilotini filialga aylantirish hisobiga 1 mlrd so‘m tejalgani aytildi.

Rasmiylar, shuningdek, aksiyadorlik jamiyatining 2024-yilgi rejalari haqida ham ma’lumot berdi. Birinchidan, magistral elektr tarmoqlari orqali 74,0 mlrd kVt•soat elektr energiyasini uzatish kutilmoqda.

Ikkinchidan, 2024-yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan umumiy loyiha qiymati 1 mlrd 915,7 mln dollarga teng bo‘lgan 23 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, loyihalar doirasida 2024-yil davomida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 430,6 mln dollar (2023-yil rejasiga nisbatan o‘sish surati 270,0 foiz) mablag‘ o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Jumladan:

  • Davlat kafolati ostidagi chet el mablag‘laridan — 164,1 mln dollar (2023-yil tashqi qarz o‘zlashtirish rejasiga nisbatan o‘sish surati 178,4 foiz).
  • To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardan — 200,0 mln dollar.
  • Korxonaning o‘z mablag‘laridan — 62,2 mln dollar.
  • Tijorat banklari kredit mablag‘lari — 4,3 mln dollar.

Uchinchidan, modernizatsiya dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 3 ta podstansiyada jami 434 MVatt, jumladan, Andijon viloyati “Lochin” podstansiyasida 300 MVatt, Namangan viloyati “Sardor” podstansiyasida 100 MVatt, Toshkent shahri “Quyliq” podstansiyasida 34 MVatt qo‘shimcha quvvat yaratilishi rejalashtirilgan.

To‘rtinchidan, magistral elektr tarmoqlarida umumiy quvvati 736 MVatt bo‘lgan 9 dona kuch transformatori, 31 dona 110−220−500 kV kuchlanishli o‘chirgichi, 4 dona kompressor qurilmasi va 848,25 km uzunlikdagi 110−220−500 kV kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlarini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 304 dona podstansiyadagi transformatorlar va avtotransformatorlar, 1643 dona o‘chirgich, 12 dona havo kompressori hamda 5451,1 km uzunlikdagi 110−220−500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini joriy ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.

Shuningdek, korxonaning eksport ko‘rsatkichi 2024-yilda 111,8 mln dollar miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.