2024-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 20,87 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 1,16 mlrd dollarga yoki 5,9 foizga ko‘p, deya xabar berdi prezident huzuridagi Statistika agentligi.

Oltinni hisobga olganda eksport 9 foizga, ya’ni 8,49 mlrd dollargacha, oltinni hisobga olmaganda 5,07 mlrd dollargacha (+7,1 foiz), import esa 12,4 mlrd dollargacha (+3,9 foiz) oshdi.

Tashqi savdo taqchilligi biroz qisqardi va minus 3,89 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 238 mln dollarga kam.

Mamlakatga energoresurslar yetkazib berish keskin oshganiga qaramay, import ketma-ket ikkinchi oy pasaydi (bunga 2023-yilgi yuqori import bazasi sabab bo‘lishi mumkin, o‘shanda mamlakatga ko‘p miqdorda samolyotlar olib kelingan). Aprelda import 2,94 mlrd dollarni, martda 3,15 mlrd dollarni, fevralda esa 3,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ham 2023-yilning iyul oyidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi (2,99 mlrd dollar). Shu bilan birga, bu miqdor 2023-yilning aprel oyidagi importdan (2,82 mlrd dollar) yuqori.

Shu bilan bir qatorda, nomonetar oltinni hisobga olmagandagi eksport ham 1,35 mlrd dollargacha (mart oyida 1,41 mlrd dollar) pasaydi.

Energiya resurslari

Yil boshidan buyon O‘zbekistonga ko‘proq neft va neft mahsulotlari import qildi — 788,3 mln dollarlik, bu 2023-yilning shu davriga (621,7 mln dollar) nisbatan 26,8 foizga ko‘p. Yetkazib berishning asosiy qismi mart (244 mln dollar) va aprel (241,4 million dollar) oylariga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, ushbu mahsulotlar eksporti 2023-yilning yanvar-apreliga (64,4 mln dollar) nisbatan 2,8 baravar oshib, 179,4 mln dollarga yetdi.

Statistika agentligi tovarlar kategoriyalarini batafsil ochiqlamaydi, shuning uchun qancha hajm neft, benzin, dizel yoqilg‘isi va boshqa yoqilg‘ilar hisobiga to‘g‘ri kelishi noma’lum.

O‘zbekiston gaz importini ham 3 barobarga — 462,8 mln dollargacha, eksportini esa 2 baravardan ko‘proqqa — 52,3 mln dollargacha oshirdi (bu haqda batafsil).

Mamlakatga ko‘mir yetkazib berish 63,3 million dollarga (+15,7 foiz) va elektr energiyasi 67,8 million dollarga (+39,5 foiz) oshdi.

Boshqa mahsulotlar savdosi

Donli ekinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar importi qiymat jihatidan 293,4 mln dollar (-43,6 foiz), shakar, shakardan tayyorlangan mahsulotlar va asalniki 177,6 mln dollar (-5,6 foiz), sut mahsulotlari va qush tuxumlariniki 58,5 mln dollar (-14,8 foiz), o‘simlik moylari va yog‘lar importi esa 98,3 mln dollargacha (-20,5 foiz) kamaydi, bunga, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarining jahondagi narxlari pasayishi sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston sabzavot va mevalar importini 180,7 mln dollargacha (+45,3 foiz), kofe, choy, kakao, ziravorlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarnikini 121 mln dollargacha (+3,3 foiz), go‘sht va go‘sht mahsulotlarinikini 118,1 mln dollargacha (+36,1 foiz), tirik hayvonlarnikini 48,5 mln dollargacha (+41,8 foiz), ichimliklar importini esa 52,7 mln dollargacha oshirdi (+69,5 foiz).

E’tiborli tomoni mamlakatga tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish hajmi 635,4 mln dollargacha (+21,3 foiz) oshdi.

Yanvar-aprel oylarida avtomobil yetkazib berish hajmi 785,2 mln dollargacha oshdi (2023-yil mos davriga nisbatan +4,6 foiz), shu jumladan, yengil avtomobillar importi 577,9 mln dollarga (+41,6 foiz) yetdi, biroq import hajmi ketma-ket to‘rtinchi oyda pasayib, aprel oyida 121,2 mln dollarni tashkil etdi (yengil avtomobillar importi — 87,3 mln dollar bo‘ldi, bu — o‘tgan yilning iyun oyidan beri minimal ko‘rsatkich (49,1 mln dollar). Taqqoslash uchun: mart oyida yetkazib berish miqdori 144,8 mln dollar, fevralda 216,8 mln dollar, yanvarda 302,4 mln dollar, dekabrda esa 374,2 mln dollar, yengil avtomobillar importi esa mos ravishda 107,5 mln, 160,3 mln va 222,8 mln dollarni tashkil qilgan.

Rangli metallar eksporti (rangli metallar umumiy hisobda temir, marganets va xromdan tashqari barcha metallarni o‘z ichiga oladi, ularning tarkibiga mis ham kiradi) 447,6 mln dollargacha oshdi, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 6,9 foizga ko‘p hisoblanadi.