sentabr oyida O‘zbekiston Xitoyga 41,6 million dollarlik tabiiy gaz eksport qildi. Bu bo‘yicha “Gazeta.uz” XXR Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlarini o‘rgandi.

Avval xabar berganimizdek, aprel oyida O‘zbekiston “moviy yoqilg‘i” eksportini qayta tiklagan, o‘sha oyda hajm 40,47 million dollarni tashkil etgan. May oyida yetkazib berish hajmi 78,16 million dollarga, iyunda 85,27 million dollarga, iyulda 91,39 million dollarga, avgustda esa 75,27 million dollarga oshgan.

Yil boshidan buyon jami gaz eksporti 412,2 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga — 767,68 million dollarga nisbatan qariyb 1,9 barobar kamdir. Buni yanvar-mart oylarida O‘zbekistondagi energetika inqirozi sharoitida gaz eksporti to‘xtatilgani bilan izohlash mumkin.

Bir oylik ko‘rsatkichlar solishtirilsa, 2022-yil sentabr oyida 149,5 million dollarlik gaz yetkazib berilgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 9 oy ichida 411,7 million dollarlik gaz eksport qilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 47,2 foizga kamdir. sentabr oyida “moviy yoqilg‘i” eksporti 33,8 million dollarni tashkil etdi, bu birgina Xitoyga eksport qilingan hajmdan 7,8 million dollarga kam.

To‘qqiz oy davomida Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha Rossiya yetakchi bo‘ldi — 8,92 milliard (sentabrda deyarli 1 milliard dollar), Turkmaniston ikkinchi o‘rinda — 7,41 milliard dollar (+780 million dollar). Keyingi o‘rinlarda Indoneziya — 2 milliard dollar (+300 million dollar), Myanma — 1,12 milliard dollar (+106 million dollar), Qozog‘iston — 959,16 milliard dollar (+169,5 million dollar).

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston va Xitoy tomonidan taqdim etilgan gaz eksporti bo‘yicha ma’lumotlar bir necha karrasiga farq qilgani haqida yozgandi. Keyinroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov buni XXR turkman gazining tranzitini hisobga olishi bilan izohlagan. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, hatto tranzitni qo‘shganda ham, statistika keskin farq qilgan.

Biz, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi birinchi yarimyillikda O‘zbekistonga 2,6 milliard kub metr gaz import qilingani haqida xabar berganiga e’tibor qaratdik — bu 2022-yilning olti oyidagiga nisbatan 7,2 baravar ko‘p. Ko‘rsatkich Statistika agentligi ma’lumotlaridan farq qiladi va MB rahbarining gaz importi tufayli budjet taqchilligi oshgani haqidagi so‘zlariga qisman oydinlik kiritishi mumkin.