Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sanoatiga investitsiya va eksport hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish hamda ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazdi.

Hozirda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan 2362 ta korxona shug‘ullanadi, ular jami eksportchilarning (7210) 32 foizini tashkil qiladi. 2023-yilda Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Kolumbiya, Indoneziya kabi 10 dan ortiq yangi bozorlarga chiqilgan, mahsulotlar eksport qilinadigan mamlakatlar soni 85 taga yetgan.

Lekin eksportning 80 foizi 5 ta davlat bozoriga to‘g‘ri kelyapti. Ya’ni qishloq xo‘jaligi eksportini asosiy qismini “kilosi 1 dollardan past narxda bo‘lgan bozorlar” tashkil qilmoqda, dedi prezident.

O‘tgan yili 52 ta mamlakatga 126 ming tonna uzum eksport qilingan bo‘lsa, shundan 98 ming tonnasi (77,7 foizi) 12 ta davlatga kilogrami 1 dollardan kam narxda sotilgan. Shavkat Mirziyoyev mutasaddilar bozorni topib, ruxsatnoma va sertifikatlar bilan bog‘liq muammolarni, logistika masalalarini hal qilsa, birgina uzum eksportidan 500 million dollar olish mumkinligini ta’kidladi.

Shu kabi eksportga chiqqan gilosning 68 foizi (45 ming tonna), shaftolining 74 foizi (87 ming tonna), xurmoning 56 foizi (58 ming tonna) bir dollardan kam narxda sotilgan. O‘zbekistonning eng xaridorgir mahsulotlari bo‘lgan o‘rik, olcha, olxo‘ri, anjir, anor, bodom, loviya va moshda ham shu ahvol.

“O‘zingiz ayting, bu mahsulotlarimiz uchun qanchalik adolatli narx? Mana, qancha imkoniyatni boy beryapmiz, mana, qancha valyuta bizga tushmayapti?” — dedi davlat rahbari.

Eng ko‘p eksport bo‘ladigan 10 turdagi mahsulotning ulushi jami meva-sabzavot eksportida 60 foizni tashkil qiladi.

“Tadbirkorlar aytyapti, tannarx balandligi, ayrim „uddaburonlar“ daromad ortidan quvib, qadoqlashda sifatsiz mahsulot qo‘shib yuborayotgani oqibatida O‘zbekistonda yetishtirilgan brend ostidagi ko‘p mahsulotlarimiz tashqi bozorda liderlikni yo‘qotyapti. Sizlar biz bu bozorni qanday mashaqqat bilan tashkil qilayotganimizni tushunyapsizlarmi o‘zi? Bozor o‘zbekning olmasi kelsin, uzumi kelsin, deb kutib o‘tirmaydi. Boshqa davlat darrov yopadi uni, bozorda bo‘sh joy yo‘q o‘zi, joy uchun kurash kerak, kurash”, — dedi prezident.

Mingta eksportchi korxonaning 300 million dollarlik muddati o‘tgan debitor qarzdorligi bor.

O‘sha yig‘ilishda bosh vazir rahbarlik qiladigan meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti bo‘yicha komissiya tuzilishi belgilandi. Prezident savdo uylarini tadbirkorlar boshqaruviga berish, tomorqasida meva-sabzavot yetishtirayotganlarni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rish va boshqalarni qo‘llab-quvvatladi.

Shavkat Mirziyoyev yana bir bor eksport muhimligini ta’kidladi. “Bir haqiqatni aniq tushunib olish zarur. Inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini ta’minlash eksport bilan chambarchas bog‘liq. Qanchalik ko‘p mahsulot ishlab chiqarmaylik, eksport uchun kerakli shart-sharoitni yaratmasak, o‘zgarish bo‘lmaydi”, — dedi u.