O‘zbekistonda sabzavot va mevalarni eksport qilish bo‘yicha sharoit yomonlashmoqda, deb hisoblamoqda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hududlarida meva, sabzavot, yong‘oq va rezavor bozori haqida ma’lumot beruvchi EastFruit portali tahlilchilari.

May oyidan boshlab mamlakatda meva-sabzavot mahsulotlariga tavsiya etilgan eksport narxlari joriy etildi. Yetkazib beruvchilarga haqiqiy narxlarni tavsiya etilganidan 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorgacha pasaytirishga ruxsat berildi. Biroq hukumat qarori bilan tavsiya etilgan narxlar minimal narxlarga almashtirildi.

Endilikda O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini davlat organlari belgilaganidan past narxda olib chiqish taqiqlanadi.

“Mahsulot uchun narx sifat toifalari, navlari va boshqalar bo‘yicha gradatsiyalarsiz belgilanadi, bu esa meva va sabzavotlar masalasida mutlaqo bema’nilikdir. Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, bunday qarorlar hech qachon hech qanday nuqtai nazardan ijobiy natijalarga olib kelmaydi. Ular, birinchi navbatda, ishlab chiqaruvchilar va mahsulot sotish imkoniyatlari toraygan kichik eksportchilarga zarba beradi”, — deb yozadi EastFruit.

Portalga ko‘ra, bu holat mahsulot yetishtirishga sarmoya kiritishga bo‘lgan qiziqishni pasaytiradi va mamlakatning yirik tizimli importyorlar oldidagi jozibadorligini pasaytiradi. Sababi bunday tartibga solish sharoitida uzoq muddatli hamkorlik shartnomalarini tuzish juda riskli bo‘lib qoladi, deyiladi maqolada.

EastFruit soliq tushumlarini oshirish va valyuta nazoratini yaxshilash nuqtai nazaridan bunday chora samarasiz, deb hisoblaydi. Yirik kompaniyalar zamonaviy moliyaviy vositalar yordamida minimal narxlarni osongina chetlab o‘tishi mumkinligi va bu soliq solinadigan bazaning qisqarishiga olib kelishi qayd etilgan.

O‘zbekistondan 2018−2023-yillar davomida quritilgan, muzlatilgan va barra mevalar eksporti, ming dollarda. Infografika: EastFruitO‘zbekistondan 2018−2023-yillar davomida quritilgan, muzlatilgan va barra mevalar eksporti, ming dollarda. Infografika: EastFruit

Portal ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda meva-sabzavot eksportida yuqori ijobiy dinamika kuzatilmayapti. 2023-yilda O‘zbekistonning eksport bo‘yicha tushumi 10 foizga kamayib, 777 mln dollarni tashkil etdi. Ayni vaqtda, hisobotlarda yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan (Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda sabzavot va mevalar eksporti 1,20 mlrd dollarni tashkil etgan, bu 2022-yilga nisbatan 4,3 foizga ko‘p), sababi sabzavot va mevalar eksporti quruq dukkaklilarni ham o‘z ichiga oladi. “Sifatli tahlil uchun ular donli dukkaklilar eksporti bandida ko‘rsatilishi kerak, chunki ular sabzavot va mevalarga nisbatan butunlay boshqacha spetsifika va savdo tuzilishiga ega”, — deya qayd etgan ekspertlar.

Rossiyaga aksariyat mamlakatlardan meva va sabzavotlar yetkazib berish taqiqlashi bilan bog‘liq “eksportni rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyatlar”ga qaramasdan, ko‘rsatkichlar so‘nggi besh yil ichida deyarli o‘zgarmagan va 700 mln dollardan 900 mln dollargacha oraliqda o‘zgarib turibdi, deya qayd etgan tahlilchilar.

Shu bilan birga, eksport tarkibida dunyoda iste’moli turg‘un bo‘lib, narxlari pasayib borayotgan quritilgan mevalarning ulushi ortib bormoqda, barra mahsulotlar ulushi esa, aksincha, pasayish tendensiyasiga ega, deya qayd etgan portal.

“Ko‘p meva va sabzavotlar narx kilogrami uchun 1 dollardan past bo‘lgan bozorlarga eksport qilinadi”

Shavkat Mirziyoyev 2024-yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining 80 foizi bor-yo‘g‘i beshta davlat bozoriga yo‘naltirilishini ta’kidlagandi. Ya’ni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining asosiy qismi “narx kilogrami uchun 1 dollardan past bo‘lgan bozorlar” ulushiga to‘g‘ri keladi, dedi davlat rahbari.

2023-yili 52 davlatga 126 ming tonna uzum eksport qilingan bo‘lsa, shundan 98 ming tonnasi (77,7 foizi) 12 davlatga, kilogrami uchun 1 dollardan past narxda sotilgan. Shavkat Mirziyoyev mutasaddilar bozorlarni topib, ruxsatnoma va sertifikatlar bilan bog‘liq muammolarni, logistika masalalarini hal qilsa, birgina uzumning o‘zidan 500 mln dollarlik eksport qilish mumkinligini ta’kidlagan.

Kilogrami 1 dollardan sotilayotgan gilosning 68 foizi (45 ming tonna), shaftolining 74 foizi (87 ming tonna), xurmoning 56 foizi (58 ming tonna), shuningdek, O‘zbekistonning eng mashhur mahsulotlari bo‘lgan o‘rik, olxo‘ri, anjir, anor, bodom, loviya va mosh eksporti bilan ham xuddi shunday vaziyat.

“Tadbirkorlar aytyapti, tannarx balandligi, ayrim uddaburonlar daromad ortidan quvib, qadoqlashda sifatsiz mahsulot qo‘shib yuborgani oqibatida O‘zbekistonda yetishtirilgan brend ostidagi ko‘p mahsulotlarimiz tashqi bozorda yetakchilikni yo‘qotmoqda. Bu bozorlarni qancha harakat bilan yaratayotganimizmi tushunyapsizlarmi o‘zi? Bozor O‘zbekistondan olma va uzum kelishini kutib o‘tirmaydi. Boshqa davlat darhol [talabni] qondiradi. Bozorda bo‘sh joylar allaqachon tugagan, joy uchun kurashish kerak. Kurashish!” — degandi prezident o‘shanda.

O‘sha yig‘ilishda bosh vazir boshchiligida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Nima uchun minimal narxlar joriy etilmoqda?

Minimal eksport narxlari nafaqat sabzavot va mevalarga, balki to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari hamda elektr jihozlariga ham joriy etildi. Mahsulotlarni xorijga minimal qiymatdan past narxlarda sotish holatlari aniqlangan taqdirda, bojxona organlari bu haqda 24 soat ichida qonun hujjatlariga muvofiq chora ko‘ruvchi Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentini xabardor qilishi kerak bo‘ladi.

Eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Nargiza Muxtorova Kun.uz`ga bergan intervyusida davlatning narx belgilashga aralashuvi noto‘g‘ri qadamligi, chunki bu erkin bozor ekanini ta’kidladi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, u boshqa eksportyor mamlakatlarda bunday holatni uchratmagan.

“Bu katta fabrikalardan chiqqan taklif bo‘lishi mumkin, lekin o‘rta va kichik tadbirkorlarning zarariga ishlaydi. Erkin bozor, erkin iqtisodiy muhit bo‘lsa, raqobat bo‘lishi tabiiy, bu davlat tomonidan nazorat qilinishi kerak emas. Tannarx 2 dollarga chiqsa, uni hech kim 1 dollarga sotmaydi-ku. Lekin davlat buni 3 dollarga sotasan, 2 dollarga emas, deb aralashsa, bu biznesning mijozlar bazasini yo‘qotishiga olib keladi”, — deya tushuntirdi u.

Kun.uz suhbatlashgan moliyachi Otabek Bakirov bu chora muammoning sabablari bilan emas, oqibatlari bilan kurashish ekanini ta’kidladi. “Tadbirkorlar ekportini yashiryapti deb o‘ylashyapti. Har holda, qarorda shunday tezislar bor. Biz buning sabablarini o‘rgandikmi, nima uchun eksportchilar islohotlarning 7-yiliga kelganda eksportini yashirishga urinyapti, nima bilan bog‘liq bu? Qonunchilik bilan bog‘liqmi? O‘zaro hisob-kitoblar bilan bog‘liqmi? Ko‘p holatlarda eksportchilar yangi bozorlarni kashf etish uchun o‘ziga o‘zi eksport qiladi. Balki shu bilan bog‘liqdir. Biz eksport tushumini yashirishning sabablari bilan kurashish o‘rniga, oqibatlar bilan kurashishga o‘tyapmiz”, — dedi u.

Savdo-sanoat palatasi raisi (loyiha muallifi) Davron Vaxabov Kun.uz`ga bergan intervyusida eksportchilar imtiyozlarga qaramay, mahsulot narxini past ko‘rsatib, eksport daromadlarini yashirishga harakat qilayotganini aytdi. Shu sababli minimal eksport narxlarini belgilashga ehtiyoj tug‘ildi, dedi u.

“Charm-poyabzal, elektrotexnika yoki to‘qimachilik mahsulotlari qanday qilib ichki bozordagi narxlardan 5 barobar arzon bo‘lishi mumkin? O‘rgandikki, charm-poyabzal oyoq kiyimi 8 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha bojxona chegarasidan o‘tyapti. Buning salbiy taraflari nimada deydigan bo‘lsak, bugungi kunda eksportyor mahsulotni tannarxidan arzon sotishiga hech qanday jarima yo‘q. Sababi davlat tarafidan eksportyorlarga turli imtiyozlar berilgan. Eksportyor o‘zi xohlagan narxida sotadi. Eksportyorga bunday sharoit nimaga berilyapti? U soliq imtiyozlaridan foydalanishi uchun o‘zining shaffof tushumini ko‘rsatishi kerak. Maqsadimiz, MDHga mahsulot eksport qiladigan bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi mahsulotini shaffof ko‘rsataman desa, u yerda taklif 30−40 foizga arzon chiqyapti. Natijada o‘zimizning ishlab chiqaruvchilar mahsulotini u yerga olib borib sota olmaydigan holat yuzaga kelyapti”, — dedi u.

“O‘rtadagi bino inshooti yo‘q korxona oyoq kiyimni 5 barobar arzonga sotyapti. Oxirgi sotib oluvchi bundan foydalanib qolayotgani muammoga aylanyapti. Ishlab chiqaruvchi korxonalar ham ishchi o‘rnini ko‘rsatmay, soliqdan qochib, arzonga sotishim kerak degan narsaga olib kelyapti. Jarima yo‘q-ku, 1 dollarlik narsani 20 sent etib ko‘rsatyapmiz, 20 sent hisobraqamiga tushirib, 80 sentni naqd olib kelyapmiz”, — dedi Savdo-sanoat palatasi rahbari.

Davron Vaxabov narxlar davlat tomonidan emas, xorijga 1 mln dollardan 20 mln dollargacha miqdorda mahsulot yetkazib beruvchi 20 ta yirik tadbirkordan iborat ishchi guruhlar tomonidan belgilanishini alohida ta’kidladi. Ayni paytda to‘qimachilik, charm sanoati, elektrotexnika yo‘nalishlarida ishchi guruhlari tuzilgan.

Tadbirkor Nargiza Muxtorovaning fikricha, yirik ishlab chiqaruvchilar barcha tadbirkorlar uchun narx belgilamasligi kerak, chunki ularning shartlari o‘rta biznes sharoitlaridan farq qiladi.

“Eksportchilar rostdan ham tushumlarni yashiryapti deb hisoblanilsa, ular baribir bu yo‘ldan qaytmaydi. Endi boshqa yo‘lga o‘tadi. Endi u massada yoki hajmda manipulyatsiyaga o‘tishga harakat qiladi. Yoki bojxona organlari bilan korrupsion xarajatga kirishishga harakat qiladi. U eksport tushumining bir qismini O‘zbekistondan olib chiqib ketish harakatida ekan, boshqa eksport shartnomalar bilan xizmatlar ko‘rsatishga oid boshqa import shartnomalar bilan mablag‘larni chetga olib chiqib ketishga harakat qiladi. Motivlarni himoya qila oladigan argumentlarni ko‘rmayapman”, — dedi Otabek Bakirov.

U tavsiya etilgan narxi 15 sent (taxminan 1900 so‘m) bo‘lgan piyozni ichki bozorda fermerlar 300−400 so‘mdan sotganini misol qilib keltirdi.