Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazishda ishonchli logistika zanjirlarini tashkil qilish masalalarini ko‘tardi.

Uning ta’kidlashicha, ayrim mamlakatlarda yuk tashishda qo‘shimcha yig‘imlar mavjud, haydovchilar uchun viza rejimi murakkab, avtotransport uchun vazn talablarini muvofiqlashtirish yakuniga yetkazilmagan, portlarda eksport tovarlarini saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan terminallar yo‘q. Bu masalalar bilan lozim darajada shug‘ullanmayotgani uchun transport vaziri Ilhom Mahkamov ogohlantirildi.

Investitsiya vazirligiga logistikadagi muammolarni yechish, mintaqaviy va yirik xalqaro loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi.

Prezident strategik temir yo‘l koridorlarini barpo etish doirasidagi ishlarni faollashtirish lozimligini qayd etdi. Mutasaddilarga xorijiy mamlakatlarda mahalliy tashuvchilar uchun viza rejimini soddalashtirish choralarini ko‘rishni topshirdi.

Davlat rahbari, shuningdek, ayrim elchi va savdo maslahatchilari yangi bozorlarni topish, ularga mahsulotlarni olib kirish haqida umuman bosh qotirmayotganini ta’kidladi. Xususan, o‘tgan yili 13 ta davlatga eksport kamaygan.

Oxirgi ikki yilda ayrim mamlakatlar tomonidan jami 18 ta tarif va notarif to‘siqlar joriy qilingan. Shuningdek, ba’zi davlatlar tayyor trikotaj, mato, kabel, ipak uchun yuqori boj stavkalarini qo‘llayapti.

“Aslida mahsulotlarimizga hamkor topish, eksport to‘siqlarini yumshatish elchilar va maslahatchilarning savdo yo‘nalishidagi eng asosiy vazifasi emasmi?!” — dedi prezident.

Barcha elchi va savdo maslahatchilari uchun alohida samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilanishi, ishini eplay olmagan va KPIni bajarmaganlari intizomiy jazoga tortilishi belgilandi.

Avvalroq prezident eksport kompleksi rahbariyati va hokimlarning 2024-yil uchun eksport rejasi yetarli emasligini qayd etgandi. Abdulla Aripovga eksport hajmlari kamaygani uchun Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10 ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirilgan.

Yig‘ilishda investitsiyalar sohasida chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, kompleks uchun mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan. O‘z tizimidagi kamchilik va sustkashlik bo‘lgani uchun investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattorovni lavozimidan ozod qilingan.