18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev eksport O‘zbekistonning “hayot-mamot” masalasi ekanini aytdi.

“Agar valyuta balansi, investitsiya yoki konvertatsiyani davom ettiramiz desak, eksportni importga nisbatan barqaror ushlab turishimiz kerak”, — dedi u.

Avval yozganimizdek, davlat rahbari iqtisodiy kompleks rahbariyati (bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov) hamda viloyatlar hokimlarining 2024-yilga mo‘ljallangan 18 milliard dollarlik eksport rejasi unga “mutlaqo ma’qul emas"ligini aytdi.

“Iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun eksportni yiliga kamida 30 foizga oshirib borishimiz zarur. Odamlarning jon boshiga daromadini oshiramiz desak, investitsiya kerak bizga, eksport kerak bizga”, — dedi prezident.

2023-yilning dastlabki 11 oyi ichida eksport 23,3 foizga (23,2 milliard dollar), oltinni hisobga olmaganda esa — bor-yo‘g‘i 5,7 foizga (15,05 milliard dollar) o‘sgan. Import esa 34,1 milliard dollarga (23.3 foiz) yetgan.

“O‘tgan yili ikki drayver tarmoq, to‘rtta hudud 2022-yilga nisbatan eksport hajmlarini kamaytirgani uchun 560 million dollar yo‘qotildi”, — dedi davlat rahbari. Shu bilan birga, 10 ta tuman va shaharlarda eksport avvalgi yil ko‘rsatkichlarining yarmiga ham yetmagan, deya ta’kidladi u yig‘ilishda.

Shavkat Mirziyoyev investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattorovni lavozimidan ozod qildi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ham, agar chorak oxirigacha vaziyatni tuzatmasa, ishdan bo‘shatiladi.

Prezident, shuningdek, investitsiya kompleksiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo‘lgan o‘rinbosarlarini ishdan bo‘shatib, ularga aniq KPI belgilashni va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olishni buyurdi. Natijaga qarab shartnoma uzaytiriladi yoki bekor qilinadi.

Boshqaruv xodimlarini ishdan bo‘shatishdan oldin prezident tizimdagi muammolarni keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi olti yil ichida 50 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar qabul qilingan, ammo ularning yalpi ichki mahsulotga, qo‘shilgan qiymatga va eksportga ta’siri bo‘yicha rahbarlarning hech birida tahlil yo‘q.

Masalan, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot va sanoat hajmi 6 foizga o‘sgan, “bu juda yaxshi ko‘rsatkich hozirgi zamon uchun”, ammo tovarlar eksportida o‘sish kuzatilmagan.

“Hududlarda moliyalashtirish to‘liq yakunlangan 8 trillion [so‘m]lik 1000 ta korxona haligacha ishga tushmagan”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.

sentabr oyi o‘rtalarida Markaziy bank tijoriy banklar va biznes uchun valyuta operatsiyalariga bir qator cheklovlar qo‘yishni rejalashtirgan, ammo jamoatchilikning noroziligidan keyin qaror bekor qilingandi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov bu mijozlarni nazorat qilish va sanksiya tavakkalchiligini kamaytirish choralarini ko‘radigan Bank nazorati qo‘mitasining qarori bo‘lganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy banklar O‘zbekistonda mijozlarni tekshirish yetarli darajada emasligi tufayli to‘lovlarni tasdiqlamagan.

Shuningdek, u ikkilamchi bank hisob raqamlari orqali chet el valyutasi tovarlar importi doirasida noqonuniy olib chiqib ketilishi mumkinligidan xavotirlarini bildirgan.

Noyabr oyida Markaziy bank yuridik shaxslar uchun chet el valyutasini sotib olish shartlarini o‘zgartirishni taklif qilgan. Xususan, valyuta sotib olish uchun ariza topshirilganda, ilova qilinishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar ro‘yxati kengaytirilishi, norezidentlar xorijdagi hisob raqamlariga yoki ular tomonidan tashkil etilgan xorijiy korxonalarga o‘tkazadigan mablag‘ning kelib chiqishi qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinishi mumkin. Markaziy bank konvertatsiya qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar “valyuta operatsiyalarini cheklashni emas, amaldagi normalarni aniqlashtirish va operatsiyalarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirishni” anglatishini ta’kidlagan. MB raisi o‘rinbosari Bobir Abubakirov “orqaga qaytish bo‘lmasligini” aytgan.