Rossiya hukumati 17-noyabr kuni avtomobil benzinini mamlakatdan olib chiqishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Rossiya ichki bozordagi narxlarni barqarorlashtirish maqsadida 21-sentabrdan avtomobil benzini va dizel yonilg‘isi eksportini vaqtinchalik taqiqlab qo‘ygandi. 6-oktabrda esa hukumat cheklovlarning bir qismini olib tashlagan va dizel eksport qilishga ruxsat bergan.

Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, ikki oy ichida “ichki bozor to‘yinishi ta’minlangan va avtobenzin yetkazib berishda, shu jumladan, birja savdo kanalida profitsit yaratilgan”. Ma’lumotlarga ko‘ra, eksport taqiqlanganidan beri birjadagi ulgurji narxlar “sezilarli darajada pasaygan” va avtomobil yonilg‘isi zaxiralari qariyb 2 mln tonnaga yetgan.

Avvalroq Reuters agentligi manbalariga tayanib, Rossiya kelgusi hafta benzin va dizel eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. Shuningdek, 8-noyabr kuni Rossiya energetika vaziri Nikolay Shulginov hukumat Ai-95`gacha bo‘lgan benzinning barcha markalari eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish masalasini muhokama qilayotganini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq Rossiya tomonidan benzin va dizel eksportiga kiritilgan cheklovlar O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir qilmaganini, davlatlar o‘rtasida hukumatlararo kelishuv tuzilganini bildirgan. Eslatib o‘tamiz, yil boshida O‘zbekistonga benzin importining aksar qismi Rossiya hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Tarmoqlarda yozishlaricha, Toshkentda Ai-95 sotiladigan yonilg‘i quyish shoxobchalarini topish muammo bo‘layotgani tufayli aholi yonilg‘i quyish uchun Qozog‘istonga bormoqda, u yerda benzin va gaz O‘zbekistonnikidan 2 baravar arzonroq ekani aytilgan.

Rossiyaning “Lukoyl” yonilg‘i quyish shoxobchasida Ai-95 narxi 14,5 ming so‘mdan 18,5 ming so‘mga oshgan. Ayrim shoxobchalarda Belarusdan keltirilgan Ai-95 benzin paydo bo‘lgan. Benzin markalari narxlarining oshishi neft narxining 3,5 oy ichida birinchi marta 80 dollardan tushishi fonida sodir bo‘lmoqda.