Prezident raisligida 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga ajratilayotgan mablag‘lar samarali ishlatilmayotgani ta’kidlandi, deya xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, eksportni kreditlashga 200 mln dollar resurs berilgan. Bundan tashqari, 2024-yilda eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga 800 mlrd so‘m yo‘naltirilmoqda. Prezident, shunga qaramay, Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birgalikda bu mablag‘lardan samarali foydalanishini ta’minlay olmayotganini ta’kidladi.

Masalan, eksport oldi moliyalashtirish uchun imtiyozli shartlarda ajratilgan har 1 dollarga o‘rtacha 5 dollarlik eksport to‘g‘ri kelyapti. Lekin, elektrotexnikada bu ko‘rsatkich 2,5 dollar, qishloq xo‘jaligida va farmatsevtikada 3 dollarni tashkil qiladi. Ayrim korxonalarning eksport hajmi olingan kreditdan kam bo‘lgan bo‘lsa, ba’zilari kredit olib, umuman eksport qilmagan.

Shuningdek, 2023-yili xalqaro standart joriy qilish va sertifikat olish uchun 4,5 mlrd so‘m mablag‘ berilgan 31 ta korxona eksport bilan shug‘ullanmagan. Davlat rahbari Eksport agentligi eksportchilarga haqiqiy ko‘makchi bo‘lish o‘rniga davlatdan berilgan tayyor pulni yo‘naltiradigan “buxgalter-kassir”ga aylanib qolganini tanqid qildi.

Shuningdek, endilikda eksportni qo‘llab-quvvatlash tizimi o‘zgarishi belgilandi. Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi. Yangi tizimga muvofiq, Investitsiya vazirligi chet eldagi qaysi bozorda qanday mahsulotlar xaridorgir ekanini aniqlaydi. Ularga kirish uchun hukumatlararo kelishuvlarga erishadi.

Savdo-sanoat palatasi esa tadbirkorlarga yangi bozorlar talablariga moslashishga ko‘maklashadi. Savdoni rivojlantirish kompaniyasi beradigan subsidiya, kredit va yordamlar yangi tadbirkorlik reytingi asosida, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot bilan yangi bozorlarga chiqayotgan eksportchilarga ajratiladi. Prezident 1-martdan ushbu tizimni joriy qilish topshirig‘ini berdi.