O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2023-yilda o‘tgan yilga nisbatan 12 mlrd dollarga yoki 23,8 foizga o‘sib, 62,57 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlaridan kelib chiqadi.

Yil davomida eksport 23,8 foizga — 24,4 mlrd dollargacha, import 24 foiga — 30,1 mlrd dollargacha oshdi. Tashqi savdo taqchilligi 13,7 mlrd dollardan ortiqni tashkil etdi, bu 2022-yilga nisbatan 24,3 foizga ko‘p (-11,03 mlrd dollar). Agar rekord darajadagi oltin eksporti va xizmatlar sohasidagi ijobiy saldo bo‘lmaganida, bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lardi.

Eksport

O‘zbekiston dekabr oyida oltin eksport qilmadi. Ammo 12 oy ichida oltin sotuvi rekord daraja — 8,15 mlrd dollarga yetdi, bu 2022-yilgi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘p. Qimmatbaho metallni yetkazib berish mamlakat eksportining uchdan bir qismini (33,4 foiz) tashkil etdi, ko‘rsatkich 2022-yilda 21,3 foiz edi.

Oltinni hisobga olmaganda, eksport qiymat jihatidan atigi 4,5 foizga ko‘paydi va 16,17 mlrd dollarni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlarining eksportdagi ulushi 22,2 foizdan 16,6 foizga, yetkazib berish hajmi esa 4,38 mlrd dollardan 4,06 mlrd dollargacha qisqardi.

2023-yilda sabzavot va mevalar savdosi 1,76 mln tonnaga (+1,1 foiz), qiymat jihatidan esa 1,18 mlrd dollarga (+3,3 foiz) oshdi. Meva-sabzavot eksportining asosiy bozorlari Rossiya (37 foiz), Pokiston (16,7 foiz), Xitoy (12,3 foiz) va Qozog‘iston (10,3 foiz) bo‘ldi.

Donli ekinlar va undan tayyorlangan mahsulotlar eksporti 478,8 mln dollargacha (+34,4 foiz), qahva, choy, kakao eksporti hajmi 27,6 mln dollargacha (+12,1 foiz), ichimliklar 60,1 mln dollargacha (+35,3 foiz), neft va neft mahsulotlari 333 mln dollargacha (2 baravar), noorganik kimyoviy moddalar 497,5 mln dollargacha (+22,6 foiz), cho‘yan va po‘lat — 185,9 mln dollargacha (+11,3 foiz), metall buyumlar 130,2 mln dollargacha (+11,9 foiz), charm mahsulotlari eksporti esa 41,3 mln dollargacha (+17 foiz) oshdi.

Xorijga avtomobillar yetkazib berish hajmi 127,5 mln dollarni tashkil etdi. Shuningdek, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish hajmi 366,3 mln dollarni (+25,1 foiz), elektrik mashina va qurilmalar 227,7 mln dollarni (-0,3 foiz), energogenerator uskunalari va mashinalar 175,5 mln dollarni (+1,6 foiz), elektr aloqasi, ovozni yozish va ovozni eshittirish apparaturalari va uskunalari 118 mln dollarni (2,2 barobar), boshqa transport vositalarini yetkazib berish hajmi esa 100,1 mln dollardan iborat bo‘ldi (8,5 baravar).

Gaz eksporti qariyb 2 baravarga — 529,9 mln dollargacha, elektr energiyasi eksporti esa 76,6 mln dollargacha (-37,8 foiz), o‘g‘itlar 336,3 mln dollargacha (-18 foiz), rangli metallar 1,38 mlrd dollargacha (-9,9 foiz), tibbiy va farmatsevtika mahsulotlari 37,9 million dollargacha (-11,7 foiz), to‘qimachilik mahsulotlari sotuvi esa 3,05 mlrd dollargacha pasaydi (3,8 foiz).

Import

Importga keladigan bo‘lsak, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hajmi yuqori darajada qolmoqda: don va undan tayyorlangan mahsulotlar — 1,12 mlrd dollar (+5,3 foiz), shakar, shakar mahsulotlari va asal — 558,2 mln dollar (-2,3 foiz), qahva, choy, kakao, ziravorlar — 385,3 mln dollar (+23 foiz), o‘simlik moylari va yog‘lari — 354,9 mln dollar (+16,4 foiz), go‘sht va go‘sht mahsulotlari — 348,4 mln dollar (+9,1 foiz), sabzavot va mevalar — 348,4 mln dollar (+23,5 foiz), sut mahsulotlari va qush tuxumlari — 211,5 mln dollar (+31,7 foiz).

Neft va neft mahsulotlari importi ham o‘sdi — 1,61 mlrd dollar (+27 foiz), ko‘mir, koks va briketlar 204,4 mln dollarlik import qilingan (+67,8 foiz). Gaz yetkazib berish 2,5 barobarga oshib, 694,9 mln dollarni tashkil etdi. Agar sentabr oyida 286 mln dollarga, oktabrda 73,8 mln dollarga va noyabrda 1 mln dollarga gaz import qilingan bo‘lsa, dekabrda 132,2 mln dollarlik gaz sotib olingan.

Avtomobillar importi 4,34 mlrd dollargacha (1,7 baravar), ehtiyot qismlar importi 148,3 mln dollargacha (+68,8 foiz) oshdi.

Yil davomida samolyotlar yetkazib berish hajmi 2,6 baravarga — 939,5 mln dollargacha, noyabrda — 139,5 mln dollarga, dekabrda — 185,9 mln dollarga oshgan.

O‘g‘itlar importi ikki barobarga oshib, 167,2 mln dollarni tashkil etdi. Avval xabar berganimizdek, importning keskin o‘sishi “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati korxonalari kamroq gaz olgani sababli ishlab chiqarish hajmining kamayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun Rossiyaning “Tolyattiazot” kompaniyasidan 55,3 ming tonna ammiak import qilinib, 64,2 ming tonna ammiakli selitra (mamlakatdagi umumiy ishlab chiqarishning 8 foizi) ishlab chiqarildi.

Shunisi e’tiborga loyiqki, avvalgi yillarda barqaror o‘sish kuzatilganiga qaramay, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish hajmi 1,6 mlrd dollargacha (-2 foiz) kamaydi.

Shuningdek, O‘zbekistonga 2,55 mlrd dollarlik (+1,7 foiz) cho‘yan va po‘lat, 940,1 mln dollarlik (+28,4 foiz) metall buyumlar, 675,4 mln dollarlik (+24,1 foiz) to‘qimachilik iplari, gazlamalar, tayyor mahsulotlar, 543,5 mln dollarlik (1,5 baravar) rezina buyumlar, 479,6 mln dollarlik (+6,7 foiz) qog‘oz va karton hamda boshqalar import qilingan.

Xizmatlar va ishlab chiqarilgan mahsulotlar

Yanvar-dekabr oylari yakuni bo‘yicha xizmatlar eksporti hajmi 5,8 mlrd dollarni yoki umumiy savdo eksporti hajmining 21,2 foizini tashkil etdi va 2022-yilga nisbatan 16,2 foizga oshdi. Xizmatlar eksportidagi asosiy ulush transport (43,2 foiz), sayohat (turizm, 41,4 foiz), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari (8,5 foiz) va boshqa tadbirkorlik xizmatlariga (3,1 foiz) to‘g‘ri keladi egallaydi.

Xizmatlar importi 2,57 mlrd dollarni (+0,7 foiz) tashkil etdi.

O‘zbekistonga sanoat mahsulotlari yetkazib berish hajmi 6,3 mlrd dollarga (+10 foiz) yetdi. Asosiy hajm Rossiya (2,17 mlrd dollar, ulushi 34,3 foiz) va Xitoy (1,95 mlrd dollar, 30,9 foiz), shuningdek, Qozog‘iston (715,2 mln dollar, 11,3 foiz), Turkiya (353,6 mln dollar, 5,6 foiz) va Janubiy Koreya (209,6 mln dollar, 3,3 foiz) ulushiga to‘g‘ri keladi.

Taqqoslash uchun: 2022-yil oxirida Rossiya ulushi 42,3 foiz (2,4 mlrd dollar), Xitoy ulushi 21,9 foiz (1,25 mlrd dollar), Qozog‘iston ulushi 12,5 foiz (721,5 mln dollar), Turkiya ulushi 5,3 foiz (306,2 mln dollar) va Janubiy Koreya ulushi 3,8 foizni (220 mln dollar) tashkil etgan.