Davlat tashkilotlariga budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga Yangi yil korporativini o‘tkazish taqiqlandi

Bosh vazir Abdulla Aripov barcha turdagi davlat tashkilotlari va hokimliklarga budjet va undan tashqari mablag‘lar hisobidan Yangi yil bayrami munosabati bilan korporativ yig‘ilishlarni tashkil etish, bayram dasturxonini yozish hamda mushakbozlik uyushtirishni taqiqladi.

Prezident AI-80 benzinini aksiz solig‘idan ozod qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi

O‘zbekiston prezidenti AI-80 benzinini 2023 yil 1 martiga qadar aksiz solig‘idan ozod qilishni nazarda tutgan qarorni imzoladi. Hujjatda «O‘zneftgazinspeksiya» va «O‘zenergoinspeksiya»ga biznes ombudsman bilan kelishmasdan tadbirkorlar faoliyatini tekshirishga ruxsat berilmoqda.

Ai-80 benzini narxi 1100 so‘mga arzonlashadi

13 dekabr, soat 00:00 dan boshlab, «O‘zbekneftgaz»ga qarashli UNG Petro shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi 5700 so‘mgacha tushadi. Bu Ai-80 benzinini olib kirish va sotishga bo‘lgan aksiz solig‘ining bekor qilinishi bilan bog‘liq.

Xalqaro reytinglarga kirgan OTMni tugatgan yosh kadrlarga 12 mln so‘mgacha ustama beriladi

Xalqaro reytinglarning 500 talik ro‘yxatiga kirgan OTMni tugatgan kadrlarga 12 mln so‘mgacha, ilmiy daraja olganlarga esa 22,5 mln so‘mgacha ustama beriladi. Ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi o‘rtasidagi shartnoma asosida har oy to‘lanadi.

Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya AQShga boradi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 12−14 dekabr kunlari AQShga tashrif buyuradi. Strategik sheriklik muloqotining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etadi, Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokara o‘tkaziladi.

Moskvada avtobuslardan o‘zbek tilida rus armiyasiga chaqiriqlar olib tashlandi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Moskva avtobusi salonida o‘zbek tilida Rossiya armiyasi safiga qo‘shilish chaqirig‘i efirga uzatilgan lavhalar paydo bo‘lgan edi. «Mosgortrans» bunday xabarlar allaqachon efirdan olib tashlanganini ma’lum qildi.

Angren neft bazasidan 11 500 litr benzin sizib chiqdi

Toshkent viloyati Angren neft bazasida 5000 metr kub hajmdagi sig‘im sifonining jo‘mragi havo harorati pasayishi tufayli muzlab, yorilib ketdi. Oqibatda zavoddan 11 500 litr benzin sizib chiqdi. Korxona rahbari hech kimga jiddiy zarar yetkazilmaganini ma’lum qildi.

Surxondaryoda gaz «zapravka»lar faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatildi

Surxondaryoda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz qo‘yish shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatildi.

Toshkent — Urganch — Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi

Yangi yil bayrami munosabati bilan yo‘lovchilarni tashishni tashkil qilish maqsadida 18−20−23−25−27−30 dekabr va 3−6−8−10−13−15 yanvar kunlari Toshkent — Urganch — Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha 12 ta poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Shavkat Mirziyoyev OTP Bank bank boshqaruv raisi Shandor Chani bilan uchrashdi

12 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti OTP Bank bank boshqaruvi raisi Shandor Chanini qabul qildi. Davlat rahbari «Ipoteka-bank»ni xususiylashtirish bo‘yicha bitimi muvaffaqiyatli yakuni va Yevropaning yetakchi bank-moliya instituti O‘zbekiston bozoriga kirib kelgani bilan bank boshqaruvi raisini tabrikladi.

Surxondaryoda elektr qarmoq bilan noqonuniy baliq ovlaganlar ushlandi

Termiz tumanida ikki fuqaro Uchqizil kanalidan taqiqlangan ov quroli — elektr qarmoq bilan baliq tutgani aniqlandi. Oqibatda hayvonot dunyosiga 45 mln so‘m zarar yetkazildi. Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudida ko‘rib chiqiladi.

Toshkentdagi «Ilxom» teatrida yong‘in sodir bo‘ldi

Dushanba kuni erta tongda Shayxontohur tumanidagi «Ilhom» teatrining 1-qavatidagi ko‘rgazmalar zalida yong‘in chiqdi. Spektakllar kamida ikki haftaga qoldirildi.

«Ipoteka-bank»dagi davlat ulushining 75 foizi OTP Bank’ga sotildi

12 dekabr kuni Vengriya va O‘zbekiston vakillari ishtirokida «Ipoteka-bank»ni xususiylashtirish shartlari bitimi bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini imzolandi. Bitimning moliyaviy yakuni 2023 yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Andijonda tadbirkor 2 mingta xonadon bir oy ishlatadigan tabiiy gazni noqonuniy sarfladi

Andijonda tadbirkor tegishli hujjatlarsiz aholi uchun tortilgan tabiiy gaz tarmog‘iga ulanib, yashirin ohak sexi ochgan. Bu vaqtda u 1 mln 642 ming kub tabiiy gazni noqonuniy sarflangan, bu 2 mingta xonadonning bir oylik gaziga teng.

Jizzax elektr tarmoqlari masjidlardan 58,2 mln so‘m ortiqcha mablag‘ undirgani aniqlandi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Jizzaxda masjidlardan elektr energiya uchun ortiqcha mablag‘ undirilganini aniqladi. «Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» 2019−2021 yillar mobaynida 58 million 289 ming so‘m noto‘g‘ri hisoblagan.

Qashqadaryoda bir oilaning uch nafar a’zosi is gazidan vafot etdi

Qarshi tumanida 77 yoshli fuqaro kelini va nabirasi bilan yashash xonadonida is gazidan zaharlanib vafot etdi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi hamkorlikni rivojlantiradi

Senat raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining yillik yig‘ilishida qatnashdi. Majlisda qo‘shni davlatlar ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi hamkorlikni rivojlantirish borasida qator hujjatlar qabul qildi.

Shuhrat G‘aniyev: Bu yil 22 mln tonnadan ortiq meva-sabzavot, 2,7 mln tonna go‘sht olishga erishildi

Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning aytishicha, 2022 yil qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun haqiqiy sinov yili bo‘ldi. Biroq shunday og‘ir yilda ham barcha tarmoqlarda yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi. 22 mln tonnadan ortiq meva-sabzavot, 2,7 mln tonna go‘sht, 3,5 mln tonna paxta olishga erishildi, dedi u.

Nukus voqealari bo‘yicha komissiya Bosh prokuraturani ochiqlikka chaqirdi

Nukus voqealari bo‘yicha komissiya Bosh prokuraturani jamoatchilik qiziqayotgan ma’lumotlarni ochiqlashga chaqirdi. Gap aynan huquq-tartibot organlari ortiqcha kuchlarni ishlatgani, inson huquqlari buzilgani, qolaversa, necha kishi hibsda qolayotgani va qanchasi ma’muriy javobgarlikka tortilgani haqida ketmoqda.

Hafta davomida havo harorati biroz iliq bo‘lishi kutilmoqda

O‘zbekistonda hafta yakunigacha havo asta-sekin iliydi. Harorat kechasi 0 daraja, kunduzi +7…+10, ba’zi joylarda +14 darajagacha isiydi. Respublika bo‘ylab ba’zi joylarga tuman tushishi kutilmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning ekstensiv yo‘lidan voz kechishi kerak» — Yaponiyadagi o‘zbek olimi Aziz Omonov bilan suhbat

Yer kimlarningdir nafsi uchun uvol qilinmay, ishlaydigan odamga berilishi kerak; «chinakam innovatsiyalar» suv tanqisligi oqibatlarini yumshatadi, ammo ular joriy etilmasa, mintaqadagi bo‘lajak agrar muammolardan eng ko‘p o‘zbekistonliklar aziyat chekadi, deb hisoblaydi yapon universiteti doktoranti Aziz Omonov.

Nima o‘qiymiz? Iqtisodchi Otabek Bakirov tavsiya qiladi

«Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etish maqsadida «Nima o‘qiymiz?» loyihasini davom ettiradi. Eng sara asarlar, o‘qilishi shart 10 kitob haqida olim, tadqiqotchi, yozuvchi-shoir, tarjimon, jurnalist va jamoat faollarining tavsiyasini sizga yetkazamiz.