UzAuto Motors 8-may kuni soat 10:00 dan boshlab avvalgi shartnomalardan chiqarilgan Chevrolet Lacetti (Gentra), Damas va Labo avtomobillari uchun kontraktatsiyani qayta ochadi, bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“UzAuto Motors muntazam ravishda avvalgi avtomobillar xaridi uchun tuzilgan shartnomalardan chiqarilgan hajmlarni kontraktatsiyaga taklif etib kelmoqda. Shu munosabat bilan 8-may kuni soat 10:00 da 4 500 dona Chevrolet Lacetti (Gentra) avtomobili uchun kontraktatsiya ochilishi rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Barcha avtomobillar uchun shu zahoti olib ketish imkoniyati bilan shartnoma tuzish mumkin bo‘ladi. Kompaniya, shuningdek, Damas va Labo avtomobillari uchun ham kontraktatsiyani ochadi. Bunda avtomobillar narxi o‘zgarishsiz qoladi.

Bundan tashqari, UzAuto Motors avtomobil zavodi yaqin kunlarda Chevrolet Cobalt avtomobilini yangilangan modifikatsiyada ishlab chiqarishni boshlaydi. Unda ekstererning qisman restaylingi mavjud bo‘ladi. Yangilangan avtomobillardagi o‘zgarishlar va kontraktatsiya vaqti haqida keyinroq xabar berilishi ta’kidlangan.

Chevrolet Lacetti, Damas va Labo avtomobillari uchun shartnoma tuzish faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshirilishi mumkin. Telegram-bot hamda UzAvtosavdo ilovasi navbatni kuzatish xizmatini hamda mavjud avtomobillar haqida ma’lumotni taqdim etadi.

UzAuto Motors 2024-yil yanvaridan Chevrolet Gentra (Lacetti) sedanini ishlab chiqarishni to‘xtatgandi.