Abdulaziz Kamilov Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari bo‘ldi

2012 yildan buyon Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Abdulaziz Komilov prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari etib tayinlandi. TIV rahbarining vazifalarini bajarish Vladimir Norov zimmasiga yuklatildi.

A’zam Abdullayev «O‘zkomnazorat» boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi

Hukumat qarori bilan A’zam Abdullayev Axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi («O‘zkomnazorat») boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. «O‘zkomnazorat»ning avvalgi rahbari ayrim ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan lavozimidan chetlashtirilgan edi.

Prezident texnikumlar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishni buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev texnikumlar bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirig‘ini berdi. Bunda agrar sohadagi barcha texnikumlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ulardagi o‘quv dasturlar, metodologiya, darsliklar va amaliyot tizimi butkul qayta ko‘rib chiqiladi.

To‘xtab turish va avtomobil qo‘yish joylaridagi yo‘l belgilari o‘zgaradi (Foto)

1 maydan respublikadagi to‘xtab turish va avtomobil qo‘yish joylarida turli ko‘rinishdagi yo‘l belgilari o‘rnatiladi. Avvalgi yo‘l harakati qoidalarida to‘xtash joyi belgisi faqat bir ko‘rinishda edi.

«OAV erkinligi uchun xalqaro tashkilotlar yordami kerak» — Komil Allamjonov

Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi rahbari Komil Allamjonov BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet bilan uchrashuvda OAV erkinligini ta’minlash uchun xalqaro tashkilotlarning ko‘magi zarurligini ta’kidladi. U BMT boshqarmasi bilan hamkorlik matbuotni rivojlantirish va «aholini agressiv va shafqatsiz xorijiy tashviqotdan» himoya qilish uchun muhim deb atadi.

O‘zbekistonda shinalar, avtomobil ehtiyot qismlari va gilamlarni markalash joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda shinalar, avtomobil ehtiyot qismlari va gilamlarga majburiy markalashni joriy etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, bu sohalarda soxtalashtirish va kontrafakt darajasi yuqori.

Qorako‘lchilik va ipakchilik uchun berilgan imtiyozlar muddati uzaytirildi

Qorako‘lchilik mahsulotlarini yetishtiruvchilar uchun soliq va bojxona imtiyozlari 2026 yil 1 yanvargacha uzaytirildi.

Andijon tajribasi: tovuqlar tuxum tug‘yaptimi yoki muammo?

Andijon viloyatida aholini parrandachilikka keng jalb etish dasturi amalga oshirilmoqda. Davlat OAVlari har 100 ta tovuqdan 80 tasi tuxum tug‘ib, 2 mln so‘m (tuxum narxi 1500 so‘m bo‘lsa) sof foyda keltirishi mumkinligi haqida xabar bermoqda. Biroq ayrim aholi vakillari tovuqlar 30 donadan ko‘p tuxum qo‘ymayotgani, ba’zilari o‘lib ketayotgani va tuxum 700 so‘mdan sotilayotgani, shuning uchun ham zarar ko‘rayotganini aytishmoqda. Andijon hokimligi ushbu holatlar bo‘yicha munosabat bildirdi.

«Farmasintez» O‘zbekistonda ishlab chiqarishni tashkil etish uchun $30 mln sarmoya kiritadi

Rossiyaning eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri «Farmasintez» O‘zbekistonda ishlab chiqarishni tashkil etish uchun 30 mln dollar miqdorida sarmoya kiritmoqda. Kompaniya 2023 yilda saratonga qarshi dori vositalarini ishlab chiqarishni boshlaydi.

30 aprel kuni umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi

Hukumat farmoyishiga ko‘ra, shanba kuni O‘zbekistonda umumxalq hayriya hashari bo‘ladi.

2021 yilda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining 87 foizi oilada sodir etilgan

2021 yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 39343 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 34330 tasi yoki 87 foizi oilada sodir etilgan.

Mualliflik huquqini muntazam ravishda buzuvchi saytlar faoliyati vaqtincha cheklanadi

Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilish holatlarini tizimli ravishda sodir etib kelgan veb-saytlar faoliyati vaqtincha cheklanadi. Intelektual mulk sohasida davlat nazorati kuchaytiriladi.

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan nojo‘ya harakatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Senatda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, voyaga yetmaganlarga nisbatan nomaqbul harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi.

Chiroqchida YPX inspektoriga qarshilik ko‘rsatgan shaxslarga jinoyat ishi ochildi

iroqchi tumanida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xizmat olib borayotgan YPX xodimlari va aholi o‘rtasida mojaro kelib chiqdi. Fuqarolardan biri inspektorning pogoni va bodikamerasini yulib olgan. Tuman prokuraturasi ularga nisbatan jinoyat ishi ochdi.

Dehqonobodda qo‘ng‘ir ayiq bolasi o‘lik holda topilgani bo‘yicha ma’lumot berildi

25 aprel kuni Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida ekologlar ona qo‘ng‘ir ayiqni ikki bolasi bilan uchratib qolgan edi. Bir kun o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda bolalarning bittasi o‘ldirilgani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv natijasida gumonlanuvchi aniqlandi. Uning uyidan bir dona ayiq bolasining terisi topilgan. Lekin gumondor ayiq bolasini o‘lik holda topganini aytmoqda.

Farg‘ona vodiysida sel hodisalari kuzatilishi mumkin

O‘zgidromet 27 aprel kuni kuchli yog‘ingarchilik tufayli Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida sel kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Vaziyat yaxshilandi, ammo hali qaytishni tavsiya qilmaymiz». O‘zbekistonlik shifokor Kiyevdagi vaziyat haqida

Kiyevda ishlayotgan o‘zbekistonlik shifokor Temurbek Yusupov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida Ukraina poytaxtida vaziyat ancha yaxshilangani, komendantlik soati qisqargani, jamoat transporti ishi tiklanganini aytdi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar hozircha shaharga qaytishni tavsiya etmayapti, chunki vaziyat keskin yomonlashishi mumkin. Shuningdek, u Polsha bilan chegarada sodir bo‘lgan YTHda yana bir o‘zbekistonlik halok bo‘lganini ma’lum qilib, Ukrainadagi «banderovchilar va natsistlar» haqidagi xabarlar bo‘yicha fikr bildirdi.

Foto: Chaqiriluvchilar Vatanga sadoqat qasamyodini qabul qildi

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar Vatanga sodiqlik qasamyodini qabul qildi. Marosimda «Gazeta.uz» fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin ishtirok etib, chaqiriluvchilarning ota-onalari bilan suhbatlashdi.

Jizzaxdagi sel qabristonning yarmini oqizib ketdi, yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi choralar ko‘rilmoqda

Jizzax viloyati Egizbuloq mahallasiga kelgan sel 70 dan ortiq qabrni oqizib ketgan. SES xodimlari aholi orasida turli kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun suv va tuproq namunalarini olishdi hamda aholiga dori va antiseptik vositalari tarqatdi.

«Dadam: „Jeff Bezosni ko‘rdingmi?“ — deb so‘rardi» — Amazon kompaniyasining reklama bo‘yicha konsultanti Irina Ablyazova

Amazon kompaniyasining tematik reklamalarning avtomatlashtirilgan xaridi bo‘yicha konsultanti Irina Ablyazova — «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasining navbatdagi mehmoni. Biz undan Amerikadan bo‘lmaslik ish topishga qanday yordam berishi, kompaniyaning qat’iy korporativ madaniyati, nima uchun rahbariyatga chuqur hurmat bilan munosabatda bo‘lish shart emasligi va AQShga qanday qilib borish mumkinligi haqida so‘radik.