28-mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi ijtimoiy tarmoqlarda prezident Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilgan va xorijga noqonuniy chiqqan 27 yoshli yigitga nisbatan hukm chiqardi. “Gazeta.uz” sud qarorini o‘rgandi.

Qayd etilishicha, Namangan shahrida yashovchi fuqaro D.T. 2023-yilning 4-dekabr kuni Erondan qaytgach Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi (Prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki internetdan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish) va 223-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekistonga kirish) bo‘yicha qo‘lga olingan. Birinchi moddada 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, ikkinchisida esa 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan.

Ish materiallariga ko‘ra, 2016-yilning sentabr oyida u OVIR stikerini (2019-yil 1-yanvardan O‘zbekiston chet elga vaqtinchalik chiqish uchun ruxsatnoma stikerlari berishni to‘xtatgan va o‘rniga xorijiy pasportlarni joriy qilgan) olmasdan Eronga jo‘nab ketgan.

Bundan tashqari, sud qarorida ta’kidlanishicha, sudlanuvchi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 9-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida rejalashtirilgan ishtiroki haqidagi maqoladan ko‘chirib olingan ekran tasvirini joylashtirib, tuhmatli izoh qoldirgan.

U Muhammad Sanjar nomli akkaunti orqali 21-iyul kuni Facebook`da prezident Umra ziyoratini ado etayotgan paytda tushgan suratni joylashtirib, ekspertlar tomonidan haqorat mazmunidagi axborot deb topilgan izoh bilan joylashtirgan.

Sudlanuvchi 158-moddaning 3-qismida nazarda tutilgan aybiga qisman iqror bo‘lgan, biroq bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, chet elga noqonuniy chiqish aybloviga rozi bo‘lmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida imtihondan o‘ta olmagani uchun Erondagi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish uchun mustaqil ravishda xorijga ketgan. Eronda 4 yil tahsil olib, Al mustafo xalqaro universitetining diplomini olgan.

2022-yilda D.T. qidiruvga berilganini bilib, 2023-yil 3-dekabr kuni Tehron shahridan Toshkentga uchib kelgan. Erkak hech qanday diniy tashkilotga a’zo emasligini ta’kidlagan.

Ish materiallarida blogerlar Olimjon Haydarov va Abduqodir Mo‘minovlarning hibsga olinishi va sud jarayoni bilan bog‘liq boshqa izohlar ham bor.

Sud Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismi “b” bandidan Jinoyat kodeksining 223-moddasi 1-qismiga qayta malakaladi. Fuqaroni Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasi va 158-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Uning Redmi Note 11 telefoni davlat foydasiga musodara qilindi.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida sud Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi 19 yoshli yigitni Instagram`da Shavkat Mirziyoyevga nisbatan haqoratli fikr yozgani uchun 2 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgandi. Sudya, shuningdek, sudlanuvchining ushbu ijtimoiy tarmoqdagi akkauntini bloklashga qaror qilgan. O‘shanda “Gazeta.uz” mazkur modda bo‘yicha 10 ga yaqin sud qarorini o‘rganib chiqqan va bu ko‘p oylardan buyon prezidentni haqorat qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilgan birinchi sud qarori ekanini aniqlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil mart oyida Jinoyat kodeksi telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetdan foydalangan holda prezidentni ommaviy haqoratlash yoki tuhmat qilish uchun javobgarlikni belgilovchi modda bilan to‘ldirilgan.