Farg‘ona viloyatidan fuqaro O.P. bir guruh mahalla fuqarolari nomidan Inson huquqlari bo‘yicha vakilga avtohalokat xavfi yuqori bo‘lgan chorrahalarga svetofor o‘rnatishga yordam berishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Arizachi Marg‘ilon shahridagi “Xo‘ja porso” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, 4-oilaviy poliklinika va 10-maktab yo‘l yoqasiga yaqin joylashganini ta’kidlagan. Hududning 7 mingdan ortiq aholisi, jumladan, bolalar chorrahani kesib o‘tishga majbur bo‘lgan.

Murojaatni ombudsman o‘z nazoratiga olgach, uning Farg‘ona viloyatidagi vakili Marg‘ilon hokimligi bilan birgalikda holatni ko‘rib chiqdi.

“Haqiqatdan ham, mazkur chorrahada avtomobillar oqimi juda yuqori hamda poliklinika va maktab yo‘l yoqasiga yaqin joylashgani sababli hududdagi aholi yo‘l kesishmasidan o‘tishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelayotgani aniqlandi”, — deyiladi xabarda.

Ombudsmanning “tegishli tashkilotlar”ga murojaatidan so‘ng Marg‘ilon shahrining Alisher Navoiy ko‘chasidagi chorrahaga svetofor o‘rnatildi.

Ombudsman idorasi xabarida ta’kidlanishicha, prezidentning 2022-yil 4-apreldagi qaroriga muvofiq, svetofor qurilmasi o‘rnatilishi rejalashtirlayotgan chorraha yoki yo‘l uchastkasi shaharsozlik normalari va qoidalariga mosligi nuqtai nazaridan o‘rganiladi, shuningdek, ushbu joydan o‘tadigan piyodalar va transport vositalarining harakat jadalligi hisoblanadi. Mazkur joy amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga javob bersa, svetofor qurilmasini o‘rnatish bo‘yicha ijobiy xulosa qilinadi.