Shavkat Mirziyoyev — investorlarga: “Prezident va hukumat muvaffaqiyatingizni kafolatlaydi”

Prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlab, O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmaydigan real haqiqat ekanligini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev xorijiy investorlarga yuzlanib, “2026 yilga qadar iqtisodiyotdagi eksklyuziv huquqlar va 25 dan ortiq faoliyat bo‘yicha monopoliyalar tugatilishini” ma’lum qildi. U shuningdek, kelgusida 7 ta yo‘nalish doirasida ishbilarmon uchun yaratiladigan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

YPX xodimi suratini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlash taklif etilmoqda

IIV YPX xodimining foto va videosini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlashga oid taklif nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini e’lon qildi. Jamoatchilik vakillari esa bunga qarshi munosabat bildirdi, jumladan, Davletovuz yozishicha, “bu yopiqlikka, orqaga tashlangan qadam”. Nurbek Alimov esa bu bilan jamoatchilik nazorati yo‘qolishini ta’kidladi. Xushnudbek esa VMning bunday cheklov o‘rnatishga vakolati yo‘qligini eslatib o‘tdi.

Shakarning birja narxlari tushdi. Narxlar oshishiga “vahimachi tadbirkorlar” sababchi qilib ko‘rsatildi

Oxirgi ikki savdo kunida shakarning birja narxi qariyb 30 foizga — 8735 so‘mgacha arzonlashdi. Xorazm shakar zavodi vakili narxlarning oshishida “vahima ichida katta hajmdagi mahsulotlarni sotib olib, narxlarning sun’iy ravishda oshishiga sabab bo‘lgan” tadbirkorlarni aybladi.

Prezident investorlar bilan Surxondaryodagi 1,56 GVt quvvatga ega IES qurilishini boshlab berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi. Quvvati 1,56 GVt va umumiy qiymati 1,2 mlrd dollar bo‘lgan IES oxirgi yillarda mamlakatda quriladigan eng yirik issiqlik elektr stansiyasi bo‘ladi. Loyiha Germaniyaning Siemens Energy, Fransiyaning YeDF va Niderlandiyaning Stone City Energy kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

Ipoteka va ta’lim kreditlarining foiz stavkalari yil oxirigacha o‘zgarmaydi

arkaziy bankning asosiy stavkasi 17 foizga oshirilganidan so‘ng, yangi kreditlar foizi va kredit resurslarining qiymati ham o‘sishi kerak edi. Biroq, prezident yil oxirigacha ipoteka va ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarini o‘zgartirmaslik to‘g‘risida topshiriq berdi, deb xabar qildi moliya vaziri Timur Ishmetov.

Jamshid Qo‘chqorov — valyuta kreditlari va oziq-ovqat narxlari bo‘yicha choralar haqida

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov banklar va Markaziy bank O‘zbekiston aholisiga rublda pul o‘tkazmalarini uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, davlat tadbirkorlarga valyuta kreditlarini so‘mlik qarzga aylantirish imkoniyatini beradi, shuningdek, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun bojxona to‘lovlarini nolga tenglashtiradi.

“Soliq ma’murchiligidagi barcha o‘zgarishlar keyingi yilga qoldirilishi mumkin” — Timur Ishmetov

O‘zbekistonda soliq ma’murchiligidagi barcha o‘zgarishlar bir necha oyga yoki keyingi yilga qoldirilishi mumkin, deb xabar berdi moliya vaziri Timur Ishmetov. Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident 2022 yilda avval tasdiqlangan budjet taqchilligini saqlab qolish va ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘zbekiston qanday qilib eksportchilarni qo‘llab-quvvatlaydi va yuk tashish xarajatlarini kamaytiradi?

Jahonda sodir bo‘layotgan voqealar fonida ba’zi eksportchilar boshqa logistika koridorlaridan foydalanishga majbur bo‘lganligi sababli ularning transport-logistika xarajatlari oshdi, dedi ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov. Shundan kelib chiqib, Eksportni rag‘batlantirish agentligi transport xarajatlari uchun kompensatsiya miqdorini oshiradi, qolaversa, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan ham yuk tashish xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Qozog‘iston bilan shakar va bug‘doyni temir yo‘l orqali tashishni 30 foizgacha arzonlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Qaror talablarini buzish va narxlarni oshirish ayblovi: Autodriver Study atrofida nimalar bo‘lmoqda?

Deputat Rasul Kusherbayev Toshkentdagi haydovchilik guvohnomasini beruvchi Yagona imtihon markazi ochilishida prezident qarori talablari buzilganini ma’lum qildi. Kompaniya asoschisi Komil Allamjonov esa ayblovlarni rad etib, deputatga “eski korrupsiyalashgan tizim ko‘proq yoqishi mumkin"ligini taxmin qildi. Yaqinda markaz valyuta kursi va boshqa mamlakatlardagi vaziyat bilan izohlagan holda narxlarni oshirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda, muqobillar yo‘qligiga qaramay, markaz ustun mavqega ega bo‘lgan kompaniyalar reyestriga kiritilmaganiga e’tibor qaratildi.

To‘qqizta hududda sel-suv toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin

26−27 mart kunlari to‘qqizta viloyatning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin xavfi e’lon qilindi.

23 mart kuni faqat Toshkentda koronavirus bemorlari aniqlandi

O‘zbekistonda yangi koronavirus holatlari soni keskin kamayib bormoqda. Chorshanba kuni faqat poytaxtda 6 kishida koronavirus aniqlandi. Oxirgi bor bunday past ko‘rsatkich pandemiya boshida — 2020 yil martda qayd etilgan edi.

USAID SSVga tuberkulyozni bir kunda aniqlaydigan 16 ta ekspress-diagnostika tizimini sovg‘a qildi

24 mart — Butunjahon silga qarshi kurash kunida USAID Sog‘liqni saqlash vazirligiga 16 ta GeneXpert diagnostika uskunasini sovg‘a qildi. Ushbu tizimlar bir kun ichida sil kasalligini diagnostika qilish imkonini beradi, boshqa muqobillari esa natijalarni 80 kunda chiqarib beradi.

Karmana, Kitob va Shahrisabzda olti yil davomida kanalizatsiya quriladi

Joriy yilda Navoiy viloyatining Karmana, Qashqadaryoning Shahrisabz shahri va Kitob tumanida markaziy oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha olti yillik loyihalar boshlanadi. Ularning umumiy qiymati 119 mln yevroni tashkil etadi, shundan 105 mln yevrosi Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan kredit shaklida taqdim etilgan.

Toshkentdagi ayrim ko‘chalar xalqaro marofon o‘tkazilishi munosabati bilan vaqtincha yopiladi

“Toshkent xalqaro marafoni” o‘tkazilishi munosabati bilan poytaxtning ayrim ko‘chalari 25 va 27 mart kunlari transport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.

Ishtixon tuman DXM katta mutaxassisi pora olayotganda ushlandi

Ishtixon tuman Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi tadbirkorga ajratilgan yer hujjatlarini qayta rasmiylashtirib berish uchun 12 ming dollar so‘ragani ma’lum qilindi. Gumonlanuvchi shundan 6 ming dollarini tanishi orqali olgan vaqtida ushlangan.

Ukrainadan yana 146 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi

Chorshanba kuni Ukrainadan yana 146 nafar o‘zbekistonlik, shu jumladan, 42 nafar ayol, 12 nafar voyaga yetgaman bola va 2 nafar chaqaloq Polsha orqali olib kelindi. Evakuatsiya boshlangan kundan to hozirga qadar 27 ta aviareys yordamida jami 6030 nafar fuqaro vatanga qaytarildi.

Prezident YeTTB va OTB rahbarlarini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso xonim hamda Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsuga Asakavani qabul qildi. Uchrashuvlarda sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari"ni tayyorlashga kelishib olindi.

“Gazeta.uz"da e’lon qilingan maqolalar:

“Yer yuzida hammamiz bir-birimizga sababchimiz”. Xonanda Sevara Nazarxon bilan intervyu

Taniqli xonanda Sevara Nazarxon 25−28 mart kunlari Xalqaro forumlar saroyida konsert beradi. “Gazeta.uz” bilan intervyuda u yangi dasturi haqida so‘zlab, ota-onasi, televizion tanlovlar, o‘ziga bo‘lgan mustahkam ishonchning ahamiyati haqidagi savollarga javob berdi.