Prezident Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdi

Chorshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdi, bu safar uning tashrifi 3 kun davom etadi. Birinchi raqamli bort esa ilk bor Toshkentdan Mo‘ynoqqa qo‘nadi.

Toshkentdan Qoraqalpog‘istonga borib ishlagan shifokorlar maoshiga 100 foiz ustama to‘lanadi

Shavkat Mirziyoyev 30 yildan so‘ng faoliyati tiklangan Mo‘ynoq aeroportiga qo‘ndi. Faollar bilan suhbatda prezident haftada ikki marta Toshkent-Mo‘ynoq-Nukus yo‘nalishida parvozlar yo‘lga qo‘yilishini aytdi. Qolaversa, Toshkentdan Qoraqalpog‘istonga borib ishlagan shifokorlar maoshiga 100 foiz ustama to‘lanishini ma’lum qilindi.

«Buni endi boshqa viloyatlarda yo‘lga qo‘yamiz». Prezident boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berish haqida

Shavkat Mirziyoyevning Mo‘ynoq faollari bilan suhbati davomida Qoraqalpog‘istondagi maktablarning 142 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berilayotgani ma’lum qilindi. «Buni endi boshqa viloyatlarda yo‘lga qo‘yamiz. Hali yuqori sinf o‘quvchilariga joriy etamiz», — dedi u. Qolaversa, davlat rahbari bolalarni bog‘chalarga 2 yoshdan qabul qilishni yo‘lga qo‘yish niyati borligini, buning uchun esa mamlakat iqtisodiyoti yanada mustahkamlanishi kerakligini aytdi.

1 martdan O‘zbekistonda niqob taqish majburiyati bekor qilinadi

Chorshanba kuni Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida 1 martdan e’tiboran O‘zbekistonda niqob taqib yurish majburiyati talabi bekor qilindi. «Chunki mana viloyatlarda ham defakto hech kim niqob taqmay qo‘ydi», — dedi bosh vazir Abdulla Aripov. Qolaversa, jamoat transporti, bozorlar, ta’lim muassasalari, teatr, muzeylar, masjidlarda niqob taqish tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.

Koronavirusga qarshi buster doza olmagan xodimlar ishdan chetlashtiriladi

Maxsus komissiya ish beruvchilar koronavirusga qarshi vaksina va buster doza olgan ishchilari qamrovini kamida 90 foizga yetkazishi kerakligini belgiladi. Vaksina va buster doza olmagan xodimlar vaqtinchalik ishdan chetlashtiriladi.

O‘zbek olimlari elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilmani yaratish ustida ish olib bormoqda

O‘zbek olimlari mahalliy iqlim sharoitini hisobga olgan holda energiya saqlash tizimiga ega quyosh fotoelektr tizimini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ushbu tizim elektromobillarni yuqori tezlikda quvvatlash qurilmasini ishlab chiqishni ham o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistonliklarning sanksiya ostidagi Rossiya banklariga pul o‘tkazmalari muzlatilishi mumkin

Buyuk Britaniya tomonidan Rossiyaning beshta bankiga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi munosabati bilan, ushbu banklarda ro‘yxatdan o‘tgan hisob raqamlariga o‘tkazilgan har qanday mablag‘lar qaytarilishi yoki muzlatilishi mumkin. InfinBank matbuot kotibining ma’lum qilishicha, ushbu holat bo‘yicha aniq ma’lumotlar yoki aniq ssenariylar yo‘q. «Bank o‘z mijozlarini ushbu holat bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishga qaror qilgan», — dedi u.

«Termiz — Mozori-Sharif — Qobul — Peshovar» trans-afg‘on temir yo‘lini qurish ishlari tezlashtiriladi

Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Qobulda «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda Afg‘oniston orqali o‘tayotgan transport vositalari va yuklar harakatlanishi uchun o‘zaro maqbul sharoitlarni ishlab chiqishga kelishilgan. Afg‘on tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda mintaqa davlatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

MO va YeI maxsus vakillari Toshkentda Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildilar

Afg‘onistonda inklyuziv siyosiy jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Bu haqda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari konferensiyasi yakuniy bayonotida aytiladi.

Markaziy Osiyo davlatlari va YeI Afg‘oniston hokimiyatini tan olish bo‘yicha birgalikda qaror qiladi — Ismatulla Irgashev

Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston muammosiga, xususan, mamlakatning muvaqqat hukumatini tan olish bo‘yicha umumiy yondashuv bo‘lishiga kelishib oldi, dedi Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Ismatulla Irgashev. Ammo hozircha bu borada hech qanday qaror yo‘q.

OTB O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun $273,8 mln ajratadi

OTB O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va yangilash uchun 273,8 mln dollar kredit ajratishni ma’qulladi. Mablag‘lar Surxondaryodagi Darband — Denov yo‘lining 106 kmni yangilash, SARES-2 koridoriga kiruvchi G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu yo‘lining 87 kmni rekonstruksiya qilishga sarflanadi. Qolaversa, bank tadbirkor ayollar uchun 150 ming dollarlik grant ham beradi.

Xo‘janddan Qo‘qon shahriga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Tojikistonning Xo‘jand shahridan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Xo‘janddan avtobus ertalab soat 8:00 da yo‘lga chiqadi, soat 17:00 da esa Qo‘qondan harakatlanadi. Qatnov dushanbadan tashqari har kuni amalga oshiriladi.

«O‘zavtosanoat» raisi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasiga ham rahbar bo‘ldi

«O‘zavtosanoat» AJ kompaniyasi boshqaruv raisi Shavkat Umurzoqov endi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. U federatsiya yig‘ilishida o‘zbek gimnastikasi eski an’analarini qayta tiklashini ma’lum qildi.

Ikki o‘zbekistonlik ziyoratchi Saudiya Arabistoniga kiritilmadi

Madina aeroportida Umra ziyoratiga kelgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga kiritilmadi. Ularning 2019 yilda Qirg‘iziston qalbaki pasporti bilan Umra safariga borib kelgani aniqlangan. Hozirda fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.

Surxondaryoda fuqaro Tojikistondan O‘zbekistonga 5,5 kg «opiy»ni olib o‘tgani aytilmoqda

DXX Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 6,4 kg giyohvandlik vositalari, shuningdek, 2160 flakonda «Tropikamid» dorisi aylanmasini to‘xtatib qoldi. Surxondaryodagi holatda fuqaro Tojikistondan O‘zbekistonga 5,5 kg «opiy» moddasini chegarani noqonuniy kesib, olib o‘tganida ushlangani aytilmoqda. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Seshanba kuni 138 kishida kovid aniqlandi

Seshanba kuni O‘zbekistonda 138 kishining koronavirusga topshirgan PZR-testi musbat natijani qayd etdi. Bu 5 yanvardan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkich.

Farg‘onada 30 nafar talabaning o‘qishini chetdan ko‘chirib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Farg‘ona viloyatida to‘rt nafar shaxs Qirg‘izistonda tahsil olayotgan 30 nafar talabaga o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirib berishga va’da bergan. Ular o‘z xizmati uchun 67 ming dollar olayotganida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

28 ta faoliyat turi maxsus elektron tizim orqali litsenziyalanadi

Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, turizm, xususiy bandlik agentliklari, dori vositalari va tibbiy buyumlar chakana savdosi kabi xizmatlarni ko‘rsatish uchun 28 ta faoliyat turini litsenziyalash uchun «Litsenziya» axborot tizimi ishga tushirildi. Ushbu tizim dam olish kunlarisiz, har kuni 24 soat ishlaydi. Litsenziya berishni rad etish asoslari ham ma’lum qilindi.

«Chilonzor» metro bekatida jamoat hojatxonasi ochiladi

Toshkent metropoliteni bekatlarida ilk marotaba ona va bola xonasi hamda jamoat hojatxonasi foydalanishga topshirildi. Birinchi ana shunday hojatxona 23 fevral kuni 15:00 da ochildi.

Bobosi bilan eskalatordan qulab tushgan 3 yoshli bolaning ahvoli yaxshilanyapti — SSV

SSV Navoiydagi savdo majmuasida 5 va 4 qavat oralig‘idagi eskalatordan bobosi bilan qulab tushgan 3 yoshli bolaning umumiy holati yaxshilanib borayotganini ma’lum qildi. Standart bo‘yicha muolajalar davom ettirilyapti. U yaqin kunlarda reanimatsiyadan bolalar bo‘limiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Qorako‘l tumanida o‘zaro janjallashayotgan ayollardan biri mashinasiga o‘tirib, ikkinchisini bosib ketdi

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida o‘zaro janjallashayotgan ayollardan biri Spark mashinasiga o‘tirib, ikkinchisini bosib ketdi. Tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

1 martdan sement, klinker va qurilish oynalari eksportiga cheklovlar bekor qilindi

1 martdan boshlab O‘zbekistondagi barcha yuridik shaxslarga sement, sement klinkeri va qurilish oynasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida cheklovlarsiz (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat berildi. Shuningdek, kompaniyalarga qurilish materiallarini eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizigacha kompensatsiya to‘lanadi.

Samarqandda «Hizb ut-Tahrir» tarafdorligida gumonlanayotgan bir guruh fuqarolar qo‘lga olindi

Samarqand viloyatida «Hizb ut-Tahrir» terroristik tashkiloti g‘oyalari aks etgan materiallarni tarqatganlikda gumonlangan 9 nafar fuqaro ushlandi. Ular O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblanmoqda.