Shavkat Mirziyoyev Olimpiada ochilishida qatnashish uchun Pekinga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Pekinga yetib keldi.

Senat go‘sht va yog‘ importi uchun QQSning nol stavkasi muddatini uzaytirishni ma’qulladi

Senatorlar bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht, yog‘ va kartoshkani olib kirish va aylanmasi uchun berilgan QQSning nol stavkasi muddatini 30 aprelga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Hukumat vakili apreldan keyin narxlarni qanday ushlab turish rejalashtirilayotganini aytdi.

Toshkent YHXB RIBlari haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon olishni to‘xtatishdi

4 fevraldan Toshkent shahar IIBB YHXB ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘lim-bo‘linmalarida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni qabul qilish to‘xtatildi. Endilikda haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar xususiy kompaniyalar tomonidan o‘tkaziladi. Toshkentda Autodriver Study tomonidan ochilgan Yagona imtihon markazi o‘z faoliyatini boshladi.

Endi fuqarolar yo‘llardagi nosozliklar haqida «Shaffof yo’l» platformasi orqali xabar berishi mumkin

Hukumat qarori bilan 1 iyuldan aholi yo‘llardagi nosozliklar, svetofor va yo‘l belgilari o‘rnatilmagani haqida foto va videomurojaatlarni «Shaffof yo’l» platformasi orqali yuborish mumkin. Ichki yo‘llarni ta’mirlashga oid takliflar ovoz berish yo‘li bilan tanlab olinadi. G‘olib takliflar bo‘yicha yo‘llarni ta’mirlashga har yili mahalliy budjetdan mablag‘ ajratiladi.

Abduqodir Toshqulov O‘zbekiston voleybol federatsiyasi prezidentligiga saylandi

Endilikda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov O‘zbekiston voleybol federatsiyasining prezidenti sifatida ham faoliyat yuritadi.

Senatorlar «propiska» so‘zini qonunchilikdan butunlay chiqarishni ma’qulladi

Senatorlar «propiska» so‘zi ma’nan eskirganligi va fuqarolar ongida «to‘sqinlik qiluvchi», «erkinlikni cheklovchi» degan tushunchalarni keltirib chiqarayotgani uchun uni qonun hujjatlaridan butunlay chiqarishni ma’qullashdi. Endi uning o‘rniga «yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» tushunchasi qo‘llaniladi.

Uchta agentlikda tayinlovlar amalga oshirildi

Strategik rivojlanish, Xalqaro hamkorlik va rivojlanish hamda Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentliklarida rahbar lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi.

budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumon qilingan mansabdor o‘zini osib qo‘ygani ma’lum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzaxdagi maktab bosh hisobchisi uyda o‘zini osib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi hodisa 2019 yil 22-son maktab mansabdorlari 160 mln so‘m mablag‘ o‘zlashtirgani aniqlanganidan keyin sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Rossiyalik bloger Buxoroda dron tufayli uy qamog‘iga olindi

Rossiyalik trevel-bloger Maksim Limar Buxorodan Novosibirskka uchib ketayotganida bagajida kvadrokopter topilgani sababli qo‘lga olingan. Hozir u uy qamog‘ida saqlanmoqda. Rossiya elchixonasi vaziyatni hal qilish uchun O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari bilan aloqada ekanligini bildirgan. Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi ushbu holat bo‘yicha ekspertiza tayinlanganini, blogerga nisbatan erkin yashashi uchun hech qanday cheklov o‘rnatilmaganligini ta’kidladi.

Anomal iliq havo keskin sovuq bilan almashadi

Iliq juma va shanba kunlaridan so‘ng, yakshanba kuni ob-havoning keskin yomonlashishi prognoz qilinmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab yog‘ingarchilik kuzatilib, shamol kuchayishi kutilmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportajlar:

Vaksina olganlar o‘rtasidagi lotereyada faqat 15 yanvardan keyin emlanganlar qatnasha oladi

Koronavirusga qarshi emlanganlar o‘rtasida bosh sovrini Malibu bo‘lgan yutuqli o‘yin 22 yanvardan boshlab har shanba ZO’R TV orqali efirga uzatilmoqda. Biroq, SSV ta’kidlaganidek, lotereyada hozirga qadar vaksina olgan hamma emas, balki faqat 15 yanvardan keyin emlanganlar qatnashmoqda. Tanlov shartlarining e’lon qilingan va’dalarga to‘g‘ri kelmasligi haqida «Gazeta.uz» surishtiruvida.

Toshkent morjlari — qishda cho‘milish haqida

Havo sovuq bo‘lgan kunlar ham Anhor kanalida cho‘milayotganlarni uchratish mumkin. «Gazeta.uz» fotomuxbiri Madina A’zam yilning har qanday faslida cho‘milishni xush ko‘radigan morjlar bilan suhbatlashdi.

Haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon markazi kimniki va bunga Avtotest`ning qanday aloqasi bor?

3 fevral kuni Autodriver Study kompaniyasi Haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon topshirishga mo‘ljallangan Yagona imtihon markazini ishga tushirdi. Unga egalik qilayotgan yana ikkita avtomaktabning biri Avtotest bilan ayni manzilga ro‘yxatga olingan. Markazning ishga tushirilishi yaqinda prezidentning YTHlar natijasida o‘limlar soni oshgani va haydovchilarni tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish haqidagi nutqi bilan birvaqtga to‘g‘ri keldi.

Ikki marta suiqasd uyushtirilgan daraxtlar bu safar betonlab ketildi

Poytaxtning Yunusobod tumanida tadbirkor qurilish uchun sotib olgan yer uchastkasida o‘sayotgan daraxtlarni tag qismidan betonlab tashladi (video). Bunga qadar 10 ta daraxt yarmigacha, keyinchalik ularning 4 tasi to‘liqligicha kesib ketilgandi. Daraxtlarni himoya qilishga uringan aholi va tadbirkor o‘rtasida mojaro kelib chiqdi.