Tashabbusli budjet bo‘yicha qator loyihalar jamoatchilikda shubhalarni keltirib chiqardi

Qariyb 900 ta loyiha tashabbusli budjet bo‘yicha ovoz berishda g‘olib deb topildi, biroq ularning ayrimlari jamoatchilikda savollar va manipulyatsiyaga yo‘l qo‘yilgan, degan shubhalarni keltirib chiqardi. Jumladan, Chilonzor tuman hokimligida oshxona qurish, sektor shtabini ta’mirlash va obodonlashtirish xizmati xodimlari uchun asbob-uskunalar sotib olish bo‘yicha loyihalar kam ovoz bilan g‘olib bo‘lgan.

Toshkentdagi tirbandliklarga shaxsiy transport va taksilarning ko‘pligi sabab qilib ko‘rsatildi

O‘quv yilining birinchi kunida Toshkent ko‘chalarida uzundan-uzoq tirbandliklar kuzatildi. Poytaxt Transport boshqarmasi bunga yengil avtomobil va taksilar sonining oshgani sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Bu holat avtobus va yo‘nalishli taksilar harakatiga ham ta’sir qildi.

Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar kutib olindi (foto)

6 sentabr kuni Tokiodagi Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi kutib olindi. “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida sportchilarga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Paralimpiadada sovrindor bo‘lgan sportchilarga prezident sovg‘asi — uy hamda avtomobillar topshirildi (foto).

“Shavkat Mirziyoyev juda to‘g‘ri qarorlar qabul qilyapti, ijro esa ta’minlanmayapti” — Maqsuda Vorisova

Prezidentlik saylovlariga XDPdan nomzod Maqsuda Vorisova amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev “juda katta inqilobiy o‘zgarishlarni amalga oshirganini” ta’kidladi. U asosan prezident qabul qilgan “juda to‘g‘ri qarorlarning” ijrosi ta’minlanmasligini tanqid qilishini qayd etdi. “Asosiy e’tirozimiz ijro organlariga”, — dedi u.

“Adolat” partiyasi Alisher Qodirovni ko‘chirmakashlikda aybladi. Milliy tiklanish javob qaytardi

“Adolat” partiyasi prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovni saylovoldi g‘oyalarni ko‘chirganlikda aybladi. Milliy tiklanish partiyasi yetakchisi sudlarni birlashtirish, jazoni ijro etish muassasalarini Adliya vazirligiga o‘tkazish hamda Tergov qo‘mitasini tuzish g‘oyalarini o‘g‘irlagani iddao qilinmoqda. Milliy tiklanish esa bunga munosabat bildirib, “Adolat” partiyasining siyosiy saviyasiga shubha bilan qaradi.

ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining O‘zbekistondagi sinovlari natijasi e’lon qilindi

O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining uchinchi bosqich sinovlarida 2757 kishi preparat bilan emlangan, ulardan 20 kishi (0,73%) koronavirus bilan zararlangan. Platsebo olganlar orasida 2763 kishidan 73 nafari (2,64%) koronavirus yuqtirgan.

Toshkent viloyati hokimligi hokim o‘rinbosarlari uchun Malibu va Tracker sotib oldi

Toshkent viloyati hokimligi “o‘z faoliyatini samarali amalga oshirish va hududlarda tegishli ishlarni tashkil etish uchun” hokim o‘rinbosarlariga Chevrolet Malibu va Tracker avtomashinalarini sotib oldi.

O‘zbekiston aholisi 35 mlndan oshdi

sentabrning yettinchi kunida O‘zbekiston aholisining soni 35 mln nafardan oshdi. Davlat statistika qo‘mitasi xabar berishicha, ularning 17,5 mln nafarini erkaklar, 17,4 mln nafarini ayollar tashkil etmoqda.

Gurbanguli Berdimuhamedov rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov yaqin orada O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi. Uchrashuv doirasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Jahon parlamentlari ayol rahbarlari sammiti O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi

Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammiti 2022 yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Mazkur sammit O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyoda ilk marotaba o‘tkaziladi.

“O‘zbekistonda diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi” — Adliya vazirligi

Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, diniy mavzuda chiqishlar qiladigan ayrim shaxslar tomonidan ayollarning huquqlarini cheklash, hech qaysi dinga e’tiqod qilmaydiganlarga nisbatan nafrat uyg‘otish, dunyoviylik prinsipidagi qonunlarni shubha ostiga olish holatlari aniqlangan. “Insonlar xulq-atvoriga alohida shaxslarning axloqiy-diniy qarashlari bilan emas, balki amaldagi qonunchilik nuqtai nazaridan baho berilishi lozim”, — deya ta’kidladi vazirlik.

O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari Afg‘oniston bilan chegarada o‘quv yig‘ini o‘tkazmoqda

O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari Afg‘oniston bilan chegara hududda joylashgan “Termiz” dala o‘quv maydonida o‘quv yig‘inini o‘tkazmoqda.

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya TIV rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilishdi

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilishdi. Britaniya vaziri Dominik Raab o‘tgan hafta evakuatsiya bo‘yicha strategiya yo‘qligi uchun tanqid qilingandi, unga o‘rnak sifatida Germaniya fuqarolarini evakuatsiya qilish vaqtida Toshkentga shaxsan tashrif buyurgan TIV rahbari ko‘rsatilgan edi.

Toshkent metrosining yangi poyezdlaridan fotoreportaj

Seshanba kuni poytaxt metropolitenining Chilonzor yo‘nalishida yangi metro poyezdlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Gazeta.uz” fotomuxbiri mazkur poyezdning vagonlarida bo‘lib, ulardagi yangi imkoniyatlar bilan tanishdi.

UzAuto Motors yig‘imlar, aksiz va QQS bo‘yicha 177,6 million dollar miqdorida imtiyoz oldi

UzAuto Motors 2021 yilning olti oyida 1,9 trillion so‘mlik (177,6 million dollar) bojxona imtiyozlari va preferensiyalarini oldi. Gap prezident va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan ta’minlangan bojxona boji, aksiz va QQS bo‘yicha imtiyozlar haqida ketmoqda.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Qatar 2022 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

2022 yili futbol bo‘yicha jahon chempionati ilk bor Qatarda va ilk bor qish faslida o‘tkaziladi. Eng qimmat jahon chempionatida muxlislarni nima kutmoqda, Qatar tashkilotchilik yo‘lida qanday muammolarga duch keldi va jahon chempionatiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda? Bularning barchasi haqida “Gazeta.uz” maqolasida batafsil.