«Termiz» dala o‘quv maydonida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondoni o‘rinbosarining tegishli buyrug‘iga asosan o‘quv-uslubiy yig‘inga start berildi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi.

Dala o‘quv yig‘ini Surxondaryo viloyati hududidagi harbiy qismlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari bilan aviatsiyaning intensiv uchish hududlarida o‘tkazilmoqda.


Mashg‘ulotlar oldidan mas’ul ofitseri podpolkovnik Sarvar Toshtemirov qo‘shinlarning jangovar tayyorgarlik darajasini dunyoning eng ilg‘or armiyalari bilan tenglashtirish kerakligiga e’tibor qaratgan.

«Asosiy maqsad to‘plangan tajribalarni yanada mukammallashtirish, jangovar harakatlarni tashkillashtirish va ularni zamonaviy sharoitlarda har tomonlama ta’minlash bo‘yicha egallangan bilimlarni mustahkamlashdan iboratdir», — deyilada vazirlik xabarida.

Shu kuniyoq yig‘in ishtirokchilari bilan saf tayyorgarligi, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini yangicha usullarda olib borish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tgan. Saf tayyorgarligi davomida harbiy xizmatchilarning ust-boshi, hujjatlari, qurollari ko‘rikdan o‘tkazilgan.


Eslatib o‘tamiz, 1 — 10 avgust kunlari Xatlon yo‘nalishida Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegaralarida Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya Qurolli Kuchlarining keng ko‘lamli qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tgandi.

6 iyulda esa Rossiya harbiy mutaxassislari va O‘zbekiston harbiylari bilan hamkorlikda «Sazagan» dala-o‘quv maydonida «BTR-82» jangovar texnikasi va «AGS-17» granatomyotlaridan foydalanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazgandi.

Undan oldinroq, 29 iyun kuni mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov aviatsiya, artilleriya va batalon taktik guruhlarining jangovar shayligini tekshirgan edi. O‘shanda vazir SU-25 qiruvchi samolyotida chegarani buzib o‘tgan shartli dushmanga aviazarba berilishini bevosita kuzatgan edi.