26 avgust kuni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining navbatdagi Qurultoyida partiya yetakchisi Alisher Qodirov prezidentlikka nomzod sifatida o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirgan edi.

«Adolat» sotsial demokratik partiyasi uning nutqida taajjubga soladigan nuqtalar borligiga e’tibor qaratdi. «Qiziq, „Adolat“ SDPning 2019 yilda tasdiqlangan saylovoldi dasturidan ko‘chirib o‘ziga „bayroq“ qilib olish qanchalik mantiqqa mos kelarkin?», — deyiladi unda.

«Adolat» partiyasi matbuot xizmati bu borada uchta raddiyani e’lon qildi.

Birinchi raddiya. Adolat partiyasi qayd etishicha, Alisher Qodirov ilgari surgan — faoliyat ko‘rsatayotgan jinoiy, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy sudlarni birlashtirish g‘oyasi Adolatning 2019 yilgi saylovoldi dasturidan ko‘chirilgan.

«Xo‘sh, hurmatli «Milliy tiklanish» lideri, «Adolat» SDPning 2019 yilgi saylovoldi dasturining «Huquqiy-ijtimoiy davlat qurish — pirovard maqsadimiz» bobida yozilgan: «Sudlar to‘g‘risida"gi qonunni takomillashtirish orqali fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman, shahar va viloyat sudlari negizida umumiy yurisdiksiya sudlari tashkil qilishni, ularga «xalq sudlari» maqomini berishni, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga nazorat instansiyasi vakolatini yuklash g‘oyasini ilgari surgan va hozirda viloyat miqyosida har to‘rttala sudning birlashtirilgani, ayni paytda, sudlarni tumanlar kesimida birlashtirish jarayoni ketayotganini bilarmikin?», — deyiladi xabarda.

Ikkinchi raddiya. Jazoni ijro etish muassasalarini Adliya vazirligiga o‘tkazish g‘oyasi.

«Janob Alisher Keldiyevich o‘z saylovoldi dasturida «…jazoni ijro etish muaassalari Ichki ishlar vazirligidan Adliya vazirligiga o‘tkaziladi» deya iddao qildi. Holbuki, «Adolat» SDPning 2019 yil saylovoldi dasturida bu masalani ustuvor vazifalardan biri sifatida o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan va bu borada «MT»dan ko‘mak olish niyatida emas», — deyiladi bayonotda.

Uchinchi raddiya. Mustaqil tergov qo‘mitasini tuzish g‘oyasi ham «Adolat»ga tegishli ekanligi iddao qilinmoqda.

«Ajabki, hurmatli A.Qodirov yana o‘sha o‘zining saylovoldi dasturida «…mustaqil tergov qo‘mitasi tashkil etiladi» demoqdalar, baralla… «Adolat» SDP bu tashabbusni «MT»ga hadya qilgan yoki bu borada qat’iy pozitsiyasidan chekingan emas», — deya qayd etilgan partiya matbuot xizmati xabarida.

Mazkur g‘oya «Adolat» partiyasining amaldagi saylovoldi dasturining «Huquqiy-ijtimoiy davlat qurish — pirovard maqsadimiz» bobida «dastlabki tergov ustida nazoratni kuchaytirish maqsadida, mamlakatda yagona tergov organi — Tergov qo‘mitasini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz» deb aks ettirilgan.

Ta’kidlanishicha, ko‘p partiyaviylik tizimida har bir siyosiy partiya o‘z so‘ziga ega bo‘lishi juda muhim. «Chunki jamiyatda, omma ongida qarashlar turlicha bo‘lib, xalq shunga hamohang ravishda o‘z siyosiy didi, maqsad-muddaolari aks etgan siyosiy kuchni qo‘llab quvvatlaydi, ortidan ergashadi. Shak-shubha yo‘qki, barchamizning maqsadimiz bir — Vatan obodligi, yurt tinchligi, erkin va farovon hayot. Ammo ana shu maqsadga erishish uchun har birimiz o‘zimizga xos yo‘lni tanlaganmiz. Tabiiyki, yo‘lini topolmay adashib yurganlar ham bor. Ularga ko‘maklashishni burchimiz, deb bilamiz», — deyiladi bayonotda.

«Adolat» partiyasining fikricha — «nomzod va „Milliy tiklanish“ DP nomzodning saylovoldi dasturi loyihasini ishlab chiqayotganda, avvalo, qaysi partiyadan nomzodi qo‘yilayotganligini inobatga olishi va ushbu partiyaning saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalarni ilgari surishi lozim».

Qolaversa, «Milliy tiklanish» va nomzod o‘ziga raqib sanalgan boshqa partiyalarning saylovoldi dasturidan yetarlicha xabardor bo‘lishi kerakligi eslatib o‘tilgan.

«Ehtimol saylovga yangicha g‘oyalar bilan kiramiz degan umiddadir, ammo bu „Adolat“ SDPning g‘oyalarini ochiqdan-ochiq o‘g‘irlasa bo‘laveradi, degani emas-ku. Bizga do‘stona murojaat qilishsa, bir dunyo „tesha tegmagan“ g‘oyalarimiz bor, bajonidil, o‘rtoqlashamiz. Lekin, ochiqdan-ochiq birovning g‘oyasini o‘ziniki qilib olish siyosiy kuch obro‘siga to‘g‘ri kelmas-ov», — deyiladi xabarda.

«Adolat» partiyasi matbuot xizmatining ushbu raddiyasiga «Milliy tiklanish» partiyasi markaziy kengashi xodimi javob qaytardi.

U «zaif bir siyosiy birlik „Adolat“ deb nomlansa, u jamiyatda adolatni ta’minlovchi yagona kuchga aylanib qolmaydi», degan so‘zlar bilan boshlangan.

«Alisher Qodirovning dasturida sudlarni birlashtirish haqida umuman gapirilmagan. „Adolatning ko‘zi ko‘r bo‘ladi“ deganda „Adolat“ partiyasi nazarda tutilganmikan?. Dasturda Xalq qabulxonalarini Ma’muriy sudlar tizimiga qo‘shib yuborish yoki ularning negizida bepul yuridik maslahatxonalar tashkil qilish taklif qilingan» — deyiladi munosabatda.

Tergov qo‘mitasini tuzish va Jazoni ijro etish muassasalarini Adliya vazirligiga o‘tkazish g‘oyalari «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining 2020−2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturiga kiritilgani aytilgan.

«Kim g‘oya o‘g‘risi, bir o‘rganib ko‘rish kerak?! Avvalgi tizimda, ya’ni dasturlarni „kimlardir“ yozib beradigan davrlarda „…bu g‘oya adolatchilarga ko‘proq to‘g‘ri kelarkan, sud-huquq ularning mavzusi“ deb, „Adolat“ SDPning kamsuqum, qarmoqqa ilinadigan narsasi yo‘q dasturini jonlantirish uchun ko‘chirib qo‘yilgan bo‘lib chiqmasa edi», — deyilgan xabarda.

Bu g‘oyalar uchun «Milliy tiklanish» raisi qamoqxonalarga kirib, vazirliklar bilan «janjallashib» yurgani tilga olingan.

«Qamoqxonalarda kitob va gazeta nashriyotlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Skandinaviya mamlakatlarining tajribasi, ozodlikdan mahrum qilinganlarning ayrim toifalarida eksperiment tariqasida o‘qigan kitobining hajmi va uqqanlik darajasidan kelib chiqib, jazo muddatini qisqartirish bo‘yicha Janubiy Amerika davlatlarining tajribasi bo‘yicha bo‘layotgan muhokamalar «Milliy tiklanish»ga oid, adolat nuqtai nazaridan «Adolat»ga berib turishimiz yoki hamkorlik qilishimiz mumkin, albatta», — deya kinoya qilinadi xabarda.

Munosabat davomida adolatchilarning siyosiy saviyasiga ham shubha bilan qaralgan.

«Prezidentlikka da’vogar mamlakatdagi dolzarb muammolarni boshqa partiyaning masalasi, deb yondashadimi? Partiyaning qarashlariga zid bo‘lmagan barcha mavzularda o‘z yechimlarini taklif qilishdek tabiiy nima bor? Dastur va tashabbuslarga «Adolat"chasiga yondashilsa, Prezidentlikka nomzodini so‘nggi bo‘lib tasdiqlaydigan partiya nomzodining dasturida ko‘chirilmagan nima bo‘ladi?», — deyiladi unda.

«Adolat sinmaydi, lekin o‘ylamasdan gapiraversa, „Adolat“ sinadi», — deya yakunlangan bayonot.

Ma’lumot o‘rnida, «Milliy tiklanish» DPning 26 avgustdagi Qurultoyida Alisher Qodirov prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan edi.

«Adolat» SDPning Qurultoyi esa hanuz o‘tkazilgani yo‘q va partiyadan ko‘rsatilishi kutilayotgan nomzod Bahrom Abduhalimovning saylovoldi dasturi rasman e’lon qilinmadi. «Gazeta.uz»ga partiya matbuot xizmati xabar berishicha, Qurultoy 8 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.