6 sentyabr, yangi o‘quv yilining birinchi kunida Toshkent ko‘chalarida paydo bo‘lgan uzun tirbandliklar orasida jamoat transporti ham qolib ketdi.

Poytaxt Transport boshqarmasi o‘z izohida tirbandliklarga shaharda yengil avtomobil va yo‘nalishsiz taksilar soni ortib ketganini sabab qilib ko‘rsatdi. «Bu esa o‘z navbatida avtobus va yo‘nalishli taksilar oraliq vaqtining oshishiga olib keldi», — deyiladi boshqarma xabarida.

Boshqarma «o‘quv mavsumining birinchi kunida yo‘nalishsiz taksi xizmatlariga bo‘lgan katta talabdan ayrim haydovchilar ko‘proq foyda olaman deb sun’iy ravishda yo‘nalishsiz taksi xizmatlari narxini keskin oshirib yuborgan va aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan"ini tasdiqladi.

Xabarda shaharliklarga taksi chaqirish uchun mobil ilovadan foydalanish tavsiya qilindi — «bunda vaqtingizni va pulingizni tejaysiz». «Shu bilan birga, jamoat transportida harkatlanishni rejalashtirish va kuzatish uchun mo‘ljallangan mobil ilovalar orqali kerakli transport yo‘nalishlarini onlayn tarzda kuzatish imkoni yaratilgan. Ushbu ilovadan foydalanib kerakli yo‘nalishning kelish vaqtini bilib, yo‘lingizni rejalashtirish orqali o‘z vaqtingizni tejashingiz mumkin».

Transport boshqarmasi barcha avtobus saroylarida jamoat transporti yo‘lovchilar oqimining ko‘payishiga oldindan tayyorgarlik ko‘rilgani, harakatlanuvchi tarkib sanitar va texnik ko‘rikdan o‘tkazildi hamda dezinfeksiya ishlari olib borilganini ma’lum qildi.

Kechagi tig‘iz vaqtda 1397 ta harakat tarkibi, shu jumladan 850 ta avtobus va 547 ta mikroavtobus xizmat ko‘rsatgan.

Bundan tashqari soat 7:30 dan 9:00 gacha metropolitenning Chilonzor metro yo‘nalishida 3 daqiqa, O‘zbekiston yo‘nalishida 4 daqiqa va Yunusobod yo‘nalishlarida 7 daqiqalik oraliq masofa bilan metro poyezdlari harakatlangan.