Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Erkin Musaboyev ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining O‘zbekistondagi klinik sinovlari uchinchi bosqichining dastlabki natijalarini e’lon qildi.

Professor 7 sentabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida o‘tkazilgan «SOVID-19. Vaksinatsiya — erishilgan yutuqlar, istiqbollar va maqsadlar» mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada chiqish qildi. Ma’lumotlar 1 iyul holatiga ko‘rsatilgan.

5520 nafar ko‘ngillilar uchta doza bilan to‘liq emlangan, ulardan 209 nafari 60 yoshdan katta. Klinik sinovlar qoidasiga binoan ko‘ngillilarning yarmi vaksina olishgan (2757 kishi yoki 49,95%, ulardan 102 nafari 60 yoshdan katta), qolganlar esa (2763 kishi yoki 50,05%, ulardan 107 nafari 60 yoshdan katta) platsebo, hech qanday davolovchi xususiyatlarga ega bo‘lmagan modda, olishgan.

6 oy davomida barcha uchta doza bilan emlangandan so‘ng COVID-19 bilan kasallanganlar soni vaksina olganlar orasida 20 kishini (0,73%) va platsebo olganlar orasida 73 kishini (2,64%) tashkil qilgan. Vaksina olganlar orasida 60 yoshdan kattalar kasallanmagan bo‘lsa, platsebo olganlardan faqat bitta katta yoshdagi kishi koronavirus bilan og‘rigan. Vaksina olgan 4 kishida (0,15%) va platsebo olgan 15 kishida (0,54%) kasallikning o‘rta og‘ir holati kuzatilgan bo‘lsa, og‘ir va o‘ta og‘ir holat faqatgina platsebo olgan bir kishida kuzatilgan (0,04%).

Na vaksina olganlar, na platsebo olganlar orasida o‘lim holatlari qayd etilmagan.

Shu bilan birga, ikkala guruhda ham ayrim «nojo‘ya holatlar» kuzatilgan. Erkin Musaboyev bular nimani anglatishiga aniqlik kiritmadi. Vaksina olganlar orasida 8 kishida (0,29%) va platsebo olganlar orasida 5 kishida (0,18%) «nojo‘ya holatlar» kuzatilgan.

«Hozirda [O‘zbekistonda] qo‘llanilayotgan barcha vaksinalardan eng yumshog‘i, nojo‘ya ta’sirlari eng kam uchrayotgani xitoy-o‘zbek vaksinasi deb aytish mumkin», — dedi Erkin Musaboyev.


Eslatib o‘tamiz, avgust oyining oxirida ZF-2001 vaksinasining Xuan provinsiyasi (Xitoy) hamda O‘zbekiston, Indoneziya, Pokiston va Ekvadorda klinik sinovlari uchinchi bosqichi natijalari e’lon qilingan edi. Vaksinaning uchinchi dozasidan keyingi samaradorligi barcha shtammlarga qarshi 81,76%ni, «britancha» shtammga qarshi 92,93%ni va «delta» shtammga qarshi 77,54%ni tashkil qildi. Shuningdek, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlanganlar orasida kasallikning og‘ir shakli bilan og‘riganlar yoki o‘lim holatlari qayd etilmagan.