6 sentabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha vaziri Dominik Raab o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyat va mazkur mamlakatda tinch siyosiy jarayonga ko‘maklashish borasida fikr almashdilar. Har ikki tomonning bu yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirishdan birday manfaatdor ekanligi ma’lum qilindi.

Dominik Raabning tanqid ostiga olingani


1 sentabr kuni Britaniya parlamenti a’zolari hukumat Afg‘onistondan o‘z fuqarolari va boshqa shaxslarni evakuatsiya qilishga tegishli ravishda tayyorgarlik ko‘ra olmaganligi sababli Dominik Raabni keskin tanqid qilishdi, deb yozmoqda Irish Times.

Raab bunga javoban barcha britan maxsus xizmatlarini birlashtiradigan Qo‘shma razvedka qo‘mitasi Kobul keyingi yilgacha ishg‘ol qilinishini kutmaganligini ta’kidladi.

Biroq, parlamentning tashqi ishlar bo‘yicha Maxsus qo‘mitasi raisi Tom Tugendxat Dominik Raabning gaplarini inkor qilib, Kobul qulashidan 3 hafta oldin mamlakat TIVi tomonidan 22 iyulda e’lon qilingan hisobotdan iqtibos keltirdi.

«Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qoldi va AQSh / NATO qo‘shinlarining ketishi toliblarning tezlik bilan harakatlanishiga olib kelmoqda. Bu shaharlar qulashi, xavfsizlik kuchlarining parokandaligi, «Tolibon»ning hokimiyat tepasiga qaytishi, aholining ommaviy ravishda qochqinlikka yuz tutishi va sezilarli ravishda insonparvarlik ehtiyojlarini keltirib chiqarishi mumkin. Ehtimol, elchixonani yopishga to‘g‘ri kelishi mumkin», — deyiladi hisobotda.

Shuningdek, vazir so‘nggi marotaba Afg‘onistondan odamlarni evakuatsiya qilishni muhokama qilish uchun O‘zbekiston yoki Tojikistonga qachon tashrif buyurganligini ham ayta olmadi.

Tom Tugendxat Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maasni na’muna qilib ko‘rsatdi. Maas nemis fuqarolarining evakuatsiyasini tashkillashtirish uchun Toshkentga shaxsan tashrif buyurgan edi. O‘zbekiston TIV Abdulaziz Kamilov bilan uchrashuvda Germaniya vaziri mamlakat fuqarolarini va afg‘onistonliklarni havo va quruqlik orqali evakuatsiya qilish masalalarini muhokama qilgan edi.

Dominik Raab O‘zbekiston o‘z chegaralarini yopganligini ta’kidladi. Tom Tugendxat esa ungacha Germaniya o‘z fuqarolarini olib chiqishga erishganligini qayd etdi.

Shuningdek, vazir Britaniya harbiy kuchlariga yordam bergan va Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tish huquqiga ega bo‘lgan, lekin yurtida qolib ketgan afg‘on fuqarolarining sonini aniq keltira olmadi.

3 sentabr kuni Buyuk Britaniya hukumati Afg‘oniston bilan qo‘shni mamlakatlar afg‘on qochqinlariga yordam berishi uchun 30 mln funt sterling (40 mln dollardan ortiq) ajratilishini e’lon qilgan edi.

10 mln funt sterling BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha Agentligiga ajratiladi, yana 20 mln funt sterling esa eng ko‘p qochqinlar qabul qilinayotgan mamlakatlarga odamlarni barcha kerakli narsalar bilan ta’minlash uchun ajratiladi.

Seshanba kuni Dominik Raab Afg‘onistonda bo‘lib turgan Buyuk Britaniya fuqarolari soni bir necha yuz kishidan iborat ekanligini aytgan edi.

31 avgust kuni FT Buyuk Britaniya TIViga tayanib 15 kishidan iborat Inqirozga javob berish jamoasi Britaniya fuqarolari va bunga huquqi bo‘lgan afg‘onlarga Afg‘onistonni uchinchi mamlakat orqali tark etishida yordam berish uchun keyingi 48 soat ichida Pokiston, O‘zbekiston va Tojikistonga borishi haqida xabar bergan edi.