Yaqin orada Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi va uning davomida hamkorlik hujjatlari to‘plami imzolanadi. Bu haqda Turkmenportal Turkmaniston davlat axborot agentligiga tayanib xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston bosh vazir o‘rinbosari Esenmurat Orazgeldiyevga kelasi hafta o‘zbekistonlik hamkasbi bilan Qo‘shma komissiya yig‘ilishida imzolanishi rejalashtirilayotgan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma shartnomalarni muhokama qilishni topshirdi, deyiladi xabarda.

«Bugungi kunda do‘stlik, qardoshlik, yaxshi qo‘shnichilik va milliy iqtisodiyotning ko‘plab sohalarida yaqin o‘zaro munosabatlarni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama hamkorlik jadalligi bilan ajralib turadi. Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va belgilangan uzoq muddatli rejalar turkman-o‘zbek siyosiy, savdo va madaniy aloqalarini o‘zaro manfaatlarga javob beradigan yuqori darajaga olib chiqishga mo‘ljallangan», — deya ta’kidladi Turkmaniston rahbari.

Gurbanguli Berdimuhamedov oxirgi marta O‘zbekistonga 2019 yil noyabr oyida tashrif buyurgan. Shuningdek, shu yilning avgust oyida davlat rahbarlari Kaspiy dengizi sohilidagi «Avaza» milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi doirasida uchrashishgan edi.