Prezidentlik saylovlarida Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Vorisova amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat va undagi kamchiliklar haqida qanday fikrda ekanligi hamda qaysilarini to‘g‘irlashga harakat qilishi to‘g‘risidagi savolga munosabat bildirdi. Bu haqda Qalampir xabar berdi.

Maqsuda Vorisovaning fikriga ko‘ra, «amaldagi prezident juda katta inqilobiy o‘zgarishlarni» amalga oshirgan.

«U insonning olib borayotgan siyosati, u insonning olib borayotgan o‘zgarishlari, O‘zbekistonning ichki siyosatini va tashqi siyosatini juda katta dunyo e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Lekin bu siyosatda biz tanqid qilayotgan soha juda to‘g‘ri qabul qilingan qarorlarning ijrosi ta’minlanmasligi», — dedi u.

«Hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz, prezident tomonidan juda to‘g‘ri qarorlar qabul qilinyapti. Xalq manfaati o‘ylanyapti, lekin biz uzoq qishloqqa borsak, mana shu qarordan aholining xabarsizligi yoki ijroiya organlarining buning yetarli darajada amalga oshirmasligiga guvoh bo‘lyapmiz. Demak, bizning asosiy e’tirozimiz ijro organlariga», — deya qo‘shimcha qildi prezidentlikka nomzod.