2 sentyabr kuni “Ochiq budjet” portalida tashabbusli budjet bo‘yicha ovoz berish jarayonining uchinchi bosqichi yakuniga yetdi. Dastlab O‘zbekistonning barcha hududlaridan 41125 ta taklif kelib tushdi. Ulardan 21832 tasi (53%) ovoz berish bosqichiga o‘tdi. Tegishli hududlardagi ishchi komissiya tomonidan rad etilgan takliflar soni esa 19293 ta, ya’ni (47%) ga yetdi.

Fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar uchun ovoz berish jarayonida 1,15 million kishi ishtirok etdi.

Natijada 881 ta loyiha eng ko‘p ovoz to‘pladi. Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida — 89, Farg‘ona viloyatida — 75, Samarqand va Toshkent viloyatlarida — 74, Xorazm va Namangan viloyatlarida — 70, Surxondaryo viloyatida — 63, Sirdaryo viloyatida — 62, Buxoro viloyatida — 61, Qoraqalpog‘istonda — 47, Navoiy viloyatida — 39 ta, Andijon viloyatida — 33, Jizzax viloyatida — 27 ta tashabbus ma’qullangan.

Ba’zi tashabbuslar jamoatchilikda savollar tug‘dirdi. Kurbanoff.net telegram kanali Toshkentning Chilonzor tumanida tuman hokimligi xodimlari uchun 999 mln so‘mlik yangi oshxona qurish, tuman 4-sektori shtabini 500 mln so‘m evaziga ta’mirlash, shuningdek, tuman obodonlashtirish xizmati uchun belkurak, cho‘tka, bolta va boshqa asbob-uskunalarni 600 mln so‘mga sotib olish tashabbuslari g‘olib bo‘lganiga e’tibor qaratdi.

“Chilonzorliklarga gap yo‘q, o‘z hokimiyatlari xodimlari uchun qariyb 1 mlrd so‘mga yangi oshxona qurilishini qo‘llab-quvvatlashdi. Mana, demak, aholi o‘z rahbarlarining hayotiga befarq emas… O‘zlari uchun hech narsa so‘rashmaydi, hammasi rahbarlari, hammasi hokimiyat uchun. Bunday aholini qadrlash kerak, hurmatli Chilonzor tumani hokimiyati”, — deb yozdi bloger.

E’tiborlisi, ushbu loyihalar onlayn holatda bor-yo‘g‘i bittadan ovoz olgan — qolgan barcha ovozlarning SMS orqali berilgani manipulyatsiya va ma’muriy imkoniyatlardan foydalanilganiga ishora beradi. Ushbu holatga bloger Bakiroo ham e’tibor qaratdi.

Yurist va bloger Xushnudbek Xudayberdiyev Moliya vazirligi Davlat budjeti departamentining direktori Sherzod Muhamedov izohini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” portalida qaysidir tashabbus eng ko‘p ovoz olgani, bu o‘sha loyiha albatta moliyalashtirilishini anglatmaydi. Ishchi guruhlar tomonidan g‘olib bo‘lgan loyihalar tegishli talablarga to‘g‘ri kelishi qayta ko‘rib chiqiladi.

Jumladan, Chilonzor tumanida g‘olib bo‘lgan yuqoridagi 2 ta loyiha ham jamoat manfaatlariga xizmat qilmasligi nuqtai nazaridan rad qilinadi hamda keyingi o‘rinlarda eng ko‘p ovoz olgan loyihalar g‘olib deb topiladi.

Sherzod Muhamedov tashabbusli budjet tizimini takomillashtirish bo‘yicha choralarni muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.

Chilonzor tumanida jami 8 ta loyiha g‘olib bo‘ldi. Jumladan, 407-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini ta’mirlash, Al-Xorazmiy maydonini va unga o‘rnatilgan yodgorlikni tiklash, 173-maktabni ta’mirlash va boshqalar.

Majburlash holatlari

Samarqanddagi maktablardan birining o‘qituvchisi “Gazeta.uz"ga anonimlikni saqlash sharti bilan maktab direktori o‘rinbosari o‘qituvchilarga faollar zali qurilishi to‘g‘risidagi tashabbus uchun “Tashabbusli budjet” portalida 20 tadan ovoz to‘plashni topshirganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hamma ham faol bo‘lmagan, biroq ko‘pchilik yaqinlari, qo‘shnilari va hattoki ko‘chada o‘tkinchilardan ovoz berishni so‘rashga majbur bo‘lgan. O‘qituvchining fikricha, g‘oliblar ham xuddi shunday usul qo‘llagan holda ulardan o‘zib ketgan bo‘lishi mumkin.

Tashabbusli budjet haqida

“Gazeta.uz” “Tashabbusli budjet” haqida batafsil yozgan edi. Mazkur loyiha doirasida fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin.

Loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar har bir tuman (shahar) darajasida tuziladigan “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi"da jamlanadi. 2021 yil 1 iyuldan boshlab fondga mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalaridan 30%dan kam bo‘lmagan mablag‘lari, shuningdek, tasdiqlangan xarajatlarning 5% kelib tushadi. Prezident qarori bilan jamg‘arma mablag‘larini boshqa maqsadlarda ishlatish qat’iyan taqiqlanadi.