Toshkent viloyati hokimligi xizmat faoliyati uchun Chevrolet Malibu va Tracker avtomobillarini sotib oldi. Xarid viloyat hokimi Davron Hidoyatovning 26 avgustdagi qaroridan kelib chiqib, ikkinchi chorak uchun mahalliy budjet daromadlarining ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan amalga oshirilgan.

Viloyat hokimi «hokim o‘rinbosarlari faoliyatini samarali amalga oshirish va hududlarda tegishli ishlarni tashkil etish uchun» ikkita xizmat mashinasini sotib olishga 610 mln so‘m ajratilishini ma’qullagan.

Davlat xaridlari saytida yozilishicha, 6 sentabr kuni 369 mln so‘mlik Malibu-2 (LTZ) va 232 mln so‘mlik Tracker-2 AT`ni sotib olish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Aprel oyining oxirida O‘zbekiston hukumati davlat organlari rahbarlariga biriktiriladigan xizmat avtomobillarining maksimal narxini tasdiqlagan edi. Vazirlar, davlat qo‘mitalari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga biriktiriladigan rasmiy avtotransport vositalarining maksimal narxi 2000 bazaviy hisoblash miqdoridan oshmasligi kerak (540 mln so‘m, 1 sentabrdan BHM 270 ming so‘m), dvigatel hajmi 4000 kub. cv. Ularning o‘rinbosarlari uchun — 1500 BHM (405 mln so‘m), dvigatel hajmi — 2500 kub. cv bo‘lishi kerak.