6 sentabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Venada Avstriya Parlamenti va BMT bilan hamkorlikda tashkil etilgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuv doirasida pandemiya oqibatlarini bartaraf etish va mamlakatlarni pandemiyadan so‘ng tiklashda ayollarning ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi hamda «dolzarb masalalarga parlamentning samarali ta’sir choralari» ko‘rib chiqildi.

Sammit ishtirokchilariga O‘zbekistonda gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berilgan.

«O‘zbekistonning pandemiyadan keyingi davrdagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida xotin-qizlarning e’tiborini iqtisodiy rag‘batlarga qaratib, ularning sohadagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularga grantlar, kreditlar ajratish, shuningdek, qizlar, ayollarni o‘qitish va kasb-hunarlarga o‘rgatish bo‘yicha tajribaga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, respublikada xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish borasidagi ishlar qayd etildi», — deyiladi xabarda.

Parlamentlar ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammitini 2022 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

«Dunyo mamlakatlari parlamentlari ayol rahbarlari ishtirokida bunday yuqori darajadagi tadbir mamlakatimiz va umuman mintaqada ilk marotaba tashkil etiladi», — deya ta’kidlab o‘tdi Senat matbuot xizmati.

«Sammitni O‘zbekistonda o‘tkazish yuzasidan qabul qilingan ushbu qaror — bu jahon hamjamiyati tomonidan O‘zbekistonning parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalari, gender siyosatidagi sezilarli yutuqlar, shuningdek, jamiyatni demokratlashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan tub islohotlar muvaffaqiyatlarining e’tirofidir», — deyiladi bayonotda.