2022 yilning noyabr-dekabr oylarida Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Salkam bir oy davom etadigan ushbu musobaqa Yaqin Sharqda o‘tkaziladigan tarixdagi ilk jahon chempionati bo‘ladi. Shuningdek, futbol bo‘yicha jahon chempionati birinchi marotaba arab dunyosida o‘tkaziladi.

Futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish bo‘yicha Oliy qo‘mitaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Fatma al-Naymining aytishicha, chempionatni o‘tkazish uchun tayyorgarlik davomida Qatar 2019 yil holatiga ko‘ra 210 mlrd dollardan ortiqroq mablag‘ sarflagan. Bu 2018 yilda bo‘lib o‘tgan jahon chempionati uchun Rossiya tomonidan sarflangan mablag‘lardan 18 barobar ko‘proq. Ta’kidlanishicha, Qatar futbol tarixidagi eng qimmat emas, balki eng yuqori darajali jahon chempionatini tashkillashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Eng ahamiyatli tomoni shundaki, futbol tarixida ilk bor jahon chempionati qish faslida o‘tkaziladi. Va nihoyat, ilk bor jahon chempionati Yevropa chempionatidan bir yil o‘tgandan keyin o‘tkaziladi. «Gazeta.uz» Qatar mamlakatining 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga qanday tayyorgarlik ko‘rayotgani va futbol muxlislarini nimalar kutayotgani haqida batafsil ma’lumot beradi.

Qatar qanday mamlakat?

Qatar aksariyat mamlakatlarga nisbatan kichik davlat hisoblanadi va yer maydoni bo‘yicha dunyoda 158-o‘rinda turadi (11 586 km²). Solishtirish uchun, Qatar Isroildan ikki marta, Xorvatiyadan 5 marta, O‘zbekistondan esa 40 marta kichikroq. Mamlakat Arabiston yarimoroli shimoli-sharqidagi Qatar yarimorolida joylashgan bo‘lib, Saudiya Arabistoni va BAA bilan chegaradosh hisoblanadi. Qatar chegarasining katta qismi Fors qo‘ltig‘i suvlari bilan yuviladi. Qatarda davlat tili — arab tili hisoblanadi, davlat dini — Islom dini (sunniylik).

2019 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Qatarda 2 mln 638 ming kishi istiqomat qiladi. Butun aholining 90 foizi aynan poytaxt — Doha shahrida yashaydi. Shuningdek, 2020 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat YAIMi 262 mlrd dollarni tashkil qiladi. Aholi jon boshiga YAIM esa 95 ming dollarga teng (dunyo bo‘yicha 3-o‘rin). Qatarning ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ilg‘or davlatlar orasida ekanligini mamlakatning tabiiy gaz, neft va neft mahsulotlarini eksport qilishda yetakchi o‘rinlarda turishi bilan izohlash mumkin.

Qatar absolyut monarxiya hisoblanadi va hozirda uni amir Tamim bin Xamad al-Tani boshqarmoqda. Shunday ekan, 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati to‘liq monarxiya hisoblanuvchi mamlakatda ilk bor o‘tkazilgan JCH sifatida ham tarixga kiradi.

Qatarda iyun-iyul oylarida havo harorati (soyada) 50 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Bunday yuqori harorat futbolchilar va muxlislarning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligini hisobga olgan holda, 2015 yili FIFA 2022 yilgi jahon chempionati 21 noyabrdan 18 dekabrgacha o‘tkazilishini e’lon qildi. Shunday ekan, tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionati qish faslida bo‘lib o‘tadi.

Foto: Qatarning poytaxti — Doha / Pixabay.com

Doha shahri o‘z arxitekturasi bilan biroz Dubay shahrini (BAA) eslatadi. Qatarda kiyinish madaniyatiga (dress-kod) jiddiy e’tibor qaratiladi, bu borada bu yerda rasmiy qoidalar mavjud. Masalan, siz hech bo‘lmaganda tizzagacha bo‘lgan uzunlikdagi kiyim kiyishingiz, yelkangizni yopib yurishingiz kerak bo‘ladi. Qisqa qilib aytganda, Qatarda o‘ziga jalb etuvchi narsalar (kiyimlar, hulq-atvor) xush ko‘rilmaydi.

Mamlakat fuqarolari juda shohona yashashadi: har birida villalar, Ferrari, yaxtalar mavjud. Biroq bu faqat mahalliy aholi, taxminan 300 ming kishi haqidagi ta’rif. Mamlakatda istiqomat qiluvchi va ishlash uchun kelgan 2 mln aholi, ya’ni ishchi muhojirlar (quruvchilar, xizmat ko‘rsatish sohasi ishchilari) bunday boyliklarga ega emas va ular shahar tashqarisida oddiy kvadrat-uylarda yashashadi. Shahar arxitekturasi ham holatni to‘liq ko‘rsatib turadi: osmono‘par binolardan iborat kichik shaharcha minglab oddiy uychalar bilan o‘ralgan.

Foto: Doha (shahar va shahar tashqarisi) / Wikimedia

Qatarda futbol birinchi raqamli sport hisoblanmaydi. Bu yerda aholi ko‘proq tuya poygalariga qiziqishadi. Qatar terma jamoasining o‘zi shu paytgacha futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqa olmagan, 2022 yilda esa Qatar ilk bor ushbu musobaqada mezbon sifatida qatnashadi. Shunday bo‘lsa-da, Qatar terma jamoasi 2019 yilda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogi finalida Yaponiyani (3:1) mag‘lubiyatga uchratgan holda Osiyo chempioni bo‘ldi.

Mojarolar va siyosiy blokada

Qatar futbol bo‘yicha jahon chempionatini qabul qilish huquqini 2010 yil 2 dekabrda qo‘lga kiritdi. Futbol tarixidagi 22-jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun 9 ta ariza ko‘rib chiqilgan. Qo‘shma tartibda Ispaniya va Portugaliya, shuningdek Belgiya va Niderlaniya, yakka tartibda esa Angliya, Rossiya, AQSh, Yaponiya, Avstraliya, Indoneziya, Meksika davlatlari JCH-2022'ni o‘z uyida qabul qilish uchun ariza yo‘llashdi. Mezbonni aniqlash uchun ovoz berish jarayoni bir necha tur davom etdi. Asosiy raqobat AQSh va Qatar o‘rtasida kuzatildi. Ovoz berish jarayonining to‘rtinchi bosqichida Qatar yaqqol yetakchi bo‘ldi va mezbonlik huquqiga ega chiqdi.

Tez orada Qatar JCH-2022'ga mezbonlik qilish huquqiga ega bo‘lish uchun FIFA ijro qo‘mitasi a’zolariga pora berganlikda ayblandi. Qatar hukumati ushbu ayblovga raddiya bilan javob berdi. 2010−2014 yillarda, bir qator OAVlar, jumladan Buyuk Britaniyaning The Sunday Times gazetasi «jahon chempionati sotib olingani» to‘g‘risidagi bir necha dalillarni keltirdi. Masalan, asli qatarlik sobiq FIFA ijro qo‘mitasi a’zosi Muhammad bin Hammam futbol doirasidagi yuqori lavozimlarni egallovchi insonlarga 5 mln dollarga teng hajmda bir necha sovg‘alar bergani va yuridik xizmatlar ko‘rsatgani aytilgan edi. FIFA ushbu mojaro bilan bog‘liq bir necha sud ishlarini yopishga erishdi. Biroq 2015 yil may oyida ushbu korrupsiyaviy mojaro avj oldi va FIFA barchaning nazariga tushdi. Shveysariya hukumati bir necha FIFA amaldorlarini hibsga oldi. Ushbu mojaro ortidan «Rossiya ham mezbonlikni sotib olgan» degan shubhalar paydo bo‘ldi. Biroq 2017 yilda Rossiya korrupsiyaga aloqador emas deb topildi.

Mojaro tufayli 2015 yilda FIFA rahbari Yozef Blatter va UEFA rahbari Mishel Platini o‘z lavozimlarini tark etishdi. Blatterning aytishicha, Qatar foydasiga qaror chiqarishi uchun Mishel Platiniga nisbatan bosim o‘tkazilgan va bu haqda UEFA prezidenti shaxsan Blatterga o‘zi aytgan.

2014 yilda JCH-2022 hattoki AQShga ko‘chirilishi yoki mezbonlik qilish uchun ovoz berish jarayoni qayta o‘tkazilishi ham mumkin edi. Poraxo‘rlik elementini tekshirayotgan mustaqil komissiya esa korrupsiya holatlari aniqlanmaganligini e’lon qildi. Mojarolar juda uzoq davom etdi, yillar o‘tgani sayin JCH-2022 o‘tkazilish joyini o‘zgartirish haqiqatdan uzoq ko‘rina boshladi. Garchi ushbu mavzu hali yopilmagan bo‘lsa-da, futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqi Qatarda qoldi.

Qatarning jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish davrida yana bir katta mojaro yuzaga keldi. Bu safar Qatarda ishlash uchun kelgan mehnat muhojirlarining huquqlari buzilganligi aytildi. 50 darajagacha bo‘lgan issiq, qum, chang, og‘ir jismoniy mehnat va yashash uchun yomon sharoitlar evaziga haftasiga bor-yo‘g‘i 52 dollar maosh berilgan. Inson huquqlari himoyachilari hamda OAV xodimlari kamida 44 nafar quruvchining o‘lim holatlari va ularga nisbatan yomon munosabatda bo‘lingani haqida ma’lum qilishdi. Shuningdek, mingdan ortiq quruvchilarga 7 oy davomida maosh, elektr va suv berilmagani aytilgan. Ushbu holatlardan keyin Qatar vaziyatni nazoratga oldi, ularning oldini olish uchun maxsus komissiya tuzildi.

2019 yil avgust oyida kam ish haqi olayotgan ishchilar norozilik namoyishlari o‘tkazib, Qatar ko‘chalarini to‘sib qo‘yishdi.

2021 yil fevral oyida The Guardian nashri jahon chempionati uchun mezbonlik qo‘lga kiritilganidan beri Qatarda 6500 nafardan ortiq Hindiston, Pokiston, Nepal, Bangladesh va Shri-Lanka davlatlaridan kelgan ishchilar vafot etgani haqida xabar berdi. The Guardian nashrining yozishicha, katta ehtimol bilan qurbonlar soni bundan ancha ko‘p. Masalan Keniya va Filippin orollaridan kelgan ishchilar orasidagi qurbonlar haqida aniq ma’lumotlar keltirilmagan. Ushbu maqolaga germaniyalik futbol muxlislari jiddiy e’tibor qaratdi. Muxlislar Germaniya futbol birlashmasini Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatini boykot qilishga chaqirishdi. Norvegiya terma jamoasi esa Gibraltarga qarshi uchrashuvda «Inson huquqlari — maydonda va maydondan tashqarida» so‘zlari yozilgan futbolkada maydonga chiqishdi va shu tarzda o‘z noroziliklarini bildirishdi. Keyinchalik Germaniya terma jamoasi ham shunday chiqish qildi.

Korrupsiya bilan bog‘liq muammolar, ob-havo muammosi, inson huquqlarining kafolatlanmaganligi va minglab qurbonlar, chempionatni boykot qilishga chorlovlar va yana boshqa muammolar haqida Vikipediyada hattoki alohida sahifa ochilgan.

2019 yil hisobiga ko‘ra, Qatardagi yangi stadionlar va boshqa qurilish obyektlarida jami 28 ming nafar ishchi ishlayotgan edi. So‘nggi paytlarda bu boradagi statistika e’lon qilinmayapti va Qatar barcha obyektlarni JCH-2022'gacha qurib, foydalanishga topshirilishiga ishonmoqda.

Bundan tashqari, 2017 yilda O‘rta Sharqdagi siyosiy inqiroz sababli Saudiya Arabistoni, Misr, Baxrayn, BAA va Yaman Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Ushbu inqiroz Qatar iqtisodiyotiga katta zarba berdi. Shu paytgacha Qatarga import qilinayotgan mahsulotlarning 80%i Saudiya Arabistonidan kirib kelgan, chunki Qatar o‘z qishloq xo‘jaligiga ega emasdi. Blokada sababli Qatar bozorlarida katta muammolar yuzaga keldi. Neft narxi ham birdan tushib ketdi, oziq-ovqat do‘konlaridagi rastalar esa bo‘shab qoldi. Eron hukumati qatarliklarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi. 2021 yil yanvarida ushbu blokada to‘xtatildi.

Qatar jahon chempionatiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

Qatar uzoq yillar davomida chet ellik sayyohlar uchun yopiq bo‘lgan va mamlakatda mehmonxonalar qurilishi uchun talab deyarli katta bo‘lmagan. JCH-2022 munosabati bilan Qatarga 1,3 mln chet ellik muxlislar kelishi kutilmoqda, bu esa mamlakat poytaxti Doha shahri aholisidan ikki barobar ko‘proq. Shu sababga ko‘ra, muxlislarni joylashtirish masalasi jiddiy e’tiborni talab etadi.

FIFA talablariga ko‘ra, chempionatni o‘z uyida qabul qiladigan mamlakat mehmonxonalarda 125 mingta xona tayyorlab qo‘yishi lozim. Qatarda esa ariza topshirish vaqtida (2010 yil) mehmonxonalarda 30 mingta xona mavjud bo‘lgan. Tashkiliy qo‘mita vakilining ta’kidlashicha, mamlakatning turli hududlarida mehmonlarni joylashtirish uchun fan-zonalar tashkillashtirilmoqda. Ayniqsa, jahon chempionati uchun yangi qurilayotgan Lusail shahri 200 mingga yaqin mehmonlarni qabul qilishga tayyor qilib qo‘yiladi. Shuningdek ta’kidlanishicha, fan-zonalarning ko‘pchilik qismi o‘ziga xos chodirlar shaklida tashkillashtiriladi. Ushbu ichi salqin chodirlar Qatar milliy an’analariga xos tarzda bezatiladi va barcha qulayliklarni o‘z ichiga olishi ko‘zda tutilgan.

Futbolchilar va muxlislar stadionlarda o‘zlarini yaxshi his qilishlari uchun qurilishda yangi texnologiyalar qo‘llanmoqda. Barcha stadionlarda havo haroratini 22 darajadan pastda saqlash uchun xizmat qiladigan haroratni nazorat qilish tizimi o‘rnatilmoqda.

Qatar huqumatining ta’kidlashicha, istalgan mehmonxonadan stadionlargacha barcha transportlar orqali, jumladan metro, avtobus, tramvay va trolleybuslar orqali yetib olish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Qatar jahon chempionatiga tashrif buyuruvchi muxlislarning mamlakatda bo‘lishini oson va qulay qilishda Rossiya tajribasini qo‘llashni rejalashtirmoqda. Ya’ni futbol muxlislari jahon chempionati paytida Qatarga borishlari va u yerda bo‘lishlari uchun faqatgina «muxlis pasporti» — Fan ID talab etiladi. Ularga viza olish talabi qo‘yilmaydi.

Qatar Islom dini qoidalari qat’iy amal qiluvchi mamlakat hisoblanadi. Bu yerda alkogolli ichimlik iste’mol qilish taqiqlanadi va ushbu holat ayrim mehmonlarning xohish-istaklari bilan to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Hukumat bu masalaga quyidagicha yechim topdi: mehmonlar uchun ikki xil turdagi fan-zonalar tashkillashtiriladi — spirtli ichimlik iste’mol qiladiganlar uchun alohida, bundan saqlanadiganlar uchun alohida.

Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida muxlislar uchun yana bitta qulaylik — bir kunda ikkita futbol uchrashuviga tashrif buyurish imkoni mavjud bo‘ladi. Mamlakat maydonining unchalik katta bo‘lmaganligi va stadionlarning bir-biriga yaqin joylashuvi tufayli, muxlislar suv taksisi (agar stadionga bo‘lgan qisqa yo‘l suv havzasi orqali o‘tadigan bo‘lsa) yoki yangi qurilgan metropoliten orqali bir uchrashuvdan ikkinchisiga yetib borishlari mumkin bo‘ladi.

Doha metropoliteni

Yaqin yillargacha Qatarda metro bo‘lmagan. Futbol bayrami uchun muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida poytaxt Doha shahrida noldan boshlab metropoliten qurildi. 2019 yilda Doha metropolitenining ilk uchta yo‘nalishi (qizil, yashil, oltin) ishga tushirildi. Hozirda yana bitta yo‘nalish — ko‘k liniyaning qurilishi davom etmoqda va JCH-2022'gacha qurib bitkazilishi rejalashtirilgan. Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yo‘nalish ham qurib bitkazilgach Doha metropoliteni 70 ta bekatdan iborat bo‘ladi.

Foto: Doha metropoliteni. «Msheyreb» bekati / Hufton+Crow


Foto: Doha metropoliteni. «Al-Riffa» bekati / Hufton+Crow

Foto: Doha metropoliteni. «DECC ko‘rgazmalar markazi» bekati / Hufton+Crow

Foto: Doha metropoliteni. «Qatar milliy kutubxonasi» bekati / Hufton+Crow

Shu paytgacha Qatar aholisi orasida jamoat transportlariga talab unchalik katta bo‘lmagan. Mahalliy aholining katta qismi shaxsiy avtomobillarda harakatlanishadi. Qatar hukumati butun dunyodan mehmonlarni kutib olish maqsadida mamlakat aholisining turmush tarzi va shahar bo‘ylab harakatlanishini ham o‘zgartirishga bel bog‘ladi. Mamlakatdagi ilk metropoliten yo‘nalishining (qizil) qurilish jarayonlari 2013 yilda boshlangan.

Eko shahar — Lusail

Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionatini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun nafaqat metropoliten va yangi stadionlar, balki butun boshli yangi shahar — Lusail qurilmoqda.

Lusail «Qatar 2030» davlat dasturining muhim qismi hisoblanadi va shahar qurilishi 2006 yilda boshlangan. Bungacha ushbu hudud bo‘sh yotgan va hatto xaritalarda ham bo‘lmagan. Loyihaning asosiy maqsadi mamlakat aholisi sonini oshirish va yuqori malakali ishchi kuchini jalb etish hisoblanadi. Futbol bo‘yicha jahon chempionati Qatarda o‘tkazilishi ma’lum bo‘lgach, shahar qurilishi keskin tezlashadi va bu yerda 80 ming kishilik sig‘imga ega Lusail Iconic stadionini qurishga qaror qilishdi. JCH-2022'ning so‘nggi (final) uchrashuvlari aynan ushbu stadionda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Lusail (Lusail) shahri zamonaviy eko-shahar sifatida bunyod etilmoqda. Shahar Dohadan 20 km uzoqlikda, dengiz bo‘yida joylashgan bo‘lib, rejaga asosan bu yerda deyarli yarim million aholiga mo‘ljallangan megapolis infratuzilmasini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Shahar loyihasiga ishonadigan bo‘lsak, Lusail JCH-2022'gacha mana bunday ko‘rinishga ega bo‘ladi:

Foto: Lusail shahar loyihasi taqdimotidan.

Shahar atmosferasining ifloslanishini minimallashtirish maqsadida Lusail shahri Doha metropoliteni va temiryo‘llari bilan bog‘langan. Barcha tumanlar bo‘ylab harakatlanish qulay bo‘lishi uchun 4 ta marshrut bo‘yicha 36 bekatdan iborat shahar tramvay yo‘li (39 km) yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Lusail jahon chempionati yaqinlashgani sayin kattalashmoqda. Shahar qurilish loyihasiga ko‘ra, bunyodkorlik ishlari 12 bosqichda (12 ta qurilish komplekslari) amalga oshiriladi. Alohida bosqichlar orasida eng muhimlari deb Al-Sidra Golf turar-joy majmuasi, alohida ko‘ngilochar obyektlarni o‘z ichiga olgan tuman, Lusail Iconic Stadium, tibbiyot va ta’lim shaharchalari hamda Qetaifan sun’iy orolini keltirish mumkin.

Foto: Lusail shahri (2019−2020) / Flickr.com

Lusail shahrining umumiy maydoni 35 kv.km.ni (ba’zi manbalarga ko‘ra 38 kv.km) tashkil qiladi va shahar loyihasining umumiy budjeti 45 mlrd dollarga teng. Ushbu shaharda 200 mingga yaqin jahon chempionati mehmonlari joylashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Stadionlar

JCH-2022 beshta shaharda joylashgan 8 ta stadionda bo‘lib o‘tadi. Al-Xor, Lusail, Ar-Rayyan va Al-Vakra shaharlarida bittadan, Doha va uning atrofida esa 4 ta stadion jahon chempionati uchrashuvlari uchun tayyorlanmoqda. Qatar JCH-2022'ga mezbonlik qilish uchun topshirgan arizasida chempionat uchun 12 ta stadion tayyorlanishi belgilangan edi. Biroq mamlakat tashkiliy qo‘mitasi stadionlar soniga o‘zgartirish kiritdi.

Jahon chempionati doirasida Qatarda guruh bosqichida kuniga 4 ta uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. 8 ta stadion orasidagi bir-biriga eng uzoq bo‘lgan ikkita stadion («Al-Bayt» — «Al-Janub») o‘rtasidagi masofa 75 kmni tashkil qiladi. Eng yaqin masofa esa 5 km (Education City — «Al-Rayyan»).

JAR, Braziliya va Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatlari misolida ko‘rish mumkinki, JCH uchun qurilgan stadionlar o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgach, quruq qolib ketadi. Ya’ni stadionlar to‘lmaydi, oqibatda esa zarariga ishlovchi loyiha deb topiladi. Ayniqsa Qatar kabi kichik maydonga ega va aholi soni unchalik ko‘p bo‘lmagan mamlakat uchun ko‘psonli stadionlar foydalanilmay qolib ketish ehtimoli bor. Qatarliklar ushbu masalaning yechimini topishdi: qurilayotgan stadionlarning ko‘pchiligi modulli tuzilmalardan iborat bo‘ladi. Ya’ni JCH tugagach, stadionlar sig‘imini kamaytirish, olib tashlash va stadion qismlarini boshqa joyga ko‘chira olishadi. Qatar chempionat tugagach, 170 mingta o‘rindiqni olib tashlashni va Afrikadagi musulmon davlatlarga topshirishni rejalashtirgan.

«Lusail» stadioni

Lusail shahridagi stadion JCH-2022'ning asosiy futbol maydoni bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu yerda jahon chempionatining final uchrashuvi bilan birgalikda 10 ta o‘yin bo‘lib o‘tadi. Stadion yangi qurilayotgan shaharning qoq markazida joylashgan.

Stadion qurilishi 2017 yilda boshlangan va 2021 yil oxiriga qadar bitkazilishi rejalashtirilgan.



Foto: Lusail stadionining loyihasi / JCH-2022 tashkiliy qo‘mitasi.

Sig‘imi: 80 ming kishi.

Joylashgan shahri: Lusail.

Doha markazidan uzoqligi: 20 km.

Loyiha muallifi: Foster + Partners.

Jahon chempionati tugagach esa Qatar stadiondan boshqa maqsadlarda foydalanishni rejalashtirgan. Stadion qayta jihozlanib, ichki hudud fuqarolar foydalanishi uchun ijtimoiy obyektlar bilan to‘ldiriladi. Stadionda maktab, turar-joylar (yuqori yarus to‘liq o‘zgartiriladi), kafe, restoranlar hamda tibbiy klinikalar paydo bo‘ladi. Qayta jihozlash jarayonida ajralib qolgan qismlar (stadionga mo‘ljallangan tuzilmalar) boshqa infratuzilmalarga yo‘naltiriladi.

«Xalifa» halqaro stadioni

«Xalifa» stadioni Qatarning eng tarixiy stadioni hisoblanadi, u 1976 yilda qurilgan. JCH-2022 uchun stadion qayta ta’mirlanib, obyektga sovutish tizimi va 12 mingta qo‘shimcha o‘rindiq o‘rnatildi. «Xalifa» stadionida 3-o‘rin uchun o‘tkaziladigan uchrashuv bilan birga 8 ta o‘yin bo‘lib o‘tadi.

Foto: Khalifa International / AFP.

Sig‘imi: 68 ming kishi.

Joylashgan shahri: Doha.

Doha markazidan uzoqligi: 11 km.

Qurib bitkazilgan: 2017 yil (rekonstruksiya).

«Al-Bayt» stadioni

«Al-Bayt» stadioni ko‘rinishidan arab mehmondo‘stligi ramzi hisoblanuvchi «bayt al-shaar» chodirini eslatadi. Aynan ushbu stadionda JCH-2022 ning ochilishi marosimi va ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. «Al-Bayt» stadionida jami 9 ta uchrashuv o‘tkaziladi. Ushbu stadion o‘zining ochib-yopiladigan tomiga ega.



Foto: «Al-Bayt» stadionining tashqi ko‘rinishi / AFP.


Foto: «Al-Bayt» stadioni.

Sig‘imi: 60 ming kishi.

Joylashgan shahri: Al-Xor.

Doha markazidan uzoqligi: 46 km.

Qurilish ishlari boshlangan: 2014 yil.

Qurib bitkazilgan: 2020 yil.

Loyiha muallifi: Dar Al-Handasah.

Jahon chempionatidan so‘ng stadionni «Al-Xor» futbol klubi egallaydi. Shuningdek, stadion infratuzilmasiga savdo markazi, ovqatlanish joylari, sport zali va sport-tibbiyot markazi qo‘shiladi.

«Ras Abu Abud» stadioni

Bu stadion jahon chempionati yakunlangach to‘liqligicha «yo‘q bo‘lib ketadi». Ushbu stadion jahon chempionatlari tarixidagi ilk yig‘ib olinadigan, yuk konteynerlaridan (dengiz konteynerlari) tashkil topgan stadion bo‘ladi. «Ras Abu Abud» stadionida jami 7 ta uchrashuv o‘tkaziladi.


Foto: «Ras Abu Abud» stadionining loyihasi / JCH-2022 tashkiliy qo‘mitasi.


Foto: «Ras Abu Abud» stadionining qurilish jarayoni / JCH-2022 tashkiliy qo‘mitasi.

Sig‘imi: 40 ming kishi.

Joylashgan shahri: Doha.

Doha markazidan uzoqligi: 7 km.

Qurilish ishlari boshlangan: 2018 yil.

Loyiha muallifi: FIA Fenwick Iribarren Architects.

Stadion 2021 yil oxiriga qadar qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.

«Education City» stadioni

«Education City» stadioni bilim va innovatsiyalar markazi hisoblanuvchi Qatar Foundation`ning qoq o‘rtasida joylashgan bo‘lib, arena Qatarning yetakchi ilmiy va o‘quv muassasalari bilan o‘ralgan. JCH-2022'da «Education City»da jami 8 ta o‘yin o‘tkaziladi. Ushbu stadiondan kelajakda talabalar va o‘qituvchilar foydalanishi rejalashtirilgan. «Education City»ning ochilish marosimi 2020 yilning 15-iyunida onlayn ko‘rinishda bo‘lib o‘tdi. Marosim COVID-19 pandemiyasi davrida, tibbiyot sohasi ishchilariga bag‘ishlangan holda o‘tkazildi.


Foto: «Education City» stadionining loyihasi / JCH-2022 tashkiliy qo‘mitasi.


Foto: «Education City» stadionining ichki ko‘rinishi / JCH-2022 tashkiliy qo‘mitasi.

Sig‘imi: 40 ming kishi.

Joylashgan shahri: Doha.

Doha markazidan uzoqligi: 13 km.

Qurilish ishlari boshlangan: 2016 yil.

Qurib bitkazilgan: 2020 yil, iyun.

Jahon chempionati tugagach, ushbu stadionning ham o‘ridiqlari 20 ming kishiga kamaytiriladi, ajratib olingan qismlar esa sport infratuzilmasiga muhtoj bo‘lgan mamlakatlarga yuboriladi. «Education City» mahalliy aholi, shu jumladan, talabalar va o‘qituvchilar uchun asosiy markazga aylantirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda keyinchalik konferens-zallar, savdo zonalari, sog‘lomlashtirish markazi va ikkita maktab quriladi.

«Al-Tumama» stadioni

«Al-Tumama» stadionining dizayni arab dunyosi uchun an’anaviy bo‘lgan bosh kiyim — gahfiyadan ilhomlanib yaratilgan. Ushbu stadion JCH-2022 doirasida jami 8 ta uchrashuvni qabul qiladi.


Foto: «Al-Tumama» stadionining hozirgi ko‘rinishi / JCH-2022 tashkiliy qo‘mitasi.

Sig‘imi: 40 ming kishi.

Joylashgan shahri: Doha.

Doha markazidan uzoqligi: 12 km.

Qurilish ishlari boshlangan: 2017 yil.

Loyiha muallifi: Arab Engineering Bureau.

Stadion 2021 yil oxiriga qadar qurib bitkazilishi rejalashtirilgan. «Al-Tumama» stadionining taqdiri ham huddi «Education City»nikiga o‘xshash, jahon chempionati tugagacha, o‘rindiqlar soni 20 mingtagacha kamaytiriladi va bo‘sh qolgan hududlarda turli xil sportlar bilan shug‘ullanish uchun ijtimoiy markaz yaratiladi.

«Al-Rayyan» stadioni

«Al-Rayyan» stadioni sobiq «Ahmad bin Ali» nomli stadion o‘rnida qurilgan va aynan shu sababga ko‘ra, bu stadionni «Ahmad bin Ali» stadioni deb ham atashadi. Yangi arena qurilishining o‘ziga xos xususiyati shundaki, qurilish uchun eski majmuaning qayta ishlangan materiallaridan foydalanilgan. Ushbu maydonda JCH-2022'ning 7 ta uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.


Foto: «Al-Rayyan» stadioni / JCH-2022 tashkiliy qo‘mitasi.

Sig‘imi: 40 ming kishi.

Joylashgan shahri: Al-Rayyan.

Doha markazidan uzoqligi: 22 km.

Rekonstruksiya tugagan: 2020 yil.

Loyiha muallifi: Ramboll.

Jahon chempionati tugagach, ushbu stadiondagi o‘rindiqlar soni ham ikki barobar qisqartiriladi. Stadion atrofidagi maydonni esa kriket va futbol arenalari, bolalar maydonchasi, ochiq sport zali, tennis korti, suv sporti markazi va yugurish yo‘lakchalari bilan jihozlangan butun bir sport klasteriga aylantirish rejalashtirilgan.

«Al-Janub» stadioni

«Al-Janub» stadioni JCH-2022 uchun noldan boshlab qurilgan birinchi stadion hisoblanadi. Muxlislarni quyosh nurlaridan saqlash maqsadida, ushbu stadion uchun usti ochib-yopiladigan tuzilma loyihalashtirilgan. Stadion tom qismi yopilgach, muxlislar issiq havodan qiynalmasliklari uchun stadion bo‘ylab sovutish tizimi o‘rnatilgan. «Al-Janub» stadionining ochilish marosimi 2019 yil 16 may kuni bo‘lib o‘tgan.

Stadion dizaynini yaratishda Qatarning «dxou» deb nomlanuvchi an’anaviy qayiqlarining yelkanlaridan ilhomlanilgan. «Al-Janub» stadioni JCH-2022'ning 7 ta uchrashuvini qabul qiladi.


Foto: «Al-Janub» stadioni / JCH-2022 tashkiliy qo‘mitasi.

Sig‘imi: 40 ming kishi.

Joylashgan shahri: Al-Vakra.

Doha markazidan uzoqligi: 23 km.

Qurilish ishlari boshlangan: 2014 yil.

Qurilish ishlari tugagan: 2019 yil, may.

Jahon chempionatidan so‘ng, stadion 20 mingta o‘rindiqqacha qisqartiriladi va «Al Vakra» mahalliy klubi uchun yangi uy stadioniga aylantiriladi. Stadion yaqinida velosiped va yugurish yo‘laklari, o‘yin maydonchalarini o‘z ichiga olgan «Al -Janub» bog‘i mavjud. Keyinchalik bu yerda bozor, masjid va maktab ham quriladi.

Qatarcha strategiya

Qatar FIFA bilan birgalikda barqaror rivojanish strategiyasini ishlab chiqishda atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga asosiy e’tiborini qaratdi. Qatar 2022 yilgi jahon chempionati tarixdagi eng ekologik toza chempionat bo‘lishini va’da qilmoqda.

Nimalar rejalashtirilgan:

  • vaqtinchalik quvvat generatorlari sonini optimallashtirish;
  • keraksiz materiallar sonini kamaytirish;
  • ekologik toza texnologiyalardan foydalanish;
  • jahon chempionati paytida turistik va xizmat safarlarini kamaytirish;
  • energiya samaradorligini oshiruvchi va chiqindilarni kamaytiradigan materiallarni sotib olish;
  • elektr transporti: metro, elektr avtobuslar (sotib olingan) va tramvaylarni yo‘lga qo‘yish;
  • stadion va mashg‘ulot maydonlari yaqinida daraxtlar va o‘simliklar ekish (taxminan 850 000 kv.m).

Hozirda Qatarda chiqindilarning atigi 10 foizi qayta ishlanadi, lekin 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkichni 15 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, Qatarda muxlislar uchun chiqindilarni saralash uchun maxsus qutilar o‘rnatiladi. Qatarning bu boradagi strategiyasi bilan bu yerda tanishish mumkin.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qatar o‘z uyida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga faqat COVID-19'ga qarshi vaksinalarni qabul qilgan mehmonlarni kiritishini e’lon qilgan.