“Himoya orderini hech kim olmasa kerak, deb o‘ylagandim”. Tanzila Narbayeva — tazyiqqa uchragan ayollar haqida

Senat raisi tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar haqida gapirar ekan, himoya orderini hech kim olmasada kerak, degan fikrda bo‘lganini aytdi. “Ayniqsa O‘zbekistonda, uzoq qishloqlarda yashayotgan ayollar uyimdagi gap-so‘zlar ko‘chaga chiqmasin deydi. Bu tizim qanday ishlar ekan deb o‘ylasam, 1 yil ichida 15 ming ayol himoya orderini olibdi”, — dedi u. Shuningdek, himoya orderini erkaklar ham olishi mumkinligi, qolaversa uning muddatini bir oydan uzoqroqqa cho‘zish hamda bu boradagi qonunchilikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri koronavirusga qarshi emlandi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov 3 iyul kuni Qashqadaryoga xizmat safari chog‘ida koronavirusga qarshi emlandi.

Buxoroda 4 ta bolalar bog‘chasi va Pedagogika kolleji karantinga yopildi

Buxoro viloyatidagi 4 ta bolalar bog‘chasining 22 nafar xodimlarida va Pedagogika kollejining 3 nafar xodimida COVID-19 aniqlangani uchun mazkur muassasalar 14 kunlik karantinga olindi.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonun yangi tahririda diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tizimi soddalashtirilmoqda, jamoat joylarida ibodat libosida yurishga qo‘yilgan taqiq bekor chiqarilib, diniy ta’lim muassasasidan tashqarida diniy ta’lim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilandi. Bundan tashqari, diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizasini olgach tayyorlash, olib kirish va tarqatish tartibi joriy qilinmoqda.

O‘zbekistonda 6 oy ichida qariyb 119 ming nikoh qayd etilgan

Yanvar-iyun oylarida respublika bo‘ylab 118 ming 988 ta nikoh holatlari qayd etildi. Hududlar bo‘yicha eng ko‘p nikoh Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida rasmiylashtirilgan.

Koronavirus bo‘yicha Call-markazlarga murojaatlar soni 3 barobarga oshgan

O‘zbekistonda koronavirus bo‘yicha tashkil qilingan Call-markazlarga murojaatlar soni 20 kun ichida 3 barobar ko‘paygan. Call-markazga kuniga 1100−1200 ta murojaat kelib tushmoqda.

Jamoat joyida ibodat libosida yurganlik uchun javobgarlik bekor qilindi

Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, fuqarolarning jamoat joyida ibodat libosida yurganligi uchun javobgarlik bekor qilinmoqda. Bunga qadar, ibodat libosida yurganlik uchun BHMning 5 baravari miqdorida jarima yoki 15 sutka qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin edi.

YHXBB Toshkentdagi radar va kameralar ro‘yxatini e’lon qildi (ro‘yxat)

Toshkent ko‘chalarida 28 ta fotoradar, shuningdek, yo‘l harakati qoidalarini buzishni qayd etuvchi 89 ta intellektual kamera ishlamoqda, deya xabar berdi YHXBB.

Iyunda temir yo‘lni to‘sib qo‘ygan chiroqchiliklar 15 sutkaga qamaldi

Qashqadaryoning Chiroqchi tumani “Ayratom” qishlog‘ida iyun oyida energiya ta’minoti muammolariga e’tiborni jalb qilish uchun Toshkent-Qarshi temir yo‘lini to‘sib qo‘ygan to‘qqiz fuqaro 15 kunga hibsga olindi.

Surxondaryoda 109 tup qimmatbaho daraxtlar ruxsatnomasiz kesib tashlandi

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 109 tup qimmatbaho daraxtlarni ruxsatnomasiz kesib tashlanganligi aniqlandi. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, 2 mln 245 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi. O‘simlik dunyosiga 329 mln 157 ming 500 so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Prezident davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi qonun imzolandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonun PDXX faoliyatini asosiy yo‘nalishlari, huquq va majburiyatlari, qo‘riqlanadigan shaxslar va obyektlar, shuningdek, PDXX harbiy xizmatchilari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, sovuq va o‘q otar qurollarni qo‘llash shartlari va boshqalarni tartibga soladi.

Nurmat Otabekov COVID-19 ga qarshi majburiy emlash g‘oyasini ma’qullashini ma’lum qildi

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov aholini COVID-19ga qarshi majburiy emlash g‘oyasini to‘g‘ri deb hisoblaydi. U bu borada Rossiya tajribasini o‘rganishni taklif qildi.

“Cheklovlar ko‘pincha “orqasi"da hech kimi yo‘q, oddiy fuqarolar uchun ishlatildi” — deputat karantin choralari kuchaytirilishi haqida

Deputat Rasul Kusherbayevning fikricha, karantin choralarining kuchaytirilishi amalda katta natija bermaydi, aksincha, aholining hukumat va huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan noroziligini oshirishi mumkin. U ham koronavirusga qarshi emlashni majburiylikka o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish strategiyasi tasdiqlandi

Prezident farmoni bilan 2021−2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Milliy strategiyasi tasdiqlandi.

“Samarqandda 10 kunda 860 kishida koronavirus aniqlangan” — viloyat hokimi. SSV statistikasi buni tasdiqlamaydi

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov 25 iyundan 5 iyulgacha Samarqandda 860 kishida koronavirus aniqlanganligini ma’lum qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligining kunlik statistikasiga ko‘ra xuddi shu vaqt davomida viloyatda 693 ta yangi koronavirus bemorlari qayd etilgan.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Bog‘larni shahar aholisiga qaytaring

Bizning shaharlarimiz daraxtlarni, yashil istirohat bog‘larini va suv omborlarini yo‘qotib bormoqda. Bu allaqachon hayot sifatiga ta’sir qilishni boshlagan. Rasmiylar bog‘larga ko‘p xarajat ketadi deb yanglish xulosalar chiqarishmoqda, zero, istirohat bog‘lari odamlar va shaharning o‘zi uchun juda katta ahamiyatga ega. “Gazeta.uz” kolumnisti Botir Qobilov bog‘larni saqlashni darhol boshlashga va ularni haqiqiy egalariga — odamlarga qaytarishga chaqiradi.