Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Toshkent shahri bo‘yicha mavjud onlayn rejimida ishlovchi fotoradarlar va intellektual rejimida ishlovchi kameralar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, poytaxtda mavjud onlayn rejimda ishlovchi fotoradarlar soni 28 tani tashkil etmoqda va ularning barchasi tezlikni belgilangan me’yordan oshirishga qaratilgan qoidabuzarliklarni qayd etadi. Onlayn fotoradarlarning eng ko‘pi (5 tadan) Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yashnobod tumanlaridagi yo‘llarga o‘rnatilgan. Olmazor va Bektemir tumanlarida esa ularning soni 1 tadan.

Yunusobod tumanida 4 ta, Shayxontohurda 3 ta, Sergeli va Yakkasaroy tumanlarida 2 ta fotoradar mavjud. Mirobod va Yangixayot tumanlarida foto radarlar mavjud emas.

Foto: YHXBB axborot xizmati

Intellektual rejimda ishlovchi kameralar soni esa 89 tani tashkil etmoqda. Ushbu kameralar svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanish, to‘xtash va yo‘l chiziqlarini bosish, to‘xtab turish qoidalarini buzish, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish kabi qoidabuzarliklarni qayd etadi.

Foto: YHXBB axborot xizmati

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘tgan yilning oktyabr oyida poytaxt chorrahalariga o‘rnatilgan videokameralar uchun dasturiy ta’minot litsenziya muddati tugadi, deb xabar berdi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish boshqarmasi. Hokimlik kameralarni qayta ishga tushirish uchun AutoCon tizimini mahalliy ishlab chiqaruvchidan 1,1 mlrd so‘mga sotib olishi rejalashtirilgan.

Dekabr oyida tadbirkorlarga 2021 yil 1 martdan boshlab avtomobil yo‘llarida foto va video fiksatsiya vositalarini o‘rnatishga ruxsat berilishi ma’lum bo‘ldi. 2021−2022 yillarda respublika bo‘yicha jami 3356 ta intellektual videokamera va 763 ta statsionar radar, jumladan, Toshkentda jami 2574 ta foto va video registrator o‘rnatilishi rejalashtirilgan.