Ijtimoiy tarmoqlarda «Surxondaryo viloyati Denov tumanida Daraxt kesish poygasi davom etmoqda» sarlavhasi ostidagi murojaat yuzasidan Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, «Denov tuman yo‘llardan foydalanish UK»ning uchastka bo‘limi boshlig‘i J.F tomonidan 109 tup qimmatbaho daraxtlarni ruxsatnomasiz kesib tashlanganligi aniqlandi.

Boshqarma xabariga ko‘ra, holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, uchastka bo‘lim boshlig‘i J.Fga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari, ya’ni 2 245 000 so‘m miqdorida jarima belgilandi va o‘simlik dunyosiga 329 157 500 (uch yuz yigirma to‘qqiz million bir yuz ellik yetti ming besh yuz) so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.


Hozirda jarima va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, «Denov tuman yo‘llardan foydalanish UK»ga xar bir kesilgan daraxtlar o‘rniga 100 donadan, ya’ni 10900 dona qimmatbaho daraxt ko‘chatlari ekish va 3 yil davomida ekilgan ko‘chatlarni parvarish qilish haqida ko‘rsatma berildi.

2020 yil 9 aprelida prezidentning «2020−2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida» qarori qabul qilingan.

Viloyat ekologiya boshqarmasi ushbu qarorga asosan yo‘l qurilishga halaqit berayotgan 857 dona kam qimmatli daraxtlarni kesish uchun Denov tuman hokimligining 000020 sonli Ruxsatnoma berilganini eslatib o‘tdi.

«O‘z navbatida har bir kesilgan daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli (balandligi 2 metrdan kam bo‘lmagan) ko‘chat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish vazifasi yuklatilgan», — deya ta’kidlandi xabarda.