Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva 3 iyun kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq masalasiga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasigacha ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilingan, reabilitatsiya markazlari, ishonch telefonlari tashkil etilib, zo‘ravonlik qurbonlariga himoya orderlari berish yo‘lga qo‘yildi va bu O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imidjiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Himoya orderini hech kim olmasa kerak, deb o‘ylagandim. Ayniqsa O‘zbekistonda, uzoq qishloqlarda yashayotgan ayollar uyimdagi gap-so‘zlar ko‘chaga chiqmasin, deydi. Bu tizim qanday ishlar ekan deb o‘ylasam, 1 yil ichida 15 ming ayol himoya orderini olibdi», — dedi Narbayeva.

U himoya orderini nafaqat ayollar, balki erkaklar ham olishi mumkinligini qayd etdi.

«Kim bo‘lishidan qat’i nazar, hozir, mana erkaklar ham himoya orderini olishi mumkin. Hozir himoya orderi bir oyga beriladi, biz buni yana uzoqroq muddatga cho‘zish masalasini o‘ylayapmiz», — dedi parlament yuqori palatasi raisi.

Tanzila Narbeva ayrim OAVlar odamlar ayollarga nisbatan kuch ishlatish orqali tazyiq o‘tkazayotganini aytib, Hukumatni, shaxsan o‘zini ham tanqid qilishayotganini ta’kidladi.

«U yoki bu oilada, u yoki bu ko‘chada bo‘lgan voqealarni Narbayeva yoki bitta Hukumat borib, barchasini ko‘ra olmaydi. Buni sizlarning (OAVlar nazarda tutilmoqda — tahr.) yordamingizda ko‘rib, vaziyatni o‘rganishimiz kerak. Bu ham tajriba. Birinchi tajribamiz — qonunni qabul qilib, himoya orderini joriy etdik. Ko‘rayapmizki, yanada chuqurroq ishlashimiz kerak ekan. Endi qonunni yanada kuchaytiramiz, buni hayotning o‘zi ko‘rsatadi. Bu shu tarzda qadamma-qadam ketaveradi», — dedi u.

Gap tazyiq va zo‘ravonlik kabi holatlarga qarshi kurashish masalasiga borib taqalganida, Senat raisi ko‘p holatlarda zo‘ravonlikka yigitlar qo‘l urayotganini ma’lum qildi. Muammoning yechimiga ham to‘xtab o‘tildi.

«Shu ishlarning ko‘pini yigitlar qilayapti. Doim aytaman, bog‘chadan boshlab, qiz bolalarga, onasi, opasiga bo‘lgan hurmatini shakllantirib tarbiyalangan kuchli, jasoratli yigitlar ojiza, o‘zi bilan tenglasha olmaydigan qizni hech qachon xafa qilmaydi, boshqaga ham xafa qildirib qo‘ymaydi… Biz ayollarga hurmati bo‘lgan jamiyatni shakllantirishimiz kerak. Buning o‘zi bizning qon-qonimizda bor, lekin izdan chiqib ketgan», — deya qayd etdi u.

So‘zi yakunida u ayollar masalasida muammolar ro‘yxati va ularni hal qilish bo‘yicha rejalar mavjudligini ta’kidladi.

«Hamma sohada ham muammolar juda ko‘p. Bizda [ayollar masalasida] muammolarning ro‘yxati ham, nima qilish kerakligi bo‘yicha rejalar ham bor. 2030 yilgacha Gender strategiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha dastur qabul qilindi. 2030 yilga kelib, biz albatta, ayollarimizni teng huquqli, teng imkoniyatli, eng baxtiyor bo‘lishiga erishamiz. Biroq buni bitta Hukumat, Senat yoki komissiya qila olmaydi, hammamiz birlashsakkina buni bajara olamiz», — dedi Tanzila Narbayeva.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 14 ming 774 xotin-qizga himoya orderi berilgan. Himoya orderlari ko‘proq Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.