Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida iyun oyida energiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga e’tiborni qaratish maqsadida Toshkent-Qarshi temir yo‘lini to‘sib qo‘ygan «Ayratom» qishlog‘ida yashovchilarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanildi, deb xabar berdi «Novosti Kashkadari» Telegram-kanali.

Ma’lum qilinishicha, Sud fuqarolarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 113- (Temir yo‘l transportida harakat xavfsizligi qoidalarini buzish) va 201-moddalari (Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) bilan aybdor deb topgan.

Tumanning to‘qqiz nafar aholisi 15 kunlik ma’muriy hibsga olingan. Voqeaning qolgan to‘rt ishtirokchisi — keksa odamlar bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari (1 mln 715 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyining boshlarida Chiroqchi tumani «Ayratom» qishlog‘i aholisi elektr energiyasi ta’minoti qoniqarsiz bo‘lganligi sabab poyezd yo‘lini to‘sib qo‘ygan edi. Keyin yig‘ilganlar bilan suhbatda tuman hokimi Xurram Jurayev qishloqqa qo‘shimcha elektr uzatish liniyalari uzatilishi va yangi transformator o‘rnatilishini aytgan.

Avvalroq, poyezdi yo‘lini to‘sgan shaxslarning 13 nafari sudga chaqirilgani, mazkur ish doirasida 50 nafar fuqaroga chora ko‘rilayotgani haqida xabar berilgan edi.