Shavkat Mirziyoyev 19-aprel kuni davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deya xabar bermoqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Hujjat bilan, kimoshdi savdosiga qo‘yiladigan 247 ta korxona va 1028 ta davlat ko‘chmas mulk obyektlarining davlat paketlari (ulushlari) ro‘yxati tasdiqlandi.

12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladi:

  • “O‘zbektelekom”, “O‘zbekgidroenergo”, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zbekgeologiyaqidiruv”, “O‘zbekgeofizika” aksiyadorlik jamiyatlari — 2 foizdan;
  • Tovar xomashyo birjasi — 2,4%;
  • “Temiryo‘lkargo”, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” — har biri 4%;
  • “Toshkent” RFB, O‘zbekiston pochtasi, UzAuto Motors Powertrain, Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish — 5 foiz.

Xususiylashtirishni jadallashtirish

Davlat aktivlarini sotishni tezlashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini oshirish uchun yumshatish nazarda tutilmoqda.

Agar davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlang‘ich bahosining 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi.

2024-yil 1-yanvargacha ijara shartnomalari asosida ijaraga olganiga kamida 5 yil bo‘lgan va majburiyatlarni bajargan tadbirkorlarga xususiylashtirish dasturlariga kirgan davlat mulkini baholangan qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish huquqi beriladi.

Davlat ko‘chmas mulkini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorlar tomonidan yer va mol-mulk soliqlari ushbu obyektlarga tasarruf etish huquqi to‘liq o‘tgandan so‘ng to‘lanadi.

Yer uchastkalari (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) 3 oyda sotilmaganda, boshlang‘ich qiymatining 30 foizigacha, 6 oyda sotilmaganda — 10 foizigacha pasaytiriladi va to‘lovlarining 15 foizini 3 oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

4- va 5-toifadagi tumanlarda joylashgan davlat aktivlari va mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari bo‘yicha to‘lovlar 5 yil ichida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. Yer uchastkalarini sotib olganda ularni garovga qo‘yish uchun talab etiladigan amaldagi 35 foiz to‘lov miqdori 15 foizga tushirilmoqda.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev 33 ta don xo‘jaligi korxonalarini xususiylashtirishni jadallashtirish, ularning narxini bozor narxiga tushirish bo‘yicha topshiriq bergandi. U vazirlik va hokimliklar aktivlari sotuvining sustlashib borayotganini tanqid qilgan. Masalan, Toshkent shahrida 25 gektar yer auksionga qo‘yilib, keyin qaytarib olingani sababli budjetga 600 mlrd so‘m kelib tushmagan.

Joriy yilda xususiylashtirish jarayonlarida 400 ta korxona ulushini, 800 ta korxonadagi ko‘chmas mulkni, 2 ming gektar yer maydonlarini sotishdan 20 trillion so‘m daromad olish kutilmoqda.

“Gazeta.uz” avvalroq “O‘zbekneftgaz” yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i, Chinoz neftni qayta ishlash zavodi, Perfectum mobil operatori va Uzpaynet to‘lov xizmatining e’lon qilinmagan xususiylashtirilishi haqida xabar bergandi.