Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev karantin choralarining kuchaytirilishi, ommaviy bayram tadbirlari to‘xtatilgani, to‘y va marosimlar 50 kishidan ortiq holatda ruxsat berilmasligi haqida fikr bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, karantin bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlarning zaif tomoni shundaki, bu amalda katta natija bermay, aksincha, aholining hukumat va huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan noroziligini oshirishi mumkin.

«Chunki birinchidan, bunga amalda rioya etilishini to‘liq nazorat qilish mexanizmi yo‘q. Sababi amalda biz «zo‘r"lar to‘y va ma’raka o‘tkazishda odam soni cheklanishiga rioya qilmaganligiga ko‘p guvoh bo‘ldik. Cheklovlar ko‘pincha «orqasi»da hech kimi yo‘q, oddiy fuqarolar uchun ishlatildi», — deydi Rasul Kusherbayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu joylarda karantin koidalarini cheklab o‘tib ishlash istagida bo‘lganlar va nazoratchilar o‘rtasida korrupsion holatlarni oshirishi mumkin. Chunki soliq, kredit va boshqa majburiy to‘lovlar cho‘zilsa ham, biroq to‘liq bekor qilinmadi.

«Uchinchidan, karantin qoidalari bekor qilinmagan bir vaqtda joylarda minglab odamlarni to‘plab o‘tkazilgan konsert tomoshalari misolida karantin qoidalariga rioya etishda ikkiyuzlamachilik ishining yuksak cho‘qqisi ko‘rindi: senga mumkinmas, bizga mumkin», — deya kinoya qildi deputat.

Rasul Kusherbayevning fikricha, cheklov haqida gap ketganda, odam soniga qaramay yo to‘liq cheklash yoki to‘liq ruxsat berish lozim, shu jumladan to‘y va oilaviy tadbirlarga ham. «Bo‘lmasa, bu cheklovlar ham „kimdir to‘y o‘tkazib olishi uchun“, degan fikr paydo qiladi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

«Keyin kasallikka qarshi ommaviy emlashni ham ixtiyoriylikdan majburiylikka o‘tkazish kerak, vassalom. Shunda kutilgan natijaga tezroq erishiladi», — deb yozadi deputat o‘zining Telegram-kanalida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ommaviy tadbirlar, konsert, festival, teatr va kino dasturlari vaqtincha to‘xtatildi.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 1 avgustdan boshlab to‘y va marosimlarni 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda tashkil etishga ruxsat berildi.

Avvalroq, Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov aholini COVID-19ga qarshi majburiy emlash g‘oyasini to‘g‘ri deb hisoblashi haqida xabar berilgan edi.