Avvalroq, prezident yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunni imzolagani haqida yozgan edik.

Amaldagi qonunchilik hujjatlarida «ibodat libosi» tushunchasining huquqiy ta’rifi mavjud emasligi sababli jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq qonundan chiqarib tashlandi.

Shu bilan birga, amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Bunga qadar amaldagi qonunning 14-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmas edi.

Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar ortidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−1-moddasi (Fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishi) ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Ilgari ushbu normaga muvofiq, fuqarolar BHMning 5 baravari miqdori jarimaga tortilishi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishi mumkin edi.

2018 yilning aprel oyida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov ibodat libosi masalasida fikr bildirib, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish lozimligini aytgan edi.

«Islomda bunday tushuncha yo‘q, kishining avrati yopiq bo‘lishi so‘raladi. Qanday kiyimda bo‘lsa ham, ibodat uchun [mos va pokiza] bo‘lishi so‘raladi. Shuning uchun bu terminlarni (ibodat libosi — tahr.) qayta ko‘rib chiqish kerak. U ibodat libosi degan terminni muomaladan chiqarib tashlash lozim», — degan edi u.